Tan sulolasi hukmronligining barham topishi. Imperiyaning istilochilik urushlari haddan tashqari katta xarajatlar evaziga amalga oshirilgan. Bu esa soliqlarning tobora ortib borishiga olib kelgan. Og’ir soliqlar dehqonlarning tinka-madorini quritar edi. To’yib ovqat emaslik, ocharchilik ularning yo’ldoshi edi. Natijada dehqonlar qo’zg’olon ko’tarishga majbur bo’lganlar. Dehqonlar qo’zg’olonining eng yirigi 875-884- yillarda bo’lib o’tgan. Qo’zg’olonga sobiq harbiy xizmatchi Xuan Chao rahbarlik qilgan. Qo’zg’olon imperiyani larzaga solgan. 880- yilda Xuan Chao o’zini hatto imperator deb ham e’lon qilgan. Tan sulolasi ko’chmanchilarning yordami bilan 884- yildagina qo’zg’olonni bostirishga erishgan. Qo’zg’olon tan sulolasi hokimiyatini zaiflashtirgan. Bundan viloyat hukmdorlari foydalanganlar. Ularda separatchilik kayfiyati kuchaygan. Oxir -oqibat 907-yilga kelib Tan imperiyasi qulagan. Bu hodisadan so’ng Xitoyda bir necha o’n yillar siyosiy tarqoqlik hukm surdi. Dehqonlar qo’zg’oloni izsiz ketmadi. Uning oqibatida dehqonlarni holdan toydiruvchi o’ta og’ir soliq tizimi barham topdi.
Yer egaligi munosabatlari. Xitoyda butun yer rasman davlat mulki hisoblangan. Davlat uni aholiga taqsimlab berardi. 624- yilda qabul qilingan qonunga ko’ra, har bir xo’jalik 100 mu dan yer olish huquqiga ega bo’lgan. Uning 80 mu sidan davlatga soliq to’langan. 20 mu.si esa meros qoldirish huquqi bilan berilgan. Uy-joy hamda bog’ egallagan yer maydoni 20 mu tarkibiga kiritilgan. Bog’da mevali daraxtlar bilan birga, albatta tut ko’chati parvarish qilinishi shart bo’lgan. Bu tartib Xitoyda ipak qurti boqish zaruratidan kelib chiqqan. Aholi davlatdan olgan yerlarini sotish huquqiga ega bo’lmagan. Ular faqat uy va bog’larini garovga qo’yishi yoki sotishi mumkin edi, xolos. Davlatdan olingan yer uchun har yili soliq to’langan. Dehqonlar yiliga 30 kungacha davlat uchun turli majburiyatlarni o’taganlar. Davlat lashkarboshilarga, turli darajadagi amaldorlarga hamda zodagonlarga katta-katta yer maydonlarini in’om qilgan. In’om hajmi 300 mu.dan 10 ming mu.ni tashkil etgan. In’om yerlar soliqdan ozod etilgan. Tan imperiyasi davrida amaldorlar 9 darajaga bo’lindi. Amaldorlarga darajasiga qarab maosh o’rniga yer-mulk ajratib berilgan. Tan sulolasi hukmronligi davrida davlat chek yer tizimi to’la qaror topgan.