Mosarablar (isp.) – musulmonlar Ispaniyasidagi arab tili va hayot tarzini qabul qilgan xristian aholisi. Keng ma’noda 711-1492-yillar oraligʻida Pireney yarim orolining musulmonlar tasarrufida boʻlgan hududlarida istiqomat qilgan xristianlarning umumiy nomi. Musulmon hukmdorlar tomonidan ularga diniy e’tiqod erkinligi berilgan.
Mozaika (lot. musivum – muzalarga oid) – turli xil rangli shishalar, rangli toshlar, yogʻoch, metall va emaldan alohida qilib, tartib bilan taxlab chiqilgan tasvir yoki naqsh. M.larni yasashning ikki xil turi boʻlib, birinchisi mayda shisha kubiklaridan yasash va Qadimgi Rim texnikasi boʻyicha rangli toshlardan yasash. Yana bir holatda turli xil rangli yupqa marmar plastinkalari va yashmadan tayyorlangan.
Mudexarlar (arab. mudajan – qoʻlda yasalgan, uy sharoitida tayyorlangan) – Pireney yarim orolida rekonkista harakatidan keyin qolgan musulmon aholisi. Dastlab ular oʻz yerlarini saqlab qolishgan va islom diniga e’tiqod qilishlari, oʻz an’analariga amal qilishlari mumkin boʻlgan. 1492-yilda Granada amirligining qulashidan keyin majburiy ravishda xristianlikka oʻtkazila boshlagan. Shu davrdan boshlab, ular morisklar deb nomlangan.
“Muqaddas Rim Imperiyasi” (lot. Sacrum Imperium Romanum Nationis Germanicae, nem. Heiliges Römisches Reich Deutscher Nation. German millatining M.R.I.) – Gʻarbiy Yevropaning katta qismini oʻz ichiga olgan, tarkibiga Germaniya, Italiya, Chexiya, Niderlandiya va ularga yaqin hududlar va xalqlar kirgan davlatusti ittifoq shaklidagi oʻziga xos davlat. 962-yilda Germaniya qiroli Otton I tomonidan tashkil etilgan va Rim imperiyasiga qiyos qilingan. U “rimliklar va franklar imperatori” unvoni bilan atalgan. Otton II (973-983) “Rim imperatori” unvonini olgan. “Rim imperiyasi” degan tushuncha tarixiy manbalarda ilk bora 1034-yilda tilga olingan. 1157-yilda Fridrix I Barbarossa oʻzining siyosiy yozishmalarida imperiya nomini “M.R.I.” sifatida qoʻllay boshlagan. “M.R.I.” lotincha nomlanishda birinchi marta 1254-yilda, uning nemischa muqobili Karl IV (1346-1378) davrida paydo boʻlgan. “German millati” degan tushunchaning qoʻshilishi XV asr oʻrtalariga – nogerman yerlarining katta qismi boy berilib, imperiya milliy nemis davlatchilik birlashmasi sifatida koʻrinish olgan paytiga borib taqaladi. “M.R.I.” 1806-yilga qadar mavjud boʻlgan.
Muladlar (isp.) – musulmonlar Ispaniyasidagi islomni qabul qilgan xristianlar. Ular aholining kattagina qismini tashkil qilishgan. E’tiqodlarini oʻzgartirishnining asosiy sababi xristian va yahudiylardan olinadigan soliqlardan qutilish boʻlgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |