Oltin moʻyna ordeni – 1430-yilda Bryuggeda (Flandriya) Burgundiya gersogi Filipp III tomonidan Izabella Portugalskaya bilan nikohi munosabati bilan tashkil qilingan. Nizomga koʻra, orden tarkibida grossmeyster bilan birga 23 nafar a’zo boʻlgan.
Ommaj (lot.homo – kishi, odam) – vassallar va senorlar oʻrtasida VII-VIII asrlarda shakllangan vassallik shartnomasini rasmiylashtirish marosimi. O. qasamyodini ichar ekan, ritsar oʻz senoridan homiylik (kommendatsiya) ostiga kirishni soʻragan va u oʻzini uning “odami” deb atagan. Atama shundan kelib chiqqan. Koʻpincha rasmiy marosim koʻrinishida bajarilgan, unda ichiladigan qasamyod “fua” deb atalgan. O. va fua senor va vassal oʻrtasida shaxsiy aloqalarni oʻrnatib bergan. XI asr boshlarida Ispaniyada O. instituti haqida ma’lumotlar bor. XI asr 1-yarmida Janubiy Fransiyada tarqalgan; Germaniyada boʻlsa 1077-yilda paydo boʻlgan.
On – uzunlik oʻlchovi birligi. Ruanda – 1,164 metrga, Parijda – 1,187 metrni tashkil qilgan.
Oq va Qizil atirgullar urushi (1455-1485-yy) – qirollik sulolasi boʻlgan plantagenetlarning ikki yon shajara urugʻ-qarindoshlari – lankasterlar (gerbida qizil atirgul tasviri tushirilgan) va yorklar (gerbida oq atirgul tasviri tushirilgan) oʻrtasidagi ingliz taxti uchun kurash shu nom bilan tarixga kirgan. Lankasterlar (hukmron sulola) va yorklar (boy aristokrat feodal urugʻ) oʻrtasidagi qarama-qarshilik 1451-yilda boshlandi. Lankasterlarni shimoli-gʻarbiy hududlardagi qoʻychilik bilan shugʻullanuvchi xoʻjaliklar, shuningdek janubi-sharqning savdo markazlari boʻlgan York, Uels va Irlandiya, shaharlarning oʻrta tabaqasi va qishloqlar qoʻllab-quvvatladilar. Qirol Genrix VI Lankaster qoʻshinlari bilan muxolifatdagi baronlar guruhining gersog Richard Yorkskiy qoʻshinlari oʻrtasidagi birinchi toʻqnashuv 1455-yilda Sent-Olbans shaharchasida roʻy berib, unda Richardning qoʻli baland keldi. Qirol mazkur jangda yarador boʻldi va tez orada aqldan ozdi. 1456-yilda ikki tomon oʻrtasida yarashuv sulhi imzolanadi. Lekin 1459-yil sentabrida oʻziga kelgan Genrix va uning rafiqasi, qirolicha Margarita yorklarga qarshi urush boshladi. Blor Xit yonidagi jangda yana yorklar gʻalaba qozondi. 1460-yil iyulda graf Uorvik boshchiligidagi yorklar armiyasi Nortgemptonda Margarita qoʻshinlarni magʻlubiyatga uchratdi, qirol Genrix asirga tushib qoldi. Bunga javoban Margarita oʻziga sadoqatli shimoliy lordlarni toʻplab, 1460-yil oxirida Ueykfilda Richard qoʻshinlariga zarba berdi. Bu safar yorklar qoʻshini magʻlubiyatga uchraydi, Richard va uning oʻgʻli Richard (Ratlend grafi) va boshqa graflar halok boʻlishdi. Oʻlgan Richardning boshi olinib, shahar davrvozasiga osib qoʻyildi va boshiga tillarang qogʻozdan toj kiydirib qoʻyildi. Richard oʻlimidan keyin Oq atirgul tarafdorlariga uning boshqa oʻgʻli – Eduard boshchilik qildi. 1461-yilda London ahli undan ingliz tojini kiyishni soʻraydi va 4-mart kuni u tojni kiydi. Lekin toj kiyish tantanalari lankasterlarni magʻlub etishgacha qoldirildi. Bu jang 1461-yil 28-iyunda Vestminsterda sodir boʻldi. Natijada Angliya taxtiga yorklar sulolasidan boʻlgan birinchi qirol Eduard IV nomi bilan oʻtirdi. Lekin hali lankasterlar toʻla magʻlubiyatga uchramagan edi. Uning ustiga, Eduard va Uorvik oʻrtasidagi koʻp yillik doʻstlik buzildi. 1467-yilda Uorvik Eduardga qarshi isyon koʻtaradi. 1464-yilda Fransiyaga qochib ketgan Margarita bilan Eduardga qarshi kelishuvga erishdi. 1470-yil sentabrida Uorvik Fransiya qiroli Lyudovik XIning yordami bilan Angliyani 11 kun davomida qamal qildi. Tauerdan asirdagi Genrix VI ni ozod qilib, uning taxtini tiklab berdi. Eduard VI boʻlsa hokimiyatni zoʻrlik yoʻli bilan egallab olgan deb e’lon qilindi, natijada u Fransiyaga qochib ketadi. 1470-yil dekabrda Lyudovik XI Burgundiyaga qarshi urush e’lon qildi. Bunga javoban burgundlar Eduard IV qoʻllab chiqdilar: u kemalar bilan birga nemis yollanma askarlarini va 50 ming oltin krona oldi va 1471-yil martda Angliyaga yurish boshladi. 1471-yil 14-aprelda Barnet shahridagi jangda Uorvik boshchiligidagi lankasterlar qoʻshini magʻlubiyatga uchradi. Hal qiluvchi janggacha asirga olingan Genrix VI Tauerda oʻldi (yoki oʻldirildi). Eduard IV hukmronligining ikkinchi davri birmuncha algʻovsiz oʻtdi. Uning oʻng qoʻli, ukasi – gersog Richard Gloster edi. Eduard vafotidan soʻng Richard taxtni egallab oladi va akasining yosh farzandlari – Eduard va Richardni Tauer qasriga mahkum qildi, ular tez orada oʻldirildi. 1483-yil 6-iyulda u Richard III nomi bilan ingliz tojini kiydi. Uning hukmronligi uzoq davom etmadi. 1485-yil 22-avgust kuni Bosvort yonidagi jangda lankasterlarga qarindosh boʻlgan Genrix Tyudor Richard qoʻshinlarini magʻlub etdi, uning oʻzi oʻldirildi. Shu tariqa 30 yil davom etgan “O. va Q.A.” urushi tugadi. Bu urushda Angliya aholisining chorak qismi halok boʻldi. Angliyani zabt etgandan buyon eng ta’sirli xonadon boʻlib kelgan normannlar toʻla yoʻq qilindi. Genrix Tyudor Genrix VII nomi bilan taxtga oʻtirdi va Angliyada yangi sulola – tyudorlar hukmronligini boshlab berdi. Ikki dushman “atirgullar” Genrix tomonidan yagona – tyudorlarning Angliya gerbida birlashtirildi: Genrix yorklar xonadonining merosxoʻri boʻlgan Eduard IV ning qizi Yelezavetaga uylandi.