www.ziyouz.com
kutubxonasi
108
qoningiz oz, qimiz iching, xo‘rak oldidan maviz isti’mol qiling, deb kengash berdilar.
Ularning kengashi bo‘yun-cha uch-to‘rt kun qimiz va maviz iste’mol qilib boqqan edim,
voqi’an bir muncha foydasi ham ma’lum bo‘ldi. Sizga buni so‘zlab shuni
aytmakchimanki, osh oldidan bir-ikki piyola maviz ichib yuborsam, albatta bunga siz-
ning qarshilig‘ingiz bo‘lmas-a? — dedi va kuldi.
— Qanday qarshilig‘im bo‘lsin, siz ma’zursiz.
Uy egasi iljaygan holda hujraga kirib, o‘zining ta’biricha may emas, bir ko‘vacha
mavizni olib chiqdi, toqchadan piyola olg‘ach, kelib Otabekning yonig‘a o‘lturdi. Mavizni
piyolaga chulduratib quyar ekan, mehmonga yer ostidan mo‘ralab kulimsirab qo‘ydi.
— Sizning ham ichkaningiz bormi?
— Yo‘q.
To‘g‘risi ham Otabek ichkulukdan qattig‘ hazar qilar va bu kungacha mayni o‘ziga
dushman kabi ko‘rib kelar edi. Uy egasi quygan piyolasini simirib yuborg‘ach,
sezdirmaslik qilib seskanib qo‘ydi va:
— Aniq ichmaganmisiz? — deb yana so‘rag‘an edi, Otabek boshni chayqash bilan
kifoyalandi.
— Qattig‘ uzr bo‘lmag‘anda ichmagan ham ma’-qul,— dedi va ikkinchi piyolani
to‘ldirar ekan, davom qildi,— lekin bu narsa bir tomondan kishining salomatligiga foyda
bersa, ikkinchi jihatdan tiriklikning qayg‘u va alamlarini-da unutdirib turar ekan.
Boshimg‘a o‘lguncha unuta olmasliq qayg‘u-hasratlar tushdi, Shokirbek. Ayniqsa keyingi
yillarda o‘zimga hech bir qayerdan ovinchoq topolmay, nihoyat shu achchig‘ suv bilan
ovinaturg‘an xolg‘a kelib qoldim, — dedi va uzoq tin olib to‘lg‘izg‘an piyolasini oldig‘a
qo‘ydi. Ikkisi ham bir necha vaqt sukutda qoldilar. Ul ikkinchi piyolani ichkach, Otabekni
diqqat bilan kuzatib chiqdi.
— Agar yanglishmasam, siz ham bir oz qayg‘uliroq ko‘rinasiz mehmon, bir piyolani
ichib yubormaysizmi?
— Rahmat, mulla aka, — dedi Otabek, ammo o‘zida ta’rifi so‘zlanib o‘tilgan narsaga
bir ehtiyoj seza boshlag‘an va o‘zini ham ma’zurlar qatorig‘a qo‘yayozgan edi. Uning bu
holini uy egasi sezdimi yoki sinab ko‘rmakchi bo‘ldimi, haytovur, uchunchi piyolani
to‘ldirib Otabekka uzatdi:
— Qo‘limni qaytarmang, mehmon. Ikkimiz ham ma’zur ko‘rinamiz.
Otabek uzrini aytib, piyolani olmay turg‘an edi, ul ham piyolani uzatqancha kulib
turaberdi.
— Man mavizni tamom shar’iy qilib tayyorlayman, tunov kun mahallamizning oxunlari
ham halollig‘iga fatvo berib ketdilar.
Otabek piyolani olishg‘a majbur bo‘ldi. Uy egasining aytkanidek maviz juda ham tiniq,
yaxshi chiqg‘an ko‘kchoy kabi musaffo edi. Piyolaga uzoq qarab turmay ichib ham
yubordi. Och qoring‘a tushkan o‘tkir may vijj etdirib me’dani qaynatdi-da, tomoq ostini
lovullatmoq-qa oldi. Otabekka birinchi piyolani ichirg‘andan so‘ng, uy egasi oshni
suzishka ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |