9-mavzu: Ovqat hazm qilish tizimining yoshga oid xususiyatlari
REJA
1.Ovqat hazm qilish organlarining tuzilishi va xususiyatlari
2.Bolalarda moddalar va energiya almashinuvining xususiyatlari
3.Ovqat hazm qilishning axamiyati
4.Hazm organlari gigienasi
1.Ovqat hazm qilish organlarining tuzilishi va xususiyatlari
Ovqat hazm qilish murakkab fiziologik jarayon bo’lib, bunda ovqat fizik va kimyoviy o’zgarishlar natijasida mayda zarrachalarga parchalanib, oshqozon va ichak bo’shlig’idan qon xamda limfa tomirlariga so’riladi. Ovqat hazm qilish tizimi og’iz bo’shlig’i, halqum, qizilo’ngach, oshqozon, o’n ikki barmoqli ichak, ingichka ichak, yo’g’on ichak,oshqozon osti bezi va jigar kabi organlardan tashkil topgan. Og’iz bo’shlig’i ovqat hazm qilish tizimining boshlang’ich qismi bo’lib, unda tishlar, til va so’lak bezlarining kanalchalari joylashgan. Tishlar ikki xil bo’ladi: sut tishlari va doimiy tishlar. Sut tishlari -20 ta, doimiy tishlar esa-32 ta bo’ladi. Sut tishlari bolaning olti oyligidan ikki yoshgacha chiqadi. Bola olti oyligidan 12 yoshgacha bo’lgan davrda sut tishlar asta-sekin doimiy tishlar bilan almashinib boradi. Doimiy tishlar 32 ta bo’lib, kurak,qoziq,kichik va katta oziq (jag’) tishlarga bo’linadi. Voyaga etgan odamlarda yuqori va pastki jag’larida 16 tadan tishlar mavjud bo’ladi. Tishlar ovqatni maydalovchi hisoblanib, koronka,bo’yin va ildiz kabi qismlardan tashkil topgan bo’ladi.
Ovqat hazm qilish organlarinimg umumiy ko`rinishi
1-og’iz bo’shlig’i, 2-so’lak bezlari, 3-halqum, 4-qizilo’ngach, 5-jigar, 6-me’da, 7-o’t xaltasi, 8-me’da osti bezi, 9-ingichka ichak, 10-yo’g’on ichak, 11-chuvalchangsimon o’simta, 12-to’qri ichak, 13-o’n ikki barmoq ichak.
Til- og’iz bo’shlig’ida joylashgan muskulli organ bo’lib, ovqatni aralashtirish, tomoq tomonga surish,ovqatni ta’mini aniqlash va suzlarni talaffuz qilish kabi vazifalarni bajaradi. Og’iz bo’shlig’ida uch juft: til osti, jag’ osti, quloq oldi kabi so’lak bezlarining kanalchalari ochiladi. Ajralgan so’lak ovqatni aralashtirib parchalashda xizmat qiladi.Chaqaloqning so’lak bezlari juda kam so’lak ajratadi. Bola hayotining to’rtinchi oyidan boshlab,ajraladigan so’lak miqdori ko’payadi va bir kunda 150 ml ga etadi. So’lak ajralishiga – salivasiya deyiladi, u rangsiz, yengil ko’pilanuvchi,engil tupiriluvchi, cho’ziluvchi, hidsiz va ta’msiz ishqoriy muhitga ega bo’lgan suyuqlikdir. Uning ishqoriyligi bir kunning o’zida turli odamlardagidek, aynan bir odamning o’zida ham o’zgarib turadi (pH-5,25-7,54). So’lakning muhiti ovqatlangandan keyin kislotali tomonga ham o’tishi mumkin.
So’lakning reaksiyasi va tarkibi jihatidan hayvonlarnikidan odamlarniki farq qiladi. Odamlar so’lagining zichligi 1,002 dan 1,017 gacha o’zgarib turadi. So’lakning tarkibida suv 98,5 dan 99,5 % gacha va qattiq moddalar esa 0,5 dan 1,5 % gacha bo’lib, uning 2/3 – qismiga yaqini organik moddalar va 1/3 –qismiga yaqini tuzlardir.
So’lakda; a) xlorid, fosfat, sul’fat tuzlarining qoldiqlari, natriy, kaliy va kalsiy bikarbonatlari, azotning achchik tuzi, ammiak, odamlar so’lagi tarkibida esa yuqoridagilardan tashqari sul’fotsianli kislotalar birikmasi – rodanidlar kabi anorganik moddalar saqlanadi. b) musin, globulin hamda aminokislotalar, kreatinin, siydik kilotasi va mochevina kabi organik birikmalar ham saqlanadi.
Halqum- burun va og’iz bo’shlig’ining davomi bo’lib, u shilliq va muskulli qavatlardan iborat.Halqumning vazifasi ovqatni og’iz bo’shlig’idan qizilo’ngachga, xavoni burun bo’shlig’idan –hiqildoqqa o’tkazishdan iborat. Qizilo’ngach- bolalar va o’smirlarda o’rtacha 20-25 sm uzunlikda bo’lib, u ham shilliq va muskulli qavatlardan iborat. Vazifasi ovqatni tomoqdan oshqozonga o’tkazishdan iborat. Oshqozon (me’da) –chaqaloqning oshqozoni yumaloq shaklda bo’lib, 7-11yoshda uning shakli kattalarnikidan farq qilmaydi. Uning sig’imi chaqaloq davrida 5-10 ml bo’lib, birinchi oy davomida 30-35 ml gacha ortadi,yilning oxirida 250-300 ml ni tashkil etadi. Voyaga etgan insonlarda oshqozon 4 qismdan : kirish qismi, tub qismi, tana qismi va pilorik (chiqish) qismlardan iborat. Katta odamlarda oshqozonning sig’imi o’rtacha 2,5 litrni tashkil etadi. Oshqozonning shilliq qavati ostida 14 millionga yaqin bezchalar joylashgan bo’lib, ulardan bir sutkada uch litrga yaqin oshqozon shirasi ajraladi. Oshqozonda aralash ovqatlar 3-4 soat, yog’li ovqatlar 5-6 soat, suv, sut, non va shirinliklar 2-3 soatda parchalanib o’n ikki barmoqli ichakka o’tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |