Orlean qizi – Janna d’Arkga berilgan sifat (laqab)lardan biri. 1429-yilda Orleanda inglizlar ustidan qozongan gʻalabasi munosabati bilan olgan.
Oroinlar – Rimdagi mashhur feodal urugʻlardan biri. Ulardan 5 ta Rim papasi, undan tashqari kardinallar, kondotyerlar chiqqan. Bu urugʻ haqidagi dastlabki ma’lumotlar XII asrga oiddir. XIII asrda urugʻ katta boylik va hokimiyatga erishgan. Rimdagi Kolonna feodal urugʻiga raqobatda boʻlgan.
“Ostgotlar uygʻonishi”– ostgotlar Italiyasida V-VI asrlarda Teodorix Buyuk hukmronligi davridagi madaniy yuksalish. Uning buyrugʻi bilan shu paytda koʻplab qadimiy yodgorliklar – Rimda Pompey, shahar akveduklari tiklangan, undan tashqari italyan shaharlari koʻchalari yangilangan, qadimiy haykallar paydo boʻlgan, yangi qurilishlar antik an’analar asosida qurilgan. Ommaviy teatr va sirk namoyishlari qayta tiklangan, oldingi ta’lim tizimining faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, ma’naviy hayotda lotin elementining ustunligi saqlab qolingan. “O.U.” madaniyati vakillari qomusiy bilimlari bilan ajralib turgan va aksariyati oʻzlarining aqliy salohiyatlari tufayli yuqori davlat lavozimlarida ishlagan. Ushbu davrda Boesiy, Flaviy Kassiodor, Simmax, Ennodiy va boshqa madaniyat vakillari ijod qilishgan.
Otrok – qadimgi Rusda drujinaning kichik a’zosi.
Otton imtiyozlari – german qiroli Otton I tomonidan cherkov muassasalariga (birinchi navbatda yepiskoplarga) berilgan imtiyozlar tizimi. Dunyoviy feodallarga qarama-qarshi turish uchun (Shvabiya va Lotaringiya gersoglarining isyonlari bostirilgach), ularning separatistik harakatlarining oldini olish va markaziy hokimiyatni kuchaytirish maqsadida Otton I yepiskoplik va monastirlarga immunitet imtiyozlarini berib boshlagan. Unga koʻra, ular egalik qilayotgan hududlar ustidan oliy sud hokimiyati huquqiga ega boʻldi, “qirollik banni” (davlat funksiyalari va qirollik vakolatlarini – sud, harbiy, ma’muriy kabilarni birlashtirgan) deb atalgan huquqlar berilgan. Mazkur imtiyozlar bir muncha vaqt davomida cherkovni qirollik hokimiyati bilan bogʻladi va qirollik hokimiyatini mustahkamladi. Oxir-oqibat yepiskoplar va abbatlar cherkov knyazlariga aylanib bordi.
“Ottonlar uygʻonishi” – Germaniyada saksonlar sulolasi – ottonlar davrida qisqa muddatli madaniy yuksalish bosqichi (X asr oxiri). Otton I saroyida Akademiya tashkil etildi. Bu yerda adabiy faoliyat, qoʻlyozmalarni koʻchirish bilan birga mumtoz lotin va rim adabiyoti bilimlarini tarqatish bilan shugʻullanilgan. Saroyda va ayrim soborlarda maktablar ta’sis etilgan. Ushbu maktabdagi oʻqituvchilar orasida ayniqsa Gerbert (950-1003) ajralib turgan. Kelib chiqishi noma’lum boʻlgan bu olim, bir paytning oʻzida faylasuf, matematik, musiqachi va astronom boʻlgan. U shu sohalarga oid koʻplab asarlar yozib qoldirgan. Otton III ning ustozi va arxiyepiskop boʻlgan Gerbert 999-yilda imperator yordami evaziga u Silvestr II (999-1003) nomi bilan Rim papasi sifatida saylandi. Savodlilik nafaqat ruhoniylar, balki oddiy kishilar orasida ham keng tarqaldi. Oʻgʻil bolalar bilan birga qiz bolalar ham ta’lim olishlari mumkin boʻlgan. Ziyoli kishilarning koʻpchiligi lotin tilida oʻqigan va gaplashgan. Bu davrda ijod qilgan taniqli shoiralardan biri Xrotsvit Gandersgeymskaya (X asr 2-yarmi) boʻlgan. Vizantiya malikasi Feofonaga uylangan Otton II davrida Vizantiya madaniyati ta’siri kuchaydi. “O.U.”ga Vizantiya bilan madaniy aloqalar xarakterli hisoblanadi. Bu ayniqsa kitobat va miniatyuura san’atida yaqqol namoyon boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |