O’tkan kunlar (roman).
Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com
kutubxonasi
117
Biroq Otabekning ko‘pisincha mehmonxonada yotib qolishi uni bu to‘g‘rida shubhaga
tushurib qo‘yg‘an va bunda qanday hikmat borlig‘ini bevosita bilib olish uchun birarta
romchi domlag‘a bo-rish fikriga tushkan edi. Yusufbek hojining bo‘lsa bunday mayda
ishlarni tekshirib yurish uchun fursati ham yo‘q, uning Normuhammad
qushbegi yonidan
bo‘shag‘an vaqti ponsad va beklarnikida kengash va ziyofatlar bilan tugalar edi. Uning
diqqatini jalb etkan narsa bo‘lsa, ul ham Otabekning tadbirsiz siyosat va ahmoq
boshliqlar mavzu’idan olib qilaturg‘an shikoyat va hasratini keyingi kunlarda jim-jit bo‘lib
ketkanligi edi. Bu kunlarda Otabekka eng yaqin turg‘an kishi Hasanali ota edi. Chunki
Otabek bu keyingi kunlarini mehmonxonada o‘tkazganlikdan
Hasanaliga ham uning
yonig‘a kirishka va bir muncha so‘zlashib o‘lturishka to‘g‘ri kela boshlag‘an edi. Shuning
uchun Otabekning qayg‘ulik hollari, uyqusiz mutolaada o‘tkan tunlari va umuman undagi
o‘zgarishlar bu to‘g‘rida Hasanalini o‘ylatsa-da, sababini so‘rashg‘a botirlig‘i yetmas va
so‘rashni ham foydasiz deb bilar edi. Chunki ul Otabekdagi
bu hollarning sirrini
bilgandek, muhabbati orasig‘a cho‘b bo‘lib tushkan keyingi uylanishi alamidan deb qaror
qo‘yg‘an edi.
Otabekning orzuliq kelin oldig‘a kirmasligi vajhidan O‘zbek oyim achchig‘landi, nihoyat
achchig‘ig‘a chiday olmag‘an bir kuni mehmonxonada Otabek yotar o‘rnini yozib turg‘an
choqda kirib keldi va yozilg‘an o‘rinni buzib yig‘ib tashladi va:
— Mehmonxonada yotaberib nima qilasan, ichkariga kirib yot! — deb jekirdi.
Lekin
o‘g‘li endi ilgarigi Otabek emas edi, onasining jekirug‘ig‘a quloq solmadi-da, qaytadan
o‘rinni yozib boshladi. O‘zbek oyimning g‘azabi tag‘in ham alanga oldi:
— So‘zimni eshitasanmi, kar?!
Otabek sovuqqina qilib javob berdi:
—
Kar emasman, lekin sizning bu taklifingiz oldida ham kar, ham ko‘rman. Bu
to‘g‘rida siz endi ortiqcha bosh og‘ritmang!
— Insofsiz, adolatsiz!
Otabek zaharxanda bilan so‘radi:
— Men boshda sizga nima degan edim?
— Nima degan eding?
— Keliningiz mendan yaxshiliq ko‘rmas, demaganmi edim? Siz bilan otam bunga
ko‘nmaganmi edingiz, siz buni inkor qilasizmi?
— Ota-onamdan va’da olg‘anman, deb shunday xo-ting‘a jabr qilib yura berasanmi?
— Keliningizga jabrni xohlamasangiz va o‘zingiz aytkan insofka qaytsangiz,
eng oson
bir yo‘l bor, — dedi va onasidan ma’lum «nima?» deb bilaturgan savolni kutib to‘xtadi.
Ammo O‘zbek oyim so‘roq o‘rniga labini tishlab boshini ikki yelkasiga tebratdi. — Siz
so‘rashni tilamasan-giz-da, men aytay: keliningizga jabrni xohlamasangiz mendan taloq
qildiringiz va bir bechoraga bu yo‘sun azob berib yurmangiz! — dedi va bir oz to‘xtab
davom etdi. — Siz bilgan insofni men ham bilaman. Bir bechorani faqat sizning kayfingiz
uchun
azob emas, chekkan xo‘rlig‘ini o‘ylab har kuni bir qat etdan tushaman... Agar o‘z
kayfingizdan kechsangiz, yaxshi bilingizkim, bir emas ikki jonni azobdan qutqarg‘an
bo‘lasiz, onajon! — dedi.
O‘zbek oyim o‘g‘lining bunchalik qat’iy ketishini kutmagan edi va bu yo‘sun qattig‘
muomalani-da Otabekdan birinchi martaba ko‘rar edi. So‘z qaytarishg‘a o‘rin
topolmadimi va yo janjalning ulg‘ayishidan qo‘rqdimi, haytovur uzoqqina istehzolanib
qarab turg‘ach, «esingni yebsan, bolam», dedi-da, mehmon-xonadan chiqdi.
Otabek yolg‘iz mehmonxonada yotib kun kechirish bilangina qolmadi.
Kechalari
allaqayoqlarg‘a ketib, yo‘qolaturg‘an odatlar ham chiqardi va bir-ikki qayta ortiqcha
mast bo‘lg‘an holda qaytib, Hasanalini tamom hayratda qoldirdi. Ul Otabekka nasihat
qilishni ham bilmas va bu sirni biravga aytish uchun ham hayron edi.