A k a d e m I ya trasologik ekspertiza


Qulflarning  trasologik  ekspertizasining  metodikasi



Download 1,77 Mb.
Pdf ko'rish
bet67/126
Sana31.12.2021
Hajmi1,77 Mb.
#252348
1   ...   63   64   65   66   67   68   69   70   ...   126
6. Qulflarning  trasologik  ekspertizasining  metodikasi 
 
Qulflar quyidagi hollarda tadqiq etilishi mumkin: 
– turli omborxonalar, binolar, inshootlar yoki xonadonlar berkitilib 
qo‘yilgan qulflar buzilganda yoxud turli usullar bilan ochilganda; 
– muayyan moddiy javobgar shaxsdan ishlatilayotgan qulflaring nosoz 
holatga kelib qolganligi to‘g‘risida ariza tushganda; 
– tergov ishini yuritayotgan huquq-tartibot organlarining ixtiyoriga 
ko‘ra, jinoyat sodir etilishiga oid turli holatlarni, sabab va sharoitlarni  
aniqlayotganida va hokazo. 
Qulflarning kriminalistik tadqiqotlari quyidagilarni aniqlashga yordam 
berishi mumkin: 
– qulflar haqiqatan ham o‘g‘irlik maqsadidami yoxud boshqa bir 
noqonuniy qilmishni yashirish uchun o‘g‘irlik jinoyatini inssenirovka 
qilish maqsadida buzilganmi yoki ochilganligini aniqlashga; 
– jinoyatchini qidirish va fosh qilishga; 
– jinoyatlarning sodir etilishiga yengillik yaratgan yoki imkon bergan 
shart-sharoitlarni aniqlashga. 


 167 
Qulflarning trasologik ekspertizasi, trasologik ekspertizaning 
keltirilgan qulflar buzuq emasmi (texnik jihatdan sozmi), keltirilgan qulf 
begona kalit, tanlangan kalit yoki maxsus ochgich (otmichka) yordamida 
osilganmi kabi savollarga javob berish uchun tadqiqotlar o‘tkazish bilan 
shug‘ullanadigan bo‘limi hisoblanadi.  
Qulflar tadqiqotining tartibi quyidagicha bo‘ladi:  
– keltirilgan qulf va uning kalitini tashqi ko‘zdan kechirish;  
– qulfni ochish va qismlarga ajratish;  
– qulf mexanizmi va uning alohida qismlarini tadqiqot qilish.  
Tadqiqot jarayonida ekspertiza oldiga qo‘yilgan savollarga javob 
berishda ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni qayd etish zarur. Qayd etish 
uchun ta’riflab yozish, fotosuratga olish va  chizmalar chizish qo‘llaniladi. 
Juda ko‘plab hollarda moddiy javobgar shaxslar yopuvchi 
moslamalarni (qulflarni) buzib yoki turli usullar bilan ochish orqali o‘zlari 
ilgari sodir etgan o‘zlashtirish, talon-taroj va shu kabi boshqa jinoyatlarini 
yashirish maqsadida o‘g‘irlik jinoyatini inssenirovka qiladilar. Bunday 
hollarda tekshirilayotgan qulflarning konstruktiv tuzilishiga bog‘liq 
ravishda moddiy javobgar shaxslar qulflarni buzish yoki ochishning tur-
licha va xilma-xil usullaridan foydalanadilar. Tekshirilayotgan qulflarning 
ochish yoki buzilish usullarini aniqlash, ushbu qulfni buzish yoki ochish 
izlarini hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish tadbirining o‘zida 
tekshirish imkonini beradi yoki qulflarni laboratoriya sharoitlarida yanada 
to‘laroq tekshirish imkonini beradi. Masalan, o‘g‘irlik jinoyatini 
inssenirovka qilish maqsadida qulfni buzish izlari quyidagicha bo‘lishi 
mumkin:  izlarning – to‘siq va qulfning o‘zidagi buzish qurollari izlarining 
mavjudligi, ko‘rinishi va o‘zaro joylashishi. 
Ushbu sharoitlarni aniqlash tergov tusmollarini (versiyalarni) to‘g‘ri 
tuzishga hamda tergovni to‘g‘ri olib borishga katta yordam beradi. 
Kriminalistik ekspertizalarga oid ma’lumotlarni tahlil etish va 
umumlashtirish natijasida qulflarni buzish yoki turli usullar orqali ochish 
bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish amaliyoti bilan chuqur tanishib 
hamda amaliyot xodimlarining ushbu muammo bo‘yicha fikrlarini 
o‘rganib, ushbu fikrlarning barchasi jinoyatlarning sodir etilishiga 
yengillik yaratgan va imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashda foyda-
laniladi. 
Qulflar va ularni buzish natijasida qolgan izlar bo‘yicha ekspertiza 
o‘tkazilayotganda ekspert oldiga xal qilish uchun quyidagi savollar 
qo‘yiladi: 
1. Ushbu qulf buzuqmi yoki buzuq emasmi? 


 168 
2. Ushbu qulf maxsus ochgich, ilgak yoki unga tushadigan boshqa 
qalbaki kalitlar yordamida ochilganmi? 
3. Qulf taqdim etilgan kalit yordamida ochilganmi? 
4. Buzilayotgan paytida qulf qanday (yopiq yoki ochiq) holatda 
bo‘lgan? 
5. Qulfda qolgan izlar taqdim etilgan buyumdan qolganmi? 
6. Nazorat qilish uchun qulf ichiga joylashtirilgan qog‘ozni 
shikastlantirmay qulfni ochish mumkinmi? 
Buzilgan, sindirilgan to‘siqlar, omborxonalarni va turli yopish 
moslamalari va boshqa qulflarni tadqiq qilishda quyidagi savollar 
qo‘yilishi mumkin: 
1. Izlarning hosil bo‘lish mexanizmi qanday (arralash, kesish, 
parmalash, o‘yish, chopish, harorat ta’sirida va hokazo) 
2. Ushbu izlar qanday turdagi uskunalar (arra, pichoq, bolta) yoki 
asboblardan qolgan? 
3. Ushbu izlar bir predmetdan hosil bo‘lganmi yoki aniq turdagi har 
xil predmetlardan hosil bo‘lganmi? 
4. Tadqiq uchun taqdim etilgan obyektda qolgan izlar ushbu 
predmetdan hosil bo‘lganmi? 
5. To‘siq (eshik, devor) qaysi tarafdan buzilgan, ichkaridanmi yoki 
tashqaridan? 
Ushbu savollarning ekspertiza tadqiqotlarida hal etilishi ekspertizaga 
keltirilgan obyektlarning holatiga bog‘liq bo‘ladi. Hodisa joyidan olingan 
qulf tashqi ko‘zdan kechirilganidan so‘ng, qanday holatda olingan bo‘lsa, 
shu holatda ekspertizaga yuborilishi lozim.  
Agar, ekspertlarga keltirilgan qulfni birorta buyum yordamida ochish 
mumkinligi yoki taqdim etilgan maxsus ochgich bilan ochilganligi kabi 
savollar qo‘yilgan bo‘lsa, ekspertizaga qulf bilan birga buzish qurollari 
ham taqdim etilishi lozim. 
 Qulflarning trasologik ekspertizalarining metodikasi boshqa turdagi 
trasologik ekspertizalar metodikasidan unchalik farq qilmaydi (ya’ni, 
umumiy metodika bir xil). Agar tadqiqotga tashqi va ichki qulflar 
keltirilgan bo‘lsa, ularning zulfin (lo‘kidon)iga alohida e’tibor beriladi (u 
oldinga chiqib turibdimi yoki korpusi (quti)ning ichiga kirib ketganmi), 
zulfin (lo‘kidon)da va oldi plankada qanday izlar mavjud? Zulfin 
(lo‘kidon) va oldi plankada izlarning mavjudligi, ularning o‘zaro 
joylashishi qulf zulfin (lo‘kidon)ini ayirib ochish usulida ochilganidan 
darak berishi mumkin. Agar zulfin (lo‘kidon)dagi izlar orasida ishqalanish 
izlari bo‘lsa, ularga ko‘ra izlarning boshlanishi va oxirini aniqlash mumkin 


 169 
bo‘ladi – izning oxirida metallning ko‘chishi kuzatiladi, izning 
boshlanishida esa ular bo‘lmaydi. Undan keyin qulfdagi kalit tirqishi 
ko‘zdan kechiriladi. Kalit tirqishi chetlarining shikastlanishlari, turli 
shilinishlar ushbu qulf begona buyumlar yoki maxsus ochgichlar bilan 
ochilganligidan dalolat berishi mumkin. Ushbu qulfni birorta aniq buyum 
bilan ochish imkoniyati bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun, kalit 
tirqishining shaklini va uning o‘lchamlarini aniqlash, kalit sterjeni uchun 
mo‘ljallangan o‘yiqlarning diametrini o‘lchash, kalit tishlari uchun 
o‘yiqlarning kengligi va tirqishning balandligini aniq o‘lchash kerak 
bo‘ladi. Ushbu ma’lumotlar ekspertizaga keltirilgan ochuvchi begona 
buyumning xuddi shu kabi ma’lumotlari bilan solishtirilishi mumkin.  
Agar tadqiqotga osma qulf keltirilgan bo‘lsa, birinchi navbatda, uning 
buzilish usullarini aniqlashga harakat qilish lozim. Osma qulf yoyi arralash 
usulida ochilgan hollarida, arraning kesuvchi tekisligining korpusi 
(quti)ning yuqori asosiga nisbatan holati aniqlanadi. Qulf korpusi 
(qutisi)dagi va to‘siqdagi arralash chiziqlarining yo‘nalishi, yoyni arralab 
kesish qulfning qanday holatida (ochiq yok yopiq tuganida) aniqlash 
imkonini beradi. Osma qulf uning yoyini ombir yordamida kesish usulida 
buzilgan bo‘lsa, u holda bu qulfning yoyidagi izlarning relyefi o‘rganiladi 
hamda ushbu izlarning identifikatsiya uchun yaroqliligi aniqlanadi. So‘ng 
qulfning zulfin (lo‘kidon)i, yoyning berkituvchi uchi, qulfning korpusi 
(qutisi) va kalit tirqishi tekshiriladi.  
Qulflarni tashqi tomondan ko‘zdan kechirib bo‘lgandan so‘ng, ular 
fotosuratga olinadi.  
Fotosuratga olinganidan keyin, keltirilgan qulflarning ichki mexa-
nizmlari ko‘zdan kechiriladi. Undan maqsad – qulfning yopish 
mexanizmining holatini, unda izlar mavjudligi hamda bu izlarning hosil 
bo‘lish mexanizmini aniqlashdir. Agar qulfni qismlarga ajratish qiyin 
bo‘lsa, uni rentgen nurlarida suratga olish va suratni tadqiq etish mumkin. 
Ammo rentgen suratlarida ichki mexanizmlardagi ayrim mikroizlar 
ko‘rinmasligi mumkin. Shuning uchun qulflarning ichki mexanizmini 
batafsil tekshirish ularni qismlarga ajratigan holda bajarilgani maqsadga 
muvofiqdir. 
Qulflarni qismlarga ajratish uning tuzilishiga bog‘liq bo‘ladi. Agar 
qulfning korpusi (qutisi) vintlar bilan berkitilgan bo‘lsa, ularni burab 
chiqarib qulfni qismlarga ajratish mumkin. Lekin ko‘p qulflar quyma 
usulda tayyorlangan bo‘ladi. Bunday qulflarning qutisi kesiladi, silindrli 
qulflarning asoslari, parmalash yordamida shtiftlari chiqarib olinadi va 
asoslari teng ikkiga bo‘linadi (temir arra yordamida kesish usuli bilan). 


 170 
Qulflar qismlarga ajrtilganidan so‘ng, ularning ichki mexanizmi, suvaldali 
qulflarda suvaldalar (agar ular bir necha bo‘lsa, ularning har biri 
tekshirilishi lozim), saqlagichlar, prujinalar, kalit uchun tirqishlar (qulf 
korpusi (qutisi)ning ichki tomonidan) kalit tayanchlari va ularning atrofi 
(qulf korpusi (qutisi)) diqqat bilan tekshirilishi lozim. Qulf korpusi 
(qutisi)ning ichki sirti ham tekshiriladi.  
Prujinali qulflarda zulfin (lo‘kidon), uning o‘qi, zulfin (lo‘kidon)dagi 
o‘yiqchalar va ularning atrofi tekshiriladi.  
Silindrli qulflarda shtiftlarning ishchi boshchalari, kalit tirqishining 
ichki sirti diqqat bilan tekshiriladi. 
Ushbu tekshirishlardan maqsad – qulflarning bu qismlarida begona 
buyumlardan qolgan izlarning bor-yo‘qligini aniqlashdir.  
Agar ekspertga taqdim etilgan qulf tanlangan yoki begona kalit bilan 
ochilganligi bo‘yicha savol qo‘yilgan bo‘lsa, u holda qulfning, uning asl 
kalitining shakli, o‘lchamlari va boshqa xususiyatlarini aniqlashga imkon 
beruvchi mexanizmining tuzilishi tekshiriladi. Bu tekshirishda qulf va kalit 
tarkibiy qimlarining o‘lchamlaridagi chetlashishlarni aniqlashga harakat 
qilish kerak. Bu chetlashishlar kalitlarning ushbu qulflarni ochishni 
ta’minlaydigan minimal va maksimal o‘lchamlarini aniqlash imkonini 
beradi. O‘lchamlarda chetlashishlarni (suvaldali qulflarda) aniqlashda kalit 
sterjeni uchun o‘yiqlar yoki shtiftlarning markazidan suvaldaning quyi 
chetigacha bo‘lgan masofa aniqlanadi. Bu masofalar suvaldalarning 
barchasi uchun va ularni har birini qulf ichida qanday holatda turishi 
mumkin bzlsa, shu holatga qo‘yib aniqlanadi. So‘ng ularning o‘zaro farqi 
aniqlanadi. Ana shu farq asl kalit uchun har suvaldaga tegishi bo‘lgan 
o‘lchamlardagi chetlashishlarni bildiradi. 
Qulflarning ichki mexanizmlarini tekshirishda, ularda begona 
buyumlar, tanlangan va begona kalitlar, maxsus ochgichlarning izlari bor-
yo‘qligi aniqlanadi. Ta’kidlash joizki, bunday izlarni aniqlash qiyin emas. 
Chunki, begona buyumlarning izlari qulfning asl kaliti izlari bilan mos 
tushmaydi. Odatda bunday (begona buyumlarning) izlari asl kalit iziga 
qaraganda yangi bo‘ladi, shuning uchun ular metall yaltiroqligini 
yo‘qotmagan bo‘ladi. Undan tashqari, begona buyumlarning izlari asl 
kalitning izlaridan kichikroq yoki kattaroq bo‘lishi mumkin. Begona 
buyumlarning izlari qulfni ochish usulini aniqlash uchungina emas, balki 
ularning identifikatsiya uchun yaroqliligini aniqlash uchun ham kerak 
bo‘ladi. 
Qulflarni tekshirib bo‘linganidan so‘ng, kalitlar yoki keltirilgan 
begona buyumlar (begona yoki tanlangan kalitlar, maxsus ochgichlar) 


 171 
tekshiriladi. Ularni tekshirishda shakli, o‘lchamlari, materiali, ularda 
mavjud bo‘lgan begona moddalar, izlar va turli nuqsonlari aniqlanadi. Bu 
tekshirishda alohida e’tibor kalitlarning tishlariga, begona buyumlarning 
qulfdagi kalit tirqishiga kiruvchi qismiga qaratilishi lozim. 
Tadqiqotlar jarayonida ekspertlar kerakli tajribalarni ham o‘tkazadilar. 
Tajriba o‘tkazish taqdim etilgan qulfning sozligi, berilgan kalit bilan shu 
qulfni ochish imkoniyati borligi kabi noidentifikatsion savollarga jaob 
berishda zarur bo‘ladi. Bunday hollarda qulfni tadqiqotga taqdim etilgan 
kalit yoki begona buyum bilan ochishga harakat qilinadi. Tajribalarning 
natijalaridan kelib chiqqan holda qo‘yilgan savollarga javob beriladi.  
Keltirilgan qulflarning tashqi va ichki holatini tekshirib bo‘lganidan 
so‘ng ekspert, olingan ma’lumotlarni o‘ziga ma’lum bo‘lgan adabiyot-
lardagi ma’lumotlar bilan solishtiradi. Masalan, taxmin qilinayotgan 
begona buyum bilan keltirilgan qulfni ochish mumkinmi, degan savolga 
javob berishda, ekspert, har ikki obyektning ma’lumotlarini o‘zaro 
quyidagicha solishtiradi: buyumning o‘lchamlari va shaklini qulfdagi kalit 
tirqishining o‘lchamlari va shakli bilan, kalit tishlari kengligi va 
balandligini suvaldalardagi kalit uchun o‘yiqlar cheti bilan suvaldalar o‘qi 
markazigacha bo‘lgan masofa bilan. 
Tadqiqot jarayonida aniqlangan izlar va belgilar, o‘tkazilgan ekspert 
tajribalari natijalariga asoslanib, ekspert yakuniy xulosalarni shakllantiradi. 
Ta’kidlash joizki, yakuniy xulosalarni chiqarishda tadqiqot jarayonida 
aniqlangan barcha belgilarning yig‘indisidan foydalanish lozim bo‘ladi. 
Qulflar ekspertizasi jarayonida tajribalar (eksperimentlar)ni o‘tkazish 
tartibiga alohida e’tibor berish lozim bo‘ladi. Chunki, ekspertga quyidagi 
ikki turdagi savollar qo‘yilgan bo‘lishi mumkin:  
1. Tadqiqotga taqdim etilgan qulf qalbaki yoki tanlangan kalit, maxsus 
ochgich va begona buyumlar bilan ochilganmi?  
2. Ushbu qulfni gumonlanuvchidan olingan kalit, maxsus ochgich va 
begona buyum bilan ochishi mumkinmi? 
Yuqoridagi savolarga javob berishda ekspert albatta tajribalar 
o‘tkazishga majbur. Masalan, birinchi savolga javob berishda ekspert 
ushbu qulfning ichini ochishi (qismlarga ajratishi) yoki silindrli qulflarning 
silindrsimon asosini ochib, shtiftlarning ishchi sirtini tekshirishi lozim 
(begona buyumlardan qolgan izlarning mavjudligi va xususiyatini aniqlash 
maqsadida). Ammo bu holda tekshirilayotgan qulf yaroqsiz holga kelishi 
hamda tadqiqotga keltirilgan qulf taqdim etilgan kalit yordamida ochilgan 
yoki ochilmaganligini aniqlash uchun kerakli tajribalar o‘tkazish 
imkoniyati yo‘qqa chiqadi. 


 172 
Ikkinchi savolga javob berishda ham ekspert tajribalar o‘tkazishga 
majbur, chunki ushbu qulfni keltirilgan buyumlar bilan ochish 
imkoniyatini amalda tekshirib ko‘rishi kerak. Lekin tajriba jarayonida agar 
qulfda begona kalit yoki ochuvchi moslamadan qolgan izlar bo‘lsa, 
yo‘qolishi yoxud o‘zgarib ketishi mumkin. 
Ushbu muammoni bartaraf etish uchun quyidagicha harakat qilish 
tavsiya etiladi: 
– keltirilgan qulfning tashqi va ichki qism va mexanizmlarini batafsil 
ko‘zdan kechirib va o‘rganib, ekspert olingan ma’lumotlarni, maxsus 
adabiyotlarda keltirilgan qulflarni turli buyumlar bilan ochish usullaridan 
qoladigan belgilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan solishtirishi zarur. 
Qulfning ichki mexanizmlaridagi izlarni o‘rganish uchun esa, uni 
qismlarga ajratish zarur; 
– tajriba o‘tkazish uchun esa, taqdim etilgan qulfga aynan o‘xshash, 
rusumi, tuzilishi, o‘lchamlari, mo‘ljallangan maqsadi va turi bir xil boshqa 
qulfni olish mumkin (iloji boricha, begona buyumlar bilan ochilish 
ta’siriga uchramagan qulf bo‘lishi lozim). 
Quflarning texnik jihatdan soz yoki nosozligini aniqlash. Ushbu 
turdagi tadqiqotlar jarayonida qulflarning qay holatda texnik jihatdan soz 
va qay holatda nosoz deb hisoblash kerak, degan masalaga ham e’tibor 
berish lozim. Ayrim kriminalist olimlarning fikricha, qulflar amaliy 
mo‘ljallangan holatda qanday ishlasa, aynan shu holatda soz hisoblanadi, 
boshqa kriminalistlar esa qulflar har qanday holatda ham ishlab tursa, 
ya’ni u bilan birorta joyni yopishning imkoniyati bo‘lsa, uni soz deb 
hisoblash kerak, deb aytadilar. Soha mutaxassislarining fikrlarini 
umumlashtirib, ushbu masalaga quyidagicha oydinlik kiritilgan: 
– agar qulfning barcha tarkibiy qismlari va mexanizmlari mavjud 
bo‘lsa, ular qulfning me’yorida ishlashiga to‘sqinlik qilmasa va qulf o‘zi 
mo‘ljallangan maqsadda foydalanish imkoni bersa – uni soz holatda, deb 
aytish mumkin; 
– agar qulfning tarkibiy qismlari yoki mexanizmlarining yo‘qligi yoki 
buzilishi (masalan, qulf yoyining arralanganligi, zulfin (lo‘kidon)ning 
singanligi va shu kabilar), ushbu qism va mexanizmlar bor bo‘lsa ham, 
ularning o‘zi qulfning me’yorida ishlashiga xalal berishi natijasida qulf 
o‘zi mo‘ljalangan maqsadda foydalanish imkonini bermasa – uni nosoz 
deb hisoblash kerak;  
– agar qulfning barcha qismlari mavjud, lekin birorta qismi kam 
shikastlanishi natijasida uning ochilishi osonlashib, yopilishi qiyinlashib 
qolgan bo‘lsa (masalan, qulf kalitni bir marta burashda ochiladi, ikki marta 
burashda yopiladi) – uni nosoz, deb hisoblash lozim; 


 173 
– agar qulfning barcha qismlari mavjud va qandaydir qismi 
shikastlangan, ammo uning me’yorida ishlashi kuzatilayotgan bo‘lsa – 
bunday qulfni nosoz, lekin o‘zining mo‘ljallangan maqsadiga ko‘ra 
ishlatish mumkin, deb hisoblash kerak. 
Qulflarning trasologik ekspertizasining zamonaviy imkoniyatlari juda 
yuqori. Bunga ushbu turdagi ekspertiza tadqiqotlarida hal etiladigan 
savollarning miqdori va hajmini baholab, ishonch hosil qilish mumkin. 
Qulfning begona buyum bilan ochilganligini aniqlash. Qulfni tadqiq 
qilib, ekspert-trasolog quyidagi ikki o‘zaro qarama-qarshi fikrlarga kelishi 
mumkin: 
1. Qulfning mexanizmidagi detallar va ichki sirtlarida begona 
buyumlarning ta’sir qilish belgilari aniqlanmadi. 
Odatda, bunday hollarda chiqariladigan yagona xulosa quyidagicha 
shakllantirilishi mumkin: «Qulfni tanlangan (soxta, begona) kalit yoki 
maxsus ochgich (otmichka) bilan, shtatli kalitning izlaridan farq qiluvchi 
iz va belgilar qoldirmasdan ochishning imkoni bo‘lmaganligi bois, taqdim 
etilgan qulfning begona buyumlar bilan ochilganligini aniqlash bo‘yicha 
savolga javob berishning imkoni yo‘q». Bunday xulosa chiqarish uchun 
kundalik hayotda keng qo‘llaniladigan qulflarning sodda tuzilishi ham 
muhim ahamiyat kasb etadi. 
Suvaldasiz nazorat qulflarni tadqiq etishda esa, agar qulfdagi nazorat 
qog‘ozi buzilmagan va qulfning hamda uning korpusi (qutisi) zulfinga 
qandaydir ta’sir ko‘rsatishning imkonini bermagan hollarda salbiy (rad 
etuvchi) xulosa chiqarish mumkin bo‘ladi: «Keltirilgan nazorat qulf 
begona buyumlar bilan ochilmagan». 
2. Qulf korpusi (qutisi)ning ichki sirti va yopish mexanizmining 
detallarida begona buyumlar ta’sirining iz va belgilari aniqlandi. 
Odatda, ushbu iz va belgilar shilinish, ishqalanish, metall ko‘chishi 
ko‘rinishida bo‘lib, ularning rangi metall yaltiroqlikka ega bo‘ladi. Undan 
tashqari, ushbu iz va belgilar, qulfning shtatli kaliti izlaridan boshqa 
joylarda joylashgan bo‘ladi va shtatli kalit izlaridan keskin farq qiladi.  
Begona buyumlarning qulfga ta’siri izlari va belgilarini aniqlash 
uchun, bunday izlar qolishi mumkin bo‘lgan sohalar (qulfning ichki sirti 
va mexanizmining detallari) tekshirilishi kerak. 
Suvaldasiz qulflarda bu kabi sohalar quyidagilar hisoblanadi: qulf 
korpusi (qutisi)ning yo‘naltiruvchi ustunchasiga tutash sohasidagi tubi va 
ushbu ustunchaning sirti, zulfindagi kalit uchun bo‘rtiqlar, shuningdek 
zulfin boshchasi va yoyning berkituvchi uchidagi teshik sohalari. 


 174 
Suvaldali qulflarda esa begona buyumlarning qulfga ta’siri izlari 
qolishi mumkin bo‘lgan sohalar bo‘lib quyidagilar hisoblanadi: qulf 
korpusining suvalda va zulfinning quyi chetlari atrofidagi sohalari, suvalda 
va zulfinning quyi sohalari. 
Silindrli qulflarda esa bunday sohalar – kalit uchun teshikning ichki 
sirtlari va silindr shtiftlarning yonbosh sirtlari hisoblanadi. 
Qulflarni begona buyumlar ta’sirida ochilganligi to‘g‘risidagi ajobiy 
(tasdiqlovchi) xulosa – ekspert aniqlangan iz va belgilarning tadqiqotlariga 
tayanib, qulf zulfini «ochiq» holatga aynan begona buyum yordamida 
surilganligini isbotlay olganidagina berilishi mumkin. 
Suvaldasiz qulflarda, uning zulfini yopiq holatda faqat prujina 
yordamida ushlanib turiladi, shuning uchun ushbu zulfinni ochiq holatga 
o‘tkazish maqsadida, unga prujina kuchidan kattaroq kuch ilan ta’sir qilish 
yetarli bo‘ladi. Natijada, suvaldasiz qulflarning begona buyum yordamida 
ochilganligi to‘g‘risidagi ijobiy (tasdiqlovchi) xulosa quyidagi ikki holatda 
mumkin bo‘ladi: 
1. Tekshirilayotan qulf zulfinida begona buyumlarning izlari aniqlan-
ganda, ularning hosil bo‘lish mexanizmini to‘liq aniqlab olish lozim: 
qulfni ochishda ishlatilgan buyumga ta’sir qilgan kuchning yo‘nalishi va 
kattaligi, buyumning ishchi sirtining xususiyatlari (o‘lchamlari, shakli, 
xususiy belgilarining mavjudligi). 
Undan so‘ng, tajriba orqali tekshirilayotgan qulf zulfinining ochiq 
holatga o‘tish imkoniyatlari va bu jarayonda hosil bo‘ladigan izlarning 
yo‘nalishi hamda ifodalanganlik darajasi bo‘yicha tekshirilayotgan izlarga 
mos kelishi aniqlanadi. Agar, tajribalardan tekshirilayotgan izlarning hosil 
bo‘lishida qulf prujinasi egiluvchanlik darajasiga ta’sir etilganligi 
aniqlansa, u holda suvaldasiz qulfni begona buyum bilan ochilganligi 
to‘g‘risidagi xulosa berish mumkin. Ushbu xulosada, qulfni ochishda 
ishlatilgan buyumning shakli, o‘lchamlari va tuzilishidagi xususiyatlari 
haqida ham ma’lumot berish lozim. 
2. Qulf korpusi (qutisi)ning tubida begona buyumning ta’siri izlari 
aniqlansa, ularning zulfin yopiq va ochiq holatida qay darajada 
ko‘rinishiga alohida e’tibor berish kerak. Begona buyumning qulf korpusi 
(qutisi) tubidagi izlari – zulfin yopiq holatda bo‘lganida uning asosi bilan 
to‘silishi, zulfin ochiq holatda bo‘lganida esa aniq ko‘rinib qolishi 
mumkin. Undan tashqari, aniqlangan izlardan begona buyumning ta’siri 
zulfinni ochish yo‘nalishi bo‘ylab qilinganligini aniqlash kerak. 
Suvaldali qulflarda, uning zulfinini siljitish qulfning har bir suval-
dasini muayyan holatidagina mumkin bo‘ladi. Shuning uchun begona 


 175 
buyumlarning zulfinning o‘ziga ta’siri qulfning ochilishiga sabab 
bo‘lmaydi. Ammo, qulf suvaldalarining har biriga bir vaqtning o‘zida 
begona buyum bilan ta’sir qilinganligini aniqlashning imkoni yo‘q. Shu 
boisdan, suvaldali qulflarning begona buyum bilan ochilganligi to‘g‘ri-
sidagi xulosalar qulf zulfinining begona buyum ta’sirida siljitilganligi 
izlariga qarab chiqariladi. 
Silindrli qulflarda zulfinni siljitish silindrning aylanishi hisobiga 
amalga oshiriladi. Shuning uchun, silindrli qulfning begona buyum bilan 
ochilganligi to‘g‘risidagi xulosa qulf silindrining begona buyum bilan 
aylantirilganligiga ishonch hosil qilinganida chiqarilishi mumkin. 
Silindrli qulfni begona buyumlar bilan ochilganligi to‘g‘risidagi 
obyektiv va ishonchli xulosa quyidagi holatda mumkin: silindrning oraliq 
holati, ya’ni silindrning shtiftlari qulf korpusi (qutisi) shtiftlaridan ajralgan 
holatda bo‘ladi, bunda silindr erkin holatda va qulfning shtatli kaliti 
silindrda joylashgan bo‘ladi. Bunda, silindrning ushbu (oraliq) holatida 
kalitni qulfdan chiqarib olishning imkoni yo‘qligiga tajriba orqali ishonch 
hosil qilish lozim. 
«Abloy» rusumli qulflarni jinoiy maqsadda ochish uning yopish 
mexanizmidagi har bir asosiy disk (shayba)larning muayyan holatda 
turganidagina mumkin. Ushbu faktni aniqlashning esa umuman imkoni 
yo‘q. Bunday hollarda, ya’ni qulfda begona buyumlarning iz va belgilari 
aniqlangan, ammo ularning qulf zulfinini ochiq holatga siljishi bilan 
bevosita va sababiy bog‘liqligini aniqlashning imkoni bo‘lmaganda, 
ekspert-trasolog tekshirilayotgan qulfning yopish mexanizmiga begona 
buyum bilan ta’sir ko‘rsatilganligini ta’kidlashi, ushbu begona buyumning 
aniqlangan xususiyatlarini ta’riflashi hamda u yoki bu turdagi xulosa 
chiqarishning imkoni yo‘qligini izohlab berishi lozim. 
 
 

Download 1,77 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   63   64   65   66   67   68   69   70   ...   126




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish