Papalikning Avinon qamali – 1309-1377-yillarda katolik cherkovi boshliqlarining qarorgohi Rimda boʻlmay, balki Avinonda joylashgan davri shu nom bilan yuritiladi. Bonifatsiy VIII Fransiya qiroli Filipp IV Avgust bilan kurashda yengilgach, uning oʻrniga papa boʻlgan fransiyalik Kliment V oʻz qarorgohini Avinonga koʻchiradi. Bu shahar Provans grafiga tegishli boʻlib, papa uni 1348-yilda sotib olishga erishadi. Avinonda papalar Rimdagiga nisbatan oʻzlarini ancha xotirjam sezardilar. Chunki oʻsha vaqtlarda Rim zodagon urugʻlarning keskin qarama-qarshilik maydoniga aylangan edi. Uning ustiga Italiyaning markazida joylashgan Papa davlati bu davrga kelib amalda parchalanib ketgandi. Papalikning Avinon qamali bu haqiqiy “qamal”ni anglatmagan, koʻp jihatdan bu papalarning ta’siri kuchli boʻlgan fransuz qirollari bilan hamkorligi edi. Bu davrdagi barcha papalar kelib chiqishi fransiyalik boʻlgan, chunki papalarni saylovchi kardinallarning asosiy qismini fransuz ruhoniylari tashkil etgan. Kardinallarning yana ayrimlari bir vaqtlar qirol saroyida xizmat qilgan. Avinon papalari fransuz qirollari foydasiga muhim diplomatik missiyalarni ado etishgan, uning amrini bajaruvchilarga aylanganlar. Bu davrga kelib papalik Yevropa siyosiy hayotida uning katta oʻrnini yoʻqotib boʻlgan boʻlsa ham, ammo cherkov tashkiloti ichidan mustahkamlanib bormoqda edi. Cherkovdagi papa hokimiyati koʻproq monarxik koʻrinishni kasb eta boshladi. Shundan boshlab yepiskoplar va abbatlar mahalliy ruhoniylar va rohiblar tomonidan saylanmaydigan, aksincha papa tomonidan tayinlanadigan boʻldi. Papa xazinasining daromadlari sezilarli ravishda koʻpaydi, papa ma’muriyatining markaziy moliya organi ta’sis etildi. Avinonga kelgan italyan gumanisti Petrarka papaning bu yerdagi hashamatini koʻrib, papalarning bu shaharda boʻlishini ularning “Vavilon” qamalidek xarakterlab oʻtadi.
Papirus – Tropik Afrika daryolari va koʻllari boʻylarida oʻsuvchi qamishdan tayyorlangan va qogʻoz paydo boʻlgunga qadar muomalada boʻlgan yozuv uchun ishlatiladigan material. Asosan, ilk oʻrta asrlarda qoʻllanilgan. Frank qirolliklari devonxonasida VII asr 2-yarmigacha, Rim papaligi kuriyasida boʻlsa XI asr oxirigacha ishlatilgan. Kitoblar uchun emas, asosan, hujjatlarda foydalanilgan. X asrgacha Misrdan keltirilgan, shu asrdan boshlab Sitsiliyada ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Alpdan shimolda, VIII asrda papirus pergament tomonidan siqib chiqarilgan.
Parik – IX-XV asrlarda Vizantiyada qaram dehqonlar qatlamlaridan biri. Davlat va shaxsiy P.ga boʻlingan: dastlabki P. davlat yerlarida yashagan va ma’lum bir majburiyatlarni bajargan. Shaxsiy P. feodal yerlarida merosiy yer boʻlaklarida yashab, pul yoki mahsulot toʻlovi shaklidagi majburiyatlarni oʻtaganlar, XIII asrga kelganda ular krepostnoylashtirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |