85. Иккинчи жаҳон урушининг якунловчи босқичи ва халқаро муносабатлар. Иккинчи жаҳон урушининг якунловчи босқичи ва халқаро муносабатлар.
1945 yilning 4 - 11 fevral kunlari Qrimda ( Yalta) SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya davlatlari rahbarlarining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada ittifoqchilarning kelgusi harbiy harakatlari muvofiqlashtirildi, Germaniya taslim bo‘lganidan so‘ng uni nazorat qilishning shakllari va usullari belgilab olindi. SSSR o‘z zimmasiga Germaniya taslim bo‘lganidan so‘ng 2 - 3 oy o‘tgach Yaponiyaga qarshi urushga kirish majburiyatini oldi. Uch davlat qaroriga ko‘ra 1945 yil 25 aprelda San - Fransiskoda ochilgan konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ta’sis etildi. Yalpi tinchlikni saqlash bo‘yicha asosiy mas’uliyat Xavfsizlik Kengashiga yuklatildi. 1945 yilning aprelida sovet armiyasi Berlinga hal qiluvchi hujumni boshladi. G‘arbdan ingliz - amerika qo‘shinlari ham hujum olib borishdi. Ittifoqchi qo‘shinlarning uchrashuvi 1945 yil 25 aprelda Elba daryosi yonida Torgau shahri atrofida ro‘y berdi. Shimoliy Italiyadagi nemis qo‘shinlarining qoldiqlari 1945 yil 29 aprelda taslim bo‘ldi. “Salo Respublikasi” yo‘q qilindi, Mussolini esa partizanlar tomonidan otib tashlandi. Sovet qo‘shinlari Germaniya poytaxtini qurshab olishni yakunlab, 2 may kuni Berlinni shturm bilan ishg‘ol etdi. 1945 yil 8 mayda german qo‘mondonligi Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lganligi to‘g‘risidagi aktni imzoladi. German qo‘shinlarining bir qismi Praga shahrida qo‘zg‘olon ko‘targan chex vatanparvarlariga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirdi, biroq sovet qo‘shinlarining shitob bilan qilgan zarbasi natijasida tor - mor etildi. 1945 yil 9 mayda Praga ozod etildi. Evropada harbiy harakatlar to‘xtatildi 1945 yilning 17 iyulidan 2 avgustiga qadar Potstamda (Berlin yaqinida) SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya davlatlari rahbarlarining uchinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Potsdam konferensiyasi urushdan keyin dunyoning tuzilishiga bag‘ishlangan edi. Konferensiya ishidagi markaziy e’tibor Germaniyaga nisbatan olib boriladigan siyosat masalasiga qaratildi. Ittifoqchilar Germaniyani to‘la qurolsizlantirish va harbiysizlantirish, fashistlar partiyasini yo‘q qilish, Germaniyada so‘z, matbuot va din erkinligini tiklash, erkin kasoba uyushmalarini tuzishga va demokraktik partiyalarning faoliyat olib borishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilishdi. 1945 yilning mart oyigacha ingliz - amerika qo‘shinlari Tinch okeani havzasida va Janubi - Sharqiy Osiyoda Yaponiyaga qarshi muvaffaqiyatli harbiy harakatlar olib borishdi. SSSR o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga muvofiq tarzda 1945 yil 9 avgustda Yaponiyaga qarshi urushga kirdi. Sovet qo‘shinlarining Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasi qurolli kuchlari bilan birgalikda amalga oshirgan shiddatli zarbasi natijasida Kvantun armiyasi tor - mor etildi. Shimoliy - sharqiy Xitoy, Shimoliy Koreya, Janubiy Saxalin va Kuril orollari Yapon qo‘shinlaridan tozalandi. 6 va 9 avgustda Amerika aviatsiyasi Yapon shaharlari Xirosima va Nagasakiga atom bombalarini tashladi. Yadroviy qurolni ishlatishni harbiy zaruriyati yo‘q edi, chunki Yaponiyaning harbiy qudrati sindirib bo‘lingandi. 1945 yilning 2 sentyabrida Tokio ko‘rfazida Amerika linkori “Missuri” bortida Yaponiya so‘zsiz taslim bo‘lganligi to‘g‘risidagi aktni imzoladi. Ikkinchi jahon urushi yakunlandi. Urushning asosiy natijasi - fashizm ustidan erishilgan g‘alaba edi. SSSR ning xalqaro nufuzi mislsiz oshib ketdi. G‘arbning buyuk davlatlaridan faqat AQSH urushdan jiddiy kuchayib chiqdi. Ikkinchi jahon urushi natijasida xalqaro siyosatidagi kuchlar nisbati keskin o‘zgardi. Potsdam konferensiyasining o‘zidayoq, zimmasiga Germaniyaning sobiq ittifoqchilari bilan tinchlik shartnomalarining loyihalarini tayyorlash vazifasi topshirilgan, Tashqi Ishlar Vazirlari Kengashi barpo etildi. Shunday shartnomalar tayyorlandi va 1947 yilning 10 fevralida Bolgariya, Vengriya, Italiya, Ruminiya va Finlyandiya bilan imzolandi. Parij tinchlik konferensiyasida ( iyul - oktyabr 1946y. ) SSSR va G‘arb davlatlari o‘rtasida dunyoning urushdan keyingi tuzilishiga oid eng muhim masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar ko‘zga tashlandi.