Nobilitet (nobilitas – sharaf, aslzodalik, mashhurlik) – oʻrta asr dvoryanlari, butun feodallar tabaqasi. Turli xil dvoryanlar qatlamini: qiroldan tortib yarim dehqonchilik bilan hayot kechiruvchi qashshoqroq feodallarni anglatish uchun ishlatilgan. N.lar yuqori va quyi qatlamlarga ajratilgan. Mas. Fransiyada oliy qatlam N.larini shatelenlar, ya’ni qasr egalari; baronlar (vikontlar, graflar va gersoglar) va boshqa feodallar (qirollarni ham qoʻshgan holda) tashkil qilgan. Quyi qatlamga “qashshoq ritsarlar” deb ataluvchi oddiy ritsarlar kirgan. Bu ritsarlarning ayrimlari kelib chiqishiga koʻra ministeriallarga borib taqalgan, ba’zan hatto feodal dvoryanlar qatoridan oʻrin egallashga ruxsat olgan ozod boʻlmagan kishilar ham boʻlgan. XII asrga kelganda N.larning quyidagi alohida jihatlari namoyon boʻlgan: taniqli ajdodlardan kelib chiqqanlik, ya’ni aslzodalik; yer-mulklarga egalik; qaram kishilar ustidan sud-senorlik huquqiga egalik; senorial-vassallik aloqalari tizimiga kirganlik; harbiy ish bilan professional mashgʻullik. Uzoq vaqtlar davomida N.lar tabaqalarining kengayishi aniq chegaralab qoʻyilmagan. Mas. Angliyada yillik daromadi 40 funtdan ortiq boʻlgan kishilar oʻz-oʻzidan dvoryanlarga aylangan. Toʻgʻri, dvoryanlar uchun ayrim cheklovlar boʻlgan: ularni ommaga qoʻyishmagan, turnirlarda ishtirok etishlarini chegaralanganlar va boshqalar. XII asrdan boshlab Gʻarbiy Yevropada dvoryanlar harbiy ishni oʻz monopoliyasiga aylantirib olishdi. Armiyaning asosini professional dvoryanlar-ritsarlar tashkil eta boshladi.
Normannlar (shimol odamlari) – VIII-XI asrlar davomida Gʻarbiy Yevropa davlatlariga qaroqchilik yurishlarini uyushtirgan skandinavlarga nisbatan qoʻllanilgan termin. Fransuz va nemislarda shu nom bilan, inglizlarda –daniyaliklar, irlandlarda – ostmanlar nomi bilan atalgan. Gʻarbga qaroqchilik uyushtirgan shved, norveg va daniyalik vikinglar (Skandinaviyaning oʻzida harbiy yoki qaroqchilarni shu nom bilan atashgan) lotin tilli manbalarda N. nomi bilan mashhur boʻlgan. Rus yilnomalarida vikinglar varyaglar deb keltiriladi.
“Normand xronikasi”– XIV asrda noma’lum muallif (taxminan normandlarga mansub ritsar) tomonidan yozilgan xronika. Unda Yuz yillik urush davrida Normandiyadagi voqealar tilga olingan boʻlib, aksariyatida muallifning oʻzi ishtirok etgan harbiy harakatlar haqida hikoya qilinadi. Jakeriya qoʻzgʻaloni va Eten Marsel boshchiligidagi Parijdagi qoʻzgʻalon tavsifiga muallif dushmanlik munosabatida yondoshgan. Xronika 1368-1372-yillar oraligʻida qadimgi fransuz tilida yozilgan.
Notabllar (lot.notabilis – mashhur, taniqli, buyuk) – Fransiyada XIV-XVIII asrlarda shaxsan qirol tomonidan nisbatan ta’sirli va taniqli boʻlgan qirollik xonadoni vakillari, saroy dvoryanlari vakillari, ruhoniylarning oliy qatlami, shahar merlari va Parij universitetining vakillari chaqiriladigan alohida kengashning a’zolari. Dastlab XIII asrdan chaqirila boshlangan. Karl V davrida alohida mavqega erishdi (chunki qirol General shtatlarni iloji boricha kamroq chaqirishga harakat qilgan), keyinroq mustahkamlanib, doimiy koʻrinishni kasb etdi. Lekin bu kengash muntazam chaqirilmagan, koʻpincha maslahat xarakterida faoliyat koʻrsatgan va koʻp jihatdan General shtatlar vakolatlariga yaqinlashib borgan; kengash qirollik hokimiyati qoʻlda boʻysunuvchi qurolga aylangan. Mazkur kengashlarda asosan, moliyaviy (soliqlar joriy qilish uchun) va ma’muriy masalalari maslahatlashilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |