Ko‘rsatmalarni hodisa
joyida tekshirishdan maqsad
Oldindan belgi-
langan faktlarni tek-
shirish va aniqlash
Yangi dalillarni
topish
Ko‘rsatmadagi
ziddiyatlarni topish,
soxta ko‘rsatmalarni
fosh etish
Jinoyatni keltirib
chiqargan sabab va
sharoitni aniqlash
11.3. Voqea sodir etilgan joyni ko‘zdan kechirish psixologiyasi
Voqea joyini ko‘zdan kechirish moddiy obyektlar, ularning belgilari
hamda hodisani tergov qilish uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan, u yuz
bergan va izlari topilgan makondagi o‘zaro aloqalarni aniqlash hamda
bevosita tadqiq etishdir. Voqea joyini ko‘zdan kechirish yuz bergan jinoiy
hodisa haqidagi ma’lumotlarni, jinoyat ishini ko‘rib chiqish uchun
ahamiyatga ega masalalarni hal qilishda faol, maqsadli idrok etish, tahlil
qilish va olingan axborotni sintezlash sifatida ta’riflanadi. Tergovchining
voqea joyini ko‘zdan kechirish chog‘idagi faoliyatini, shuningdek, har xil
ma’lumotlarni qidirib topish va ishlatish hamda protsessual jihatdan qayd
etish orqali jinoiy voqeaning fikriy modelini tuzish jarayoni sifatida ham
ta’riflash mumkin.
Har bir jinoyat moddiy vaziyatda muayyan o‘zgarishlarga uchraydi
va odamlarning ongida o‘z aksini topadi. Voqea joyidagi vaziyatning
o‘zgarishi aniqlanishi, qayd etilishi, tekshirilishi va dalil sifatida
foydalanishi mumkin.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish odatda birlamchi tergov harakatlariga
kiradi, shaxsga qarshi o‘ta xavfli jinoyatlarga doir ishlarning aksariyati
222
esa voqea joyini ko‘zdan kechirishdan boshlanadi. Bunda ishning
muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligi ko‘p jihatdan to‘g‘ri tusmolning
ilgari surilishiga bog‘liq. Boshqa tomondan, u ko‘p hollarda tergovning
borishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, uni noto‘g‘ri yo‘ldan ketishiga yoki
boshi berk ko‘chaga kirishiga olib keladi.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish jinoyat izlarini, boshqa ashyoviy
dalillarni topish, voqea holatlarini, shuningdek, ish uchun ahamiyatga ega
bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlash maqsadlarida o‘tkaziladigan mustaqil
tergov harakati hisoblanadi. Shu bilan birga, ko‘zdan kechirish boshqa
tergov harakatlari – ushlab turish, tintuv o‘tkazish, olib qo‘yish, tergov
eksperimenti, ko‘rsatmalarni voqea joyida tekshirish kabilarning tarkibiy
qismi bo‘lishi ham mumkin
1
.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish almashtirib bo‘lmas tergov harakati
hisoblanadi, chunki ko‘zdan kechirish chog‘ida olinadigan ma’lumotni
aksariyat hollarda boshqa joydan topish, boshqa tergov harakatlarini
o‘tkazish orqali olish mumkin bo‘lmaydi. Masalan, jinoyatchining oyoq
va qo‘l izlari, uning buzish qurolini qo‘llash usullari ana shularga misol
bo‘la oladi. Tergovchi voqea joyidagi obyektlarni o‘rganish jarayonida
bilishning tergov yo‘nalishini belgilash va voqealarning haqiqiy
xususiyatini aniqlash imkonini beradigan faktlar va holatlarni topishga
qaratilgan turli xil shakl va usullaridan foydalanadi
2
.
Voqea joyidagi holatni idrok etish tergovchiga hodisaning
manzarasini tasavvur qilish imkonini beradi, tusmollarni ilgari surish,
boshqa tergov harakatlarini o‘tkazish uchun zarur empirik baza yaratadi.
Albatta, hech qanday hujjat tahlili, bayonnomalar, chizmalar, fotosuratlar
bevosita ko‘rishning o‘rnini bosa olmaydi, ana shuning uchun ham avval-
gi yillarda sodir etilgan va ochilmagan jinoyatlar ishlash uchun qabul
qilinganida, vaziyat katta o‘zgarishlarga uchragan hollarda ham, har holda
voqea joyida bo‘lish va u bilan tanishish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Juda ko‘p hollarda voqea joyini ko‘zdan kechirish tergovning
boshlang‘ich bosqichiga xos bo‘lgan noaniq tergov vaziyati sharoitida
o‘tkaziladi. Bunda nima yuz bergani, ya’ni jinoyat, baxtsiz hodisa,
uyushtirilgan voqea, agar jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, u qanday jinoyat,
uni kim va nima uchun sodir etishi mumkinligi aniqlanadi.
1
Qarang: Чуфаровский Ю. Юридическая психология. – М., 1995. – С. 158.
2
Qarang: Шмидт А. А. Сущность и понятие осмотра места происшествия.
Следственные действие (криминалистические и процессуальные аспекты).
– Свердловск, 1993. – С. 89.
223
Ko‘zdan kechirish tergov harakatining o‘ziga xosligini uning
kechiktirib bo‘lmas xususiyatga egaligi ham tashkil etadi. Aksariyat
boshqa dastlabki tergov harakatlaridan farqli ravishda voqea joyini
ko‘zdan kechirish zudlik bilan o‘tkazilishi kerak. Har qanday kechikish
vaziyatning o‘zgarishiga, iz va dalillar yo‘qolishiga, voqea shohidlari va
guvohlari ish uchun muhim holatlarni unutishiga olib kelishi mumkin.
Bunday sharoitda tergovchida ko‘zdan kechirishga, uning taktikasini
o‘ylab ko‘rishga, maslahat olishiga yetarli vaqt bo‘lmaydi. U juda tez
harakat qilish kerak, aks holda yo‘l qo‘ygan xatosini tuzatish qiyin
kechadi, bu dalillar o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas darajada yo‘qolishiga olib
kelishi mumkin. Bularning bari tergovchida yuqori darajadagi mas’uliyat
hissini yuzaga keltiradi, yosh, yetarli tajribaga ega bo‘lmagan xodimlarda
esa ko‘pincha «xato qilishdan qo‘rqish» deb atash mumkin bo‘lgan o‘ziga
xos holat yuzaga keladi. Bu ortiqcha hayajonlanish, o‘zini yo‘qotish,
shoshma-shosharlik, oqilona faollikning, maqsadga muvofiqlikning
pasayishida namoyon bo‘ladi, aniq fikriy faoliyat yurita olmaslikka,
ko‘zdan kechirish ishtirokchilarining harakatlarini to‘g‘ri boshqarishda
qobiliyatsizlikka olib keladi. Ayni vaqtda shu narsa yaxshi ma’lumki,
malakali tergovchilar xuddi shunday murakkab vaziyatda nafaqat tez,
balki maqsadga yo‘naltirilgan tarzda, butun diqqat-e’tiborini jamlagan
holda harakat qiladilar. Ularning kuzatuvchanligi, fikriy faoliyati
kuchayadi, ular ko‘zdan kechirishning borishiga mohirlik bilan rahbarlik
qiladilar. Umuman olganda, bunday tergovchilarda barcha ma’naviy va
jismoniy kuchlar safarbar etiladi
1
.
Voqea joyiga chiqish uchun tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida
tergovchining bo‘lg‘usi faoliyatga ruhiy jihatdan tayyorlanish zarurati
yuzaga keladi. U voqeaning xususiyatiga qarab o‘z harakatlarining umu-
miy tartibini modellashtiradi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni
bartaraf etishga yo‘nalishni shakllantiradi.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish ishtirokchilarining qarashlari
psixologik jihatdan mos kelishi ham alohida ahamiyatga ega. Tergovchi
hokimiyat vakolatiga ega bo‘lsa-da, shaxslararo munosabatlarning
psixologik jihatlarini ham e’tibordan chetda qoldirmasligi kerak. Uning
ko‘zdan kechirish ishtirokchilari bilan ish yuzasidan xushmuomala
munosabatda bo‘lishi bir guruh shaxslar ishtirok etadigan voqea joyini
ko‘zdan kechirishni muvaffaqiyatli o‘tkazishning muhim shartidir.
1
Qarang: Глазырин Ф. В. Психология следственных действий. – Волго-
град, 1993. – С. 7.
224
Puxta ishlangan dastlabki ruhiy, tashkiliy va texnikaviy tayyorgarlik
voqea joyini ko‘zdan kechirish muvaffaqiyatli o‘tishining garovidir.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish boshlanishidan avval tergovchi
tashkiliy ishlarni (tezkor guruhni tanlab olish, ilmiy-texnikaviy vositalarni
tayyorlash va tekshirish, mutaxassislarni taklif etish, voqea joyini
qo‘riqlash kabilarni) amalga oshirishi kerak. Tezkor guruh a’zolarining
o‘z vazifalarini yaxshi bilishi, bir-birlari bilan aniq hamkorlik qilishi katta
ahamiyatga ega. Tezkor guruhni tashkil qilishda ishtirokchilarining
kasbiy mahorati va hayotiy tajribasini uyg‘unlashtirishning, o‘zaro
psixologik mos kelishining (birga ishlashga, o‘zaro yordam berishga, har
qanday vaziyatda og‘ir bo‘lishga, xayrixohlik, o‘zini tutish, o‘zaro
hurmatni saqlab qolishga tayyorlik, yuzaga kelgan nizolarni tez bartaraf
eta olishning) maqsadga muvofiqligini yodda tutish zarur.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish tergovchi oshkora, boshqa odamlar
hozirligida harakat qiladigan kam sonli tergov harakatlari qatoriga kiradi.
Bu ham muayyan ruhiy tayyorgarlikni, jumladan fikrni jamlay olish,
og‘ir-vazmin bo‘lish, diqqatni jamlash va zarur bo‘lganida boshqa
narsaga ko‘chira olish, ayni vaqtda voqea joyini ko‘zdan kechirish
ishtirokchilarining harakatlariga rahbarlik qilish, zarur intizomni,
hamkorlik muhitini saqlash mahoratini talab qiladi.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish – tergovchi, surishtiruv organining
xodimi, mutaxassislar va shohidlardan iborat bo‘lgan hamda tergovchi
rahbarlik qiladigan murakkab kompleks faoliyat turidir. Tergovchining
faoliyati bir qator operatsiyalardan tashkil topadi hamda bilish, izlash,
tashkil qilish va ishonch hosil qilish elementlarida amalga oshadi
1
. Ularni
qisqacha tavsiflab o‘tamiz.
Faoliyatning bilish elementi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
– vaziyatni, faktlar va hodisalarni idrok etish;
– ular o‘rtasidagi sababiy aloqani aniqlash;
– taxminlar, tusmollarni ilgari surish.
Faoliyatning izlov elementi – jinoyatchining harakatlari tufayli kelib
chiqqan o‘zgarishlarni izlash va topish; izlar, ashyoviy dalillarni olish.
Tashkiliy element ko‘zdan kechirish vaqtida tezkor guruhga rahbarlik
qilish harakatlarini (voqea joyining qo‘riqlanishini tashkil qilish, jabrla-
nuvchiga ko‘maklashish, vazifalarni ko‘zdan kechirish ishtirokchilari
o‘rtasida taqsimlash kabilarni) o‘z ichiga oladi. Tergovchi faoliyatining
ishonch hosil qilish elementi o‘z ichiga ko‘zdan kechirish davomida
1
Qarang: Дулов А. В. Судебная психология. – Минск, 1985. – С. 50–135.
225
topilgan izlar, ashyoviy dalillarni, aniqlangan faktlarni qayd etish,
tasdiqlash va mustahkamlashni oladi. Tergovchi voqea joyini ko‘zdan
kechirish bayonnomasini tuzadi, chizmalar tayyorlaydi; o‘zi yoki
mutaxassis yordamida fotosurat, kinosurat, audio-video yozuvga olishni
amalga oshiradi. Ko‘pincha voqea joyidagi barcha narsalar keltirilgan
inventar ro‘yxatga o‘xshash bayonnomalar uchraydi. Tergovchi bu tariqa
harakat qilganida ayrim holatlarning ahamiyati haqida o‘ylab o‘tirmaydi,
qamrab olish mumkin bo‘lmagan narsani qamrab olishga harakat qiladi.
Muvaffaqiyatsizlikka mahkum bo‘lgan bunday harakat ko‘zdan kechirish
doirasini aniqlash, ushbu ish bo‘yicha muhim belgilarga e’tiborni
qaratishga xalal beradi.
Tergovchining voqea joyini ko‘zdan kechirish chog‘idagi faoliyati-
ning yuqorida sanab o‘tilgan tomonlarini ajratish muayyan darajada
shartli xususiyatga ega. Amaliyotda tergovchining voqea joyini ko‘zdan
kechirish jarayonidagi faoliyati doimo yaxlit birlikni tashkil qiladi.
V. L. Vasilyevning yozishicha, voqea joyini muvaffaqiyatli ko‘zdan
kechirish uchun quyidagi uchta vazifani aynan bayon etilgan ketma-
ketlikda bajarish tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |