Shatelen/shatlen (frans. lager, qal’a, qasr, kastelyan) – oʻrta asr ayrim davlatlarida qal’a yoki shunga oʻxshash inshootlar va unga tutash hududlarni nazorat qilish, qoʻriqlashga mas’ul komendant turi. Fransiya va Flandriyada Sh. tituli sohiblari qoʻlida barcha fuqarolik va harbiy hokimiyat toʻplangan, keyinchalik oliy hokimiyat tomonidan ushbu vakolatlar cheklangan. Vaqtlar oʻtishi bilan graf, gersog singari unvon (titul)ga aylangan. Mas. Shampandagi Retel grafligini boshqargan Retel xonadoni vakillari orasida Vitri Sh.i sifatida nomlanganlari bor.
Shaxmat taxtasi palatasi – oʻrta asrlarda Angliyada oliy moliya organining nomlanishi. Dastlab qirollik kuriyasining bir qismi boʻlgan. Pul sanashga qulay boʻlishi uchun Vestminsterdagi mazkur palata joylashgan zaldagi stolning usti shaxmatsimon koʻrinishdagi movut toʻshalganligi uning nomiga asos boʻlib xizmat qilgan. XIII asrda gʻaznachi tomonidan boshqariladigan mustaqil mahkamaga aylangan. Gʻaznachilik (qirollik xazinasiga kelib tushayotgan pullar va hisobot hujjatlari saqlanadigan joy), hisob palatasi a’zolari tojning mansabdor shaxslarining pul hisobotlarini nazorat qilgan. Ular shuningdek, taxtning moddiy manfaatlari talab qilgudek boʻlsa sud taftishini amalga oshirgan.
Shedevr (frans. chef-d’deuvre – asosiy yumush) – oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropadagi bir necha shaharlarda sex an’anasiga koʻra, usta yordamchisining oʻz professonal mahoratini koʻrsatish va ustalikka oʻtishi uchun yasashi kerak boʻlgan hunarmandchilik buyumi namunasi.
Shelanda – katta ikki palubali harbiy kema, 150 kishigacha odam ketgan.
Sherif – oʻrta asrlar Angliyasida qirollik amaldori. Lavozim X asrda paydo boʻlgan. Dastlab Sh. qirollik xazinasi uchun pul yigʻish bilan shugʻullangan. Keyinroq graflikda uning vakolati kengaygan. XI asrdan boshlab Sh.larga siyosiy hokimiyat ham berilgan va graflikni moliyaviy, huquqiy, harbiy va ma’muriy–politsiya jihatidan boshqarish topshirilgan. Sh.lar doimo eldermendan keyingi oʻrinda turgan. Siyosiy jihatdan markazlashuv natijasida Sh. oʻzining ahamiyatini yoʻqotgan.
Shevaj (frans. bob) – oʻrta asrlar Fransiyasida servlar tomonidan toʻlangan yillik jon soligʻi. Senorga shaxsiy qaramlikning ramzi sifatida qaralgan. XIII-XIV asrlarda qaram dehqonlarning ozodlikka chiqishi bilan deyarli yoʻq boʻlib ketgan. Fransuz inqilobi (1789-1793) natijasida toʻliq bekor qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |