www.ziyouz.com
kutubxonasi
115
borishimdag‘i sezgularimni sizga bu til bilan tushuntirolmayman. Men borliq yo‘qliq
eshikdan kirganimda, Saodat kir yoyar edi. Meni ko‘rgach, qizarinib ketdi va yoyilg‘an kir
ortig‘a yashirinar ekan, shahlo ko‘zlaridagi sezilar-sezilmas tabassumning farqig‘a
bordim.
Kampir bilan uyalishibkina to‘y to‘g‘rilarini so‘z-lashdik. Kampir ortiqcha takalluflar
qilishg‘a yo‘l qo‘ymasa ham, ammo o‘zim Saodatning ko‘ngli o‘ksimasin uchun to‘yni
katta qilishg‘a tarafdor edim. Kampir bilan to‘y va nikoh kunlarini muqim qilg‘ach, men
ketishka turdim. Saodat kir yonida menga bir ko‘ringandan so‘ng, qaytib ko‘rinmagan
edi. A, men bo‘lsam yana uni bir ko‘rmakchi va o‘ziga bir-ikki og‘iz so‘z aytmakchi edim.
O‘choqboshida qozon yuvar ekan, to‘g‘ri oldig‘a yurib bordim. Ul meni sezmadimi yoki
sezsa ham bilmaganga solindimi, haytovur orqasi o‘gurug‘liq engashkan holda ishka
mashg‘ul edi. Bir o‘rim bo‘lib tushkan uzun qo‘ng‘ur sochi uning harakati bilan qo‘ltug‘i
ostida o‘ynoqlar edi. Anchagina orqasidan tamosho qilib turg‘ach:
— Saodat, — dedim. Qaradi. O‘choqda yong‘an olov issig‘idanmi yoki uyatidanmi
uning yuzi qip-qizil olma edi. Qo‘lidagi sochig‘i bilan oldimg‘a yaqin kelib to‘xtadi. —
Eshitdingmi, — dedim. Yerga qaradi. Uni ortiqcha uyaltirmas uchun eshikka qarab yuriy
boshladim-da: — Maylimi? — deb so‘radim. Javob o‘rniga:
— Osh yemay ketasizmi? — dedi. Bu uning ikkinchi turlik qilib aytilgan «mayli» javobi
edi. Bir bugina emas, qirq yillik qadrdon xotin tomonidan eriga qilinaturg‘an
mehribonchiliqning eng lazzatlisi edi. Chiqar ekanman, «Osh yemay ketasizmi?»
so‘zining kayfiga tamom mas bo‘lg‘an edim.
Usta Alim shu so‘ngg‘i so‘zlarini aytib bitirar ekan, Otabekning qoshlari chimirilib,
go‘yo o‘zining ham shu yo‘sun xotiralarining abadiy qaytib kelmaslik — yo‘qliqg‘a
chiqqanlig‘ini yana bir karra onglar edi. Usta Alim davom etdi:
— O‘n kun orasida hozirlikni bitirib to‘y qildiq. Nihoyat, Saodat meniki bo‘lib, saodatlik
kunlarim boshlandi. Saodatka bo‘lg‘an muhabbatim bir daraja sizga ma’lum
bo‘lg‘anliqdan u kunlardagi mas’udiyatimni ham shu o‘lchavg‘a solib bila olasiz.
Rafiqam Saodat chin sa’ida edi. Bu yil o‘zimga kutmagan darajada bir kuch va
istiqomat ortdirib, to‘y bilan tugalgan boylig‘imni qaytarg‘an edim. Turishka Saodatlar
uyi ortiq torliq qila boshlag‘anliqdan shu havlini (Jannat opa havlisig‘a ishora qilib)
hozirg‘i qo‘shnimizdan sotib olishg‘a muvaffaq ham bo‘ldim. Qayin onam, qaynim va eru
xotin shu havlig‘a ko‘chib kelib tura boshladiq. Kundan-kunga Saodatka bo‘lg‘an
muhabbatim oshqandek kasbim ham unumlik bo‘la boshlag‘an, uylanishim-ning ikkinchi
yili haligi qo‘shnimizdan o‘zingiz ko‘rgan boqchani ham sotib olg‘an edim.
Uylanishimning uchunchi yili Saodat yuklik bo‘ldi. Eru xotin birimiz ota va birimiz ona
bo‘lmog‘imizni o‘ylab quvonar edik. Kechalari yotib uyqumiz kelmas edi. Nihoyat,
Saodatning oy-kuni yaqinlashdi... — Usta Alim uzoq tin olishdan so‘ng davom etdi: — ...
yaqinlashdi... lekin abadiy baxtsizlik kunlarim, manhus soatlarim ham yaqinlashdi... —
dedi va so‘zdan to‘xtadi.
— Davom qilingiz, — dedi Otabek, usta Alim bir uflab olg‘ach:
— Saodat boladan qiynalib uch kungacha azoblandida, to‘rtinchi kuni o‘ldi, — dedi.
Otabekning kayfi tarqag‘andek bo‘lib, ko‘zlarini zo‘raytirib ochdi va o‘zini yostiqdan
olib o‘lturg‘ach, so‘radi:
— O‘ldi?!
Usta Alim ko‘z yoshisini artib:
— O‘ldi, — dedi va davom etdi: — dunyog‘a kelib ko‘rgan birdan-bir quvonchimdan
ayrilg‘an edim. Hayotning hamma umrimga kifoya qilarliq mudhish zarbasini shodliq
ichida qarshilag‘an edim. Oylar bo‘yincha ko‘z yoshimni yomg‘ur kabi to‘kdim. Chunki
menga bundan boshqa bir ovinchoq qolmag‘an edi. Ko‘z yoshlarimning tiyilmag‘anini
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |