www.ziyouz.com
kutubxonasi
109
hazmini ham tasavvur qilmag‘an uning me’dasi ketma-ket tushib turg‘an luqmalarni
e’tirozsiz qabul qilmoqda edi. Bunday ishtihoni, ehtimolki, ul o‘z umrida birinchi martaba
ko‘rgandir. Tomoq orasida uy egasining bergan savollariga yaxshi javob berganidek, o‘zi
ham ba’zi so‘zlarni to‘qib yubormoqda, boyag‘i oz so‘zliliklar o‘rnini ezmalik bo‘lmasa
ham mo‘’tadil bir hol olg‘an edi.
Oshdan so‘ng lagan va dasturxonni yig‘ishtirib olg‘uchi uy egasiga sarxush va
qizarg‘an ko‘zlari bilan uzoq qarab qo‘ydi. Bu qarash unga minnatdorliq va tashakkur
qarashi edi. Uy egasi Otabekning yonig‘a ikkita yostiq olib qo‘ydi va bittani o‘z
yonboshig‘a ham oldi.
— Yonboshlangiz bek, — dedi, boshlab o‘zi yonboshladi. Otabek ham unga ergashdi.
Ikkisining orasidag‘i sham’ yel bilan o‘ynashibg‘ina nur separ, ikkisi ham so‘z
qo‘yishqandek sham’ga ko‘z tikib qanday o‘yg‘adir berilgandek ko‘rinar edilar. Bir necha
vaqtdan so‘ng uy egasi ko‘zini sham’dan oldi va yer ostidan Otabekni kuzatkach, so‘radi:
— Uylanganmisiz, bek?
Otabekning kayfi kuchlikmi edi yoki so‘zni onglamay qoldimi, haytovur shu onda
javob berolmadi.
— Uylanganman.
So‘rag‘uchi bir oz to‘xtab olg‘ach, yana so‘radi:
— Xotiningizga muhabbatingiz bormi?
Otabek bu savol qarshisida garangsib qolg‘andek bo‘ldi, voqi’an orag‘a og‘ir savol
tushkan edi, bilintirmaslik qilib uflab oldi.
— Muhabbatim yo‘q.
— Yaxshi ekan, — dedi uy egasi. Otabek uning bu so‘ziga tushuna olmay, «nega?»
degandek qarab turar edi.
— So‘zimga ajablandingiz shekillik?
— Yo‘q, — dedi Otabek, lekin uning taajjubi uy egasiga ochiq ko‘rinib turar edi.
— Balki muhabbat baxtlik kishilar uchun yaxshidir, lekin o‘z tajribamcha, baxtsiz kishi
uchun badbaxtlikdir. Masalan, siz agar chindan ham xotiningizg‘a muhabbatsiz
bo‘lsangiz, o‘zingiz ham iqror qila olasiz: uyga kirsangiz xotiningiz bordek, ko‘chaga
chiqsangiz yo‘qdek, bas, sizga xotinning og‘irlik va yengilligi birdak. Shundoq emasmi?
— Shundoq, — dedi Otabek, ammo muhabbat to‘g‘risida so‘zlangan bu so‘zlar uning
kayflik ko‘zini ocha yozdilar.
Uy egasi davom qildi:
— Men bu so‘zlarni o‘z holimdan chog‘lab aytaman, ehtimolki men yanglisharman, —
dedi va uzoq tin olg‘ach, so‘radi: — Siz uylanganda o‘zingiz yoqtirib uylandingizmi yoki
oradag‘ilarning yoqtirishlari bilanmi?
Otabek so‘rag‘uchining qanday muddaosi borlig‘ig‘a tushunmay qoldi.
— Onamning yoqtirishi bilan.
— Barakalla, — dedi uy egasi va, — manimcha, hamma balo o‘zing ko‘rib, suyib
uylanishda, — dedi va eshitkuchisi kutmagan joyda sukutka ketdi. Otabek bir ko‘ynakni
o‘zidan burun yirtkan kishi to‘g‘risida go‘yo o‘z sarguzashtining eski tarixini mulohaza
qila bosh-lag‘an, qarshisida o‘lturg‘uchini-da, qayin ota eshigidan quvlang‘an kishi deb
bilgan edi. Qayin otang sani ham quvladimi, deb aytmasa ham shunga yaqin bo‘lg‘an
«suygan xotiningiz sizni tashlab ketdimi?» degan savolni berdi. Uy egasi boshini
chayqadi:
— Tashlab ketishka — ketdi, lekin o‘z ixtiyoricha emas, — dedi. Otabek bu so‘zdan
so‘ng buning ham qayin otasi yoki qayin onasi tomonidan zulm ko‘rganiga ishong‘an edi.
— Yomon odamning yuzi qursin, — deb qo‘ydi, bu so‘z uy egasiga tushunarlik
bo‘lmadi shekillik, Otabekka savol nazari bilan qarab oldi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |