~ Gʻ ~
Gʻov tutish – oʻrta asrlarda feodallarning dehqonlar yerlarini zoʻrlik bilan tortib olishi va dehqonlar oʻz yerlaridan ommaviy ravishda siqib chiqarilishlari natijasida egallangan yerlarni turli xil toʻsiqlar (gʻovlar) bilan oʻrab olish. U ayniqsa XV asr oxiri – XVI asr boshlarida Angliyada yaqqol namoyon boʻldi. Bu davrga kelib qoʻychilik dehqonchilikka qaraganda foydaliroq sohaga aylandi, junga boʻlgan talabning oshib ketishi qoʻylarni koʻpaytirishga boʻlgan ehtiyojni keltirib chiqardi, bu esa oʻz navbatida yaylovlarni kengaytirishni talab qilardi. Aslida Angliyada Gʻ.T. jarayoni ancha oldinroq boshlangan edi. Yerdan mahrum boʻlgan dehqonlar yo arzon haqqa mehnat qiluvchi yollanma ishchilarga yoki boʻlmasa daydilarga aylandi.
~ Sh ~
Shahar kommunalari – shaharlarning senorlarga qarshi kurashi davrida muzokaralar olib borish uchun tashkil qilingan muzokarachilar guruhi. Boshqa ma’nosi mustaqillikka erishgan shaharlarning oʻz-oʻzini boshqarish tartibi. Kommuna a’zolari saylab qoʻyilib, ular sud, moliya va boshqa vazifalarni bajarganlar.
Shahar maktablari – cherkovga qarashli boʻlmagan dunyoviy maktablar. Ular asosan, keyingi oʻrta asrlar davrida vujudga kelgan. Dastlab XII asrdan boshlab paydo boʻla boshlagan. Keyinroq ularni gildiya, sex, munisipial, xususiy maktablarga boʻlishgan. Bunday maktablarning oʻquvchilari-shkolyarlar, vagantlar yoki goliardlar deb nomlangan. Maktablarni hunarmandchilik sexlari, savdogarlar gildiyalari va imkoni boʻlgan alohida shaxslar ochishi mumkin edi. Maktablar, asosan, oʻquvchilarning ota-onalari mablagʻlari hisobiga ta’minlangan. Koʻplab oʻquvchilar oʻzlarini ta’minlagan va alohida yashaganlar.
Shaharlar ittifoqi – Gʻarbiy Yevropada shaharlarning oʻz-oʻzini boshqarish huquqining keng tarqalishi davrida oʻzlarining siyosiy jihatdan mavjud boʻlib turishi, faoliyat olib borishi va toʻla erkin boʻlishi uchun tashkil qilingan ittifoqlari. Mazkur jarayon shaharlarning feodallarga qarshi kurashi va shaharlarning kengayishi jarayoni bilan birga borgan. Aksar hollarda shaharlar oʻzlarining iqtisodiy, siyosiy va savdo huquqlarini himoya qilish uchun birlashgan. Ular orasida Germaniyada tashkil qilingan Reyn shaharlari ittifoqi (1381), Shvabiya shaharlari ittifoqi (1376) va Ganza, Italiya shaharlarini birlashtirgan Lombardiya ligasi, Ispaniyada tashkil qilingan ermandadalarni misol sifatida koʻrsatish mumkin.
Shampar – feodal Fransiyasida hosilning ulushi koʻrnishidagi soliq (1/20 dan ¼ gacha boʻlgan). Boshoqli ekinlar, uzum, zigʻir va shu kabilardan olingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |