Ijtimoiy munosabatlar. Hindistonda ham yer egaligi munosabatlari sekinlik bilan bo’lsa-da, tarkib topa borgan. Bu o’rinda hukmdorlarning grasni joriy etganliklari muhim rol o’ynagan. Bunda hukmdor xonadonining a’zolari, nufuzli zodagonlarning manfaatlari hisobga olingan. Gras olgan shaxsga harbiy xizmatga hamisha shay turish majburiyati yuklangan. Gras ishlash uchun dehqonlarga ijaraga berilgan. Rojalar o’z xizmatkorlariga ham ma’lum majburiyat evaziga yer berishgan. Ulardan foydalanish muddati oldindan belgilab qo’yilgan. Yer egaligining bu turi patta deb atalgan.
Qishloq jamoasining yemirila borishi. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning o’sishi va mehnat qurollarining takomillashuvi mehnat unumdorligining ortishiga olib keldi. Oqibatda kichikroq oilaning o’zi ham mustaqil ravishda xo’jalik yurita oladigan bo’ldi. Bu o’z navbatida katta-katta oilalarning bo’linishiga olib ketdi. Katta oilalarga qarashli chek yerlar endi bo’linib chiqqan kichik oilalarga bo’lib beriladigan bo’ldi. Katta o’g’ilga ukalariga qaraganda ko’proq yer ajratib berilgan. Bu jarayon vaqt o’tishi bilan qishloq jamoasida tabaqalanishni kuchaytirgan, yer egaligi munosabatlarining chuqurlashuviga olib kelgan.
Xo’jalik mashg’ulotining asosiy turlari. Dehqonchilik va hunarmandchilik Hindiston xo’jaligining asosini tashkil etgan. Sholi, paxta, shakarqamish, xilma-xil ziravorlar, choy yetishtirish dehqonchilikning yetakchi tarmoqlari bo’lgan. Sug’oriladigan yerlardan yiliga ikki marta hosil olingan. Hind hunarmandchiligi namunalari - dunyoga dong taratgan qo’li gul zargarlar tomonidan yaratilgan zeb-ziynat buyumlari, oltin va kumushdan yasalgan ko’zachalar ayniqsa mashhur edi. Fil suyagi va yog’ochdan yasalgan ajoyib haykallar hind ibodatxonalariga ko’rk bag’ishlagan. Bunday noyob san’at asarlariga ega bo’lish qo’shni davlatlar hukmdorlarining azaliy orzusi bo’lgan. Hind to’quvchilari to’qigan ajoyib shoyi gazlamalar "tan rohati" deya e’zozlangan.
Savdo aloqalari. Hindiston dengiz savdo yo’llari qulay mintaqada joylashgan edi. Bu omil ko’plab port shaharlarining paydo bo’lishiga olib kelgan. Port shaharlari tashqi savdo rivojiga katta hissa qo’shgan. Kalikut eng yirik port shahri edi. Kalikut davlati esa eng kuchli davlat bo’lgan. Uning hukmdori dengiz hokimi deb atalgan. Hindistonning port shaharlariga Xitoy, Misr, Arabiston va O’rta Osiyodan ko’plab savdogarlar kelishardi. Shaharlar doimo chet ellik va mahalliy savdogarlar bilan gavjum bo’lardi.