Uchinchi guruhga Hindiston, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Filippin kabi mamlakatlar kiradi. Bu mamlakatlarda cheklangan iqtisodiy muvozanat mavjud boʻlib, eksportdan valyuta tushumi ancha yuqori. Yillik inflyasiya sur’ati 5-20% atrofida va qisman indeksasiya oʻtkazilib turiladi.
Toʻrtinchi guruh davlatlar – Singapur, Malayziya, Janubiy Koreya, Bahrayn, Arabistonda – iqtisodiy muvozanatning mavjudligi inflyasiya sur’atlarining sustligini koʻrsatadi. Bu mamlakatlardagi inflyasiya 2-6%ni tashkil qiladi va buni sudraluvchi inflyasiya deb atash mumkin.
Bu mamlakatlarda tovarlar va xizmatlar bahosi oshishi ustidan qattiq nazorat olib boriladi. Ishsizlik boshqa mamlakatlarga nisbatan kam, iqtisodiyoti rivojlangan bozor sharoitida boshqariladi. Eksport hajmi va chet el valyutasi tushumining yuqoriligi, inflyasiyaning oldini olishda muhim ahamiyatga ega omil hisoblanadi.
§8.3.Inflyasiyaning oqibatlari, uning aholi turmush darajasiga, iqtisodiyotga va bank tizimiga ta’siri
Inflyasiya iqtisodiyotni izdan chiqaradi va turli salbiy oqibatlarga olib keladi.
Inflyasiya jamiyatning rivojlanishiga salbiy ta’sir koʻrsatadi:
– ishlab chiqarish hajmi tushib ketadi va baholarning oshib borishi ishlab chiqarish istiqbollariga toʻg’anoq boʻladi.
– kapitalning asosiy qismi ishlab chiqarishdan savdo (muomala) sohasiga, vositachilik sohasiga oqib oʻtadi. Chunki ishlab chiqarishdan koʻra, savdo sohasidagi kapital tezroq va koʻproq foyda keltiradi;
– baholarning oʻzgarib turishi olibsotarlikni rivojlantiradi, arzon vaqtida olib, qimmat boʻlganda sotish jarayoni, tovar zahiralarini yashirish jarayonlari avj oladi;
– kredit berish jarayonlari cheklangan boʻladi. Qarz oluvchilar koʻpayadiyu, qarz beruvchilar soni qisqaradi, chunki qarz bergan yutqazishi mumkin;
– davlatning moliya resurslari qadrsizlanadi va h.k.
Inflyasiya kishilarda qoʻrquv va sarosima uyg’otadi. Ishlab chiqarishga pul sarflash xatarli ishga aylanadi, negaki sarflangan pul egasiga qaytib kelgunicha oʻz qadrini yoʻqotib qoʻyadi.
Inflyasiya sharoitida qarz bergan yutqazadi, qarz olgan esa yutadi. Bu ishlab chiqarishga qoʻyish uchun pul topishni qiyinlashtiradi, chunki qarz berib yutqazgandan koʻra, uni boshqa yoʻlda ishlatish ma’qul koʻriladi.
Inflyasiya natijasida pul jamg’armalari keskin qadrsizlanadi, pulga tenglashtirilgan qiymatli qog’ozlar – sug’urta polislari, aksiyalar, obligasiyalar, cheklar, sertifikatlar va boshqalarning real qiymati ham pasayib ketadi.
Qat’iy daromadga, ya’ni, pensiya, stipendiya, nafaqa va belgilangan ish xaqiga yashovchilar turmushi yomonlashadi, hatto ular qashshoqlashib boradi. Narx osha borgan holda pul daromadlarining oshmasligi yoki narxga nisbatan sekinroq oshib borishi, tovarlarni oldingidan ozroq iste’mol etilishiga olib keladi.
Iqtisodiyotda ishlab chiqarishning stixiyaliligi kuchayadi, tarmoqlar oʻrtasida mutanosiblik buziladi. Pul mablag’lari ishlab chiqarish sohasidan muomala (savdo) sohasiga oqib oʻtadi.
Savdo-sotiq ham izdan chiqadi, sababi turli hududlarda baholarning turlicha boʻlishi tovarlar normal harakatini buzadi. Ularning bozordan bozorga koʻchib yurishiga olib keladi. Olib sotarlikka keng yoʻl ochiladi. Baholarning oʻsib borishi tufayli tovarlarni koʻplab sotib olib, saqlab, soʻng qimmatga sotish avj oladi.
Pul egalari qadrsizlanayotgan puldan qutilish maqsadida oʻzlariga kerak boʻlgan va kerak boʻlmagan, toʻg’ri kelgan tovarlarni sotib ola boshlaydilar. Tovarlar taqchilligi paydo boʻladi. Pulga oʻz qadrini yoʻqotmaydigan mol-mulk (yer, uy, inshootlar), kelajakda yaxshi mulk boʻlib qoladigan osoriatiqa(antikvar)lar va noyob buyumlar (qadimiy san’at asarlari, kitoblar, qoʻlyozmalar), nodir metallar va qimmatbaho toshlar, shuningdek, barqaror valyutalar (AQSh dollari, YeVRO va boshqalarni) sotib olish ommaviy tus oladi.
Inflyasiya bank tizimini ham chetlab oʻtmaydi. Bank imkoniyatlari qadrsizlanadi. Uzoq muddatli qarz berishga barham beriladi, chunki qadrli pullarda berilgan kreditlar ma’lum muddatlardan soʻng qadrsizlangan pullarda qaytariladi. Bank krediti uchun toʻlanadigan foizlar oʻsib boradi. Aholining bank tizimiga boʻlgan ishonchi yoʻqoladi va bankka oʻz jamg’armalarini omonatlar sifatida qoʻyish deyarli toʻxtaydi. Xoʻjaliklar oʻrtasidagi hisob - kitoblar ham ma’lum darajada chigallashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |