Pulning jahon pullari vazifasi. Agar tarixga nazar tashlasak, mamlakatlar oʻrtasida savdo-sotiq, xalqaro iqtisodiy aloqalar va kredit munosabatlari asta-sekin rivojlanib borgan. Bu jarayon barcha mamlakatlar tomonidan tan olinadigan va qabul qilinadigan yagona jahon pulini keltirib chiqargan. Bu vazifani asrlar davomida oltin bajarib kelgan. Ya’ni,, mamlakatlar oʻrtasidagi hisob-kitoblar, tovarlar va xizmatlar uchun toʻlovlar bir mamlakatdan boshqa mamlakatga quyma shaklidagi sof oltin toʻlash vositasida amalga oshirilgan.
1867 yildan boshlab oltin davlatlar oʻrtasidagi yagona jahon puli sifatida rasman qabul qilingan.
Oltin standarti oʻzining uch rivojlanish bosqichini boshidan kechirdi (uch shaklda koʻrindi): oltin tanga, oltin quyma, oltin deviz.
Birinchi boʻlib oltin tanga standartiga Angliyada (1774 y.) oʻtilgan. keyinroq :
1871 y. – Germaniya;
1872-1876 yy. – Skandinaviya davlatlari;
1875 y. – Niderlandiya;
1878 y. – Fransiya;
1879 y. – Avstriya-Vengriya;
1897 y. – Yaponiya va Rossiya;
1900 y. – AQSh.
Oltin tanga standarti davrida oltin tangalar pul birligi boʻlib hisoblangan. Bundan tashqari, muomalada nominaliga qarab oltinga almashtiriladigan qog’oz banknotalar, hamda mayda chaqalar boʻlgan.
Oltin tanga standarti to birinchi jahon urushi davrigacha faoliyat yuritgan (1914-1918 yy.). Uning oʻrniga oltin quyma standarti kirib keldi, unda oltin faqat hisoblash vazifasini oʻtab keldi va muomala vazifasini oʻtamadi. Oltin kuyma shaklida Markaziy bankda saqlanib kelingan, muomalada esa qursga qarab almashtirib beriladigan banknotalar va tangalar ishlatilgan.
Oltin quyma standartiga:
Filippinda 1903 y.;
Hind Britaniyasida 1906 y.;
Avstriyada 1922 y.;
Germaniyada 1924 y.;
Angliyada 1925 yilda kiritilgan.
1929 yildan boshlab esa bu tizimga 84 mustaqil davlatlardan 80 tasi qoʻshilgan.
Oltin quyma standartining ustunliklari shundan iborat boʻlganki, oltin tangalar zarb qilinishi iqtisod qilinadi. Oltin tangalarning muomala jarayonidagi ishqalanishdan yemirilmaydi (mutaxassislarning hisoblariga koʻra oltin tanganing muomala jarayonidagi yoʻqotilishi yilda 1 tonna oltinga teng boʻlgan, ya’ni, yemirilgan). Davlatlarning oltin zahiralari bir joyda markazlashtirilgan, bu pul muomalasini moʻtadillashtirgan.
1922 yildan e’tiboran AQSh dollari va Angliya funt sterlingi oltinning oʻrinbosari sifatida e’lon qilindi, hamda xalqaro toʻlovlarda qoʻllanila boshladi. 1944 yildan keyin jahon puli vazifasi oltinda qoldirilgan holda, xalqaro toʻlovlarda AQSh dollaridan koʻproq foydalanishga imkoniyat yaratildi.
1970 yildan boshlab xalqaro toʻlovlarda Xalqaro Valyuta Fondi tomonidan kiritilgan maxsus hisob va toʻlov birligi SDR «Maxsus qarz olish huquqi» (SDR) qoʻllanila boshlandi.
1976 yilda Xalqaro Valyuta Fondiga a’zo mamlakatlar oltindan jahon puli sifatida foydalanishni bekor qildilar. Hozirda oltindan xalqaro zahira sifatida foydalanilmoqda.
1979 yildan Yevropaning bir qator mamlakatlarida xalqaro hisob-kitoblarni olib borish uchun xalqaro hisob birligi EKYu (YeKU) qoʻllanila boshlandi.
1999 yildan e’tiboran Yevropa Ittifoqiga kiruvchi 12 mamlakatda, yagona pul birligi sifatida YeVRO (YeVRO) naqd pulsiz hisob – kitoblarda, 2002 yil 1 yanvardan esa naqd pul sifatida ham qoʻllanila boshladi.
Xalqaro toʻlovlarda SDR va YeVRO bilan bir qatorda iqtisodiy qudratli va rivojlangan mamlakatlarning milliy pul birliklaridan ham foydalanilmoqda. Ular jumlasiga AQSh dollari, Kanada dollari, Angliya funt sterlingi, Yaponiya iyenasi, Rossiya rubli va boshqalar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |