§13.3.Oʻzbekiston Respublikasi banklari (Assosiasiya)
Uyushmasining tashkil etilishi, uning asosiy maqsadlari va bank tizimini isloh qilishdagi oʻrni
Oʻzbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati toʻg’risida»gi Qonuniga koʻra banklar oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirish, manfaatlarini himoya qilish va birgalikdagi dasturlarni amalga oshirish maqsadlarida turli uyushmalar, ittifoqlar va birlashmalar tuzishlari mumkin.
Ana shunga asosan 1995-yilda respublikada faoliyat koʻrsatayotgan tijorat banklari tomonidan Oʻzbekiston banklari Assosiasiyasi (uyushmasi) tashkil etildi. Assosiasiyaning ta’sis sezdi 1995-yil 28-iyulda boʻlib oʻtdi. Unda hukumat muassasalari, mamlakatda faoliyat koʻrsatayotgan banklar va jahonning yetakchi moliyaviy tashkilotlaridan 600 dan ortiq vakillar qatnashdilar. Syezdda Assosiasiyaning Ustavi qabul qilindi va Oʻzbekiston bank tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi tasdiqlandi.
Bugungi kunda mamlakatdagi barcha banklarni birlashtirgan banklar Assosiasiyasi Oʻzbekiston bozor iqtisodiyotida oʻziga xos, noyob tashkilot hisoblanadi va boshqa banklarning qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi, bank infratuzilmalarini rivojlantirishga qobil boʻlgan, oʻz a’zolariga kadrlar va ilmiy ta’minot borasida xizmat koʻrsatuvchi, muvofiq qonun bazasini tashkil etuvchi qudratli moliyaviy va oʻquv - xoldingini namoyon qiladi.
Assosiasiyaning bosh maqsadi – mamlakat tijorat banklarini xalqaro andozalar darajasiga koʻtarish va ularning jahon bank tizimiga integrasiyasini (qoʻshilishini) ta’minlashdir.
Oʻtgan qisqa davr ichida Oʻzbekiston banklari Assosiasiyasi tomonidan amalga oshirilgan e’tiborga molik tadbirlar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
Assosiasiya tashabbusi bilan mamlakatdagi barcha tijorat banklari ikki yil muddatga (1995-1998 y.y.) soliqlardan ozod etildi. Ushbu mablag’larning 50 foizi Assosiasiya orqali banklararo xarakterga ega boʻlgan tadbirlarga, qolgan 50 foizi esa bevosita banklarni rivojlantirishga (binolar, kompyuterlar, aloqa va transport vositalarini sotib olish va boshqalarga) sarflandi.
Assosiasiya tomonidan bank xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishlarining uzluksiz 5 bosqichli tizimi ishlab chiqildi va unga koʻra:
a) 1996 yilda har yili 3000 oʻquvchi ta’lim oladigan jami 39 ta, shu jumladan, Toshkent shahrida – 13 ta, Nukus shahri va viloyat markazlarida 2 tadan ixtisoslashgan bank sinflari ochildi;
b) Toshkent, Samarqand, Urganch, Toʻrtkoʻl shaharlari va Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanida ixtisoslashgan bank kollejlaritashkil etildi;
v) Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutlarida bank mutaxassisligi talabalari uchun maxsus stipendiyalarjoriy qilindi;
g) 1996 yilda bank xodimlarining malakalarini oshirish boʻyicha Mintaqaviy Bank Oʻquv Markazi (RBUS) oʻz faoliyatini boshladi;
d) Chet el banklari va moliya muassasalari bilan birgalikda bank, moliya va soliq sohalari uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida 1996 yilda Bank -moliya akademiyasi ish boshladi;
Moliya bozorida xizmatlarning sifat jihatidan yangi turlarini taklif etish maqsadida 12 ta kompaniya tashkil etildi. Ular quyidagilar:
mamlakat bank sektorining sug’urta himoyasini ta’minlash uchun «Ishonch» Banklararo sug’urta jamiyati tashkil etildi;
ixtisoslashgan bank sinflari, lisey, bank kollejlari va iqtisodiy oliy oʻquv yurtlarida oʻqitishning umumiy konsepsiyasini ishlab chiqishda qatnashish, oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish, takomillashtirish va qoʻllash, darsliklar va oʻquv - dasturiy qoʻllanmalar chop etish hamda seminarlar oʻtkazish, oʻqituvchilar malakasini oshirish uchun oʻqitishni uyushtirish va boshqa maqsadlar uchun «Ta’lim-taraqqiyot» oʻquv-uslubiy markazi tashkil etildi;
Assosiasiya tomonidan tashkil etilgan «Axbor Reyting» Banklararo reyting kompaniyasi Kredit tashkilotlarining ishonchlilik darajasi qiyosiy tahlilini oʻtkazish uchun foydalaniladigan axborot maydonini shakllantirish bilan shug’ullanadi;
fuqarolarning banklarga qoʻyilgan omonatlarini himoya qilish maqsadida «Omonat himoya» sug’urta jamg’armasi tashkil etildi;
kichik va xususiy biznes hamda xususiy tadbirkorlikni qoʻllab- quvvatlash, bozorni yuqori sifatli mahalliy xalq iste’moli tovarlari bilan toʻldirish, tovar, ish va xizmatlarga boʻlgan talabni qondirish maqsadida «Baraka» Universal lizing kompaniyasi hamda oʻzbek-amerika qoʻshma korxonalari «Oʻzkeysagrolizing» va «OʻzKeysServis» tashkil etildi;
mamlakatda bank binolarini qurish, ularni eng zamonaviy bank texnologiyalari va moliyaviy xizmatlar bilan ta’minlash, yangi ofis jihozlari hamda xalqaro andozalarga mos moliyaviy telekommunikasiyalarni sinab koʻrish maqsadlarida «Moliya Binokor Xizmat» shoʻba korxonasi tashkil etildi;
bank, moliya va soliq ishlari boʻyicha mamlakatda xalqaro talablarga javob beradigan malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida 1996-yilda Bank- Moliya akademiyasi tashkil etildi;
toʻlov tizimini takomillashtirishga katta ahamiyat berilgan holda, 1996-yil oxirida bank tizimlari va axborot texnologiyalari boʻyicha faoliyat koʻrsatadigan «Plastik Kart» banklararo innovasion kompaniyasi tashkil etildi;
tijorat banklarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida 1996- yilda «Moliya Huquq Xizmat» banklararo huquqiy xizmat markazi tashkil etildi;
Milliy va xorijiy qimmatbaho qog’ozlar bozoriga bank kapitalini jalb etish va undan samarali foydalanish maqsadida «Invest trast» investision trast kompaniyasi tashkil etildi;
bank muassasalari tarmog’ini kengaytirish, ularning moddiy – texnik va injener-texnik ta’minoti darajasini salmoqli ravishda koʻtarish maqsadida Malayziyaning ixtisoslashgan firmasi bilan birgalikda qoʻshma korxona sifatida «Hamroh loyiha Invest» loyiha – injiniring va konsalting kompaniyasi tashkil etildi.
Hozirgi paytda Oʻzbekiston banklari Assosiasiyasining Qoraqalpog’iston Respublikasi, Jizzax va Farg’ona viloyatlarida filiallari faoliyat koʻrsatmoqda. Assosiasiya mamlakat bank-moliya muassasalarining xalqaro va mintaqaviy moliya tashkilotlariga integrasiyasini chuqurlashtirish maqsadlarida Yevropa va Amerikaning deyarli barcha banklar Assosiasiyalari hamda Osiyo banklar Assosiasiyasi va Tinch okeani moliya va rivojlanish institutlari Assosiasiyasi (AFIRAT) bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.