Makka “fathi”.
Hudaybiya sulhi 10 yil muddatga imzolangan bo‘lsada,
uning uzoqqa cho‘zilmasligi ko‘rinib turgan narsa edi. Sulh shartlaridan biriga
ko‘ra Xuzoa qabilasi Payg‘ambar va Bakr qabilasi Quraysh tomonga o‘tgandi. Ular
orasida azaldan davom etib kelayotgan qasos masalasi mavjud edi. Muta voqeasida
musulmon askari muvaffaqiyat qozonmagandan so‘ng Bakr fursatdan
foydalanishga qaror qildi. Ikrima bin Abu Jahl va boshqa Quraysh zodagonlari esa
Bakrga qurol bilan yordam berdilar. Tunda al – Vatir degan suv yonida Bakr
Xuzoaga qo‘qqisdan hujum qilib bir necha kishini qatl qildi va uni Haramga
chekinishga majbur qildi. Xuzoaning Budayl bin Varqo boshliq vakillari Madinaga
Payg‘ambar qoshiga shoshildilar va voqeadan xabardor qildilar. Bu Hudaybiya
sulhining buzilganidan dalolat edi. Payg‘ambar uning amalda bekor bo‘lganini
e’lon qildi va Makkaga yurish chorasi ko‘rila boshlandi.
Makka zodagonlari xatolarini albatta tezda tushundilar va zudlik bilan Abu
Sufyon boshliq delegasiya sulhni qayta tiklash maqsadida Madinaga otlandi.
Ammo uning sa’y – harakati tegishli natijani bermadi. Na uning Payg‘ambar
nikohidagi qizi Umm Habiba va na Abu Bakr, Umar, Ali kabi sahobalar unga
xayrihohlik bildirdilar. Payg‘ambar esa umuman uni qabul qilmadi. Abu Sufyon
vaziyat batamom o‘zgarganini endi tushunib yetgandi.
Madinada Makka fathi uchun safarbarlik e’lon qilindi va qisqa muddatda
10000 kishilik askar safarga shay qilindi. Payg‘ambar shu paytgacha Arabiston
tarixida misli ko‘rilmagan kuchga ega bo‘lgan bo‘lsada Makkani iloji boricha qon
to‘kmasdan olishning puxta rejasini tuzdi. Makkaga atigi 4 farsax masofada
bo‘lgan Marr Zahron degan joyda askarga qo‘nim berilganda ham Makkada hech
qanday qarshilik alomatlari sezilmasdi. Gap shundaki, Abu Sufyon, Abbos va
Hoshimiylar xonadonining boshqa ko‘zga ko‘ringan vakillari Payg‘ambarga
peshvoz chiqib, islomga kirdilar va o‘zlari uchun omonlik oldilar. Shundan so‘ng
Makka ahlidan kimki masjid yoki Abu Sufyon xonadoniga kirib olsa, omonlik
berilishi e’lon qilindi. Ta’bir joiz bo‘lsa, yuqorida zikr qilingan shaxslar o‘ziga xos
«taslim» delegasiyasini tashkil qilgandilar va amalda Makkaning kapitulyasiyasiga
erishilgandi.
Ammo shunday bo‘lsada Payg‘ambar o‘z askarini o‘ta intizom bilan
boshqardi va bir necha qismlarga bo‘lingan holda Makkaga turli tomonlardan kirib
borildi. Faqat majbur qilingandagina jang qilishga buyruq berildi. Hujumkorlikka
mayli bo‘lgan qo‘mondonlardan Sa’d bin Uboda al - Ansoriy vazifasidan
chetlatilib, o‘rniga uning o‘g‘li tayinlandi. Xolid bin Valid boshchiligidagi qismga
ular o‘rtasida eski mavjud bo‘lgan adovat tufayli Ikrima bin Abu Jahl, Safvon ibn
Umayya odamlari biroz qarshilik ko‘rsatdilar, xolos. Makkaga qo‘shin kirib kelishi
bilan islomga qarshi bo‘lgan eng yirik kuch taslim bo‘ldi. Payg‘ambar Quraysh
ahliga, xatto ular orasidagi uning o‘zining ashaddiy dushmanlariga ham avf e’lon
qildi.
Shunday qilib aytish mumkinki, Payg‘ambar islom tarixidagi eng buyuk
ma’rakani qon to‘kmasdan, urushsiz amalga oshirdi. Makkaning olinishi Arabiston
yarimorolida juda katta diniy va siyosiy xarakterdagi aks sado berdi. Makkaga
kirib kelgach, Payg‘ambar birinchi navbatda Ka’bani tavof etdi va u yerdagi
barcha sanam va devorlardagi suratlarni yo‘q qilishni buyurdi. Bu bilan
budparastlik – ko‘pxudolikka uning qoq markazida barham berildi. So‘ng bunday
amal Hijoz va butun Arabiston bo‘ylab ijro etildi. Qizig‘i shundaki, kechagi
butparastlar bunga deyarli qarshilik ko‘rsatmadilar, balki ularning o‘zlari bu ishda
qatnashdilar. Demak, butparastlarning kuni bitganini hamma anglab yetgandi.
Makka fathidan ikki hafta keyin Toif shahrining olinishi siyosiy jihatdan
Hijozda shahar – davlat (polis) tizimining tugaganidan darak berdi. Makka,
Madina, Toif shaharlari va ularning atroflarini o‘z ichiga olgan bu davlatga tez
fursatda butun Arabiston qabilalari kirajagi ko‘rinib turgan narsa edi. Ya’ni bu
davr talabi, tarix taqozosi edi. 631 yil islom tarixida «delegasiyalar yili» (om al -
vufud) degan nomni oldi. Qabilalar o‘z vakillarini Payg‘ambar qoshiga yuborib,
markazlashgan arab – musulmon davlatiga qo‘shilganlarini birin – ketin e’lon qila
boshladilar. Bu jarayonni oxiriga yetkazish, unga qonuniy tus berish uchun bir
tarixiy hujjatga ehtiyoj bor edi. Bunday hujjat vazifasini 631 yil hajj akbar
marosimida e’lon qilingan, «Bayon baroa» - (Ozodlik deklarasiyasi) nomini olgan
Tavba surasi o‘ynadi. Unga ko‘ra mushriklar qonundan tashqari deb e’lon qilindi
va ularga islomga kirish uchun 4 oy muhlat berildi. Makka avvalgidek
Arabistonning diniy markazi maqomini saqlab qoldi va bundan keyin
mushriklarning Makkaga kirishi, shu jumladan, hajj qilishi man’ qilindi. Ahli kitob
(yahudiylar va nasroniylar)ga jon solig‘i (jizya) to‘lash evaziga o‘z dinlarida
qolishga ruxsat berildi.
Bu bayon tez fursatda o‘z natijasini berdi. Bir yil mobaynida deyarli barcha
arab qabilalari uni qabul qildilar. Payg‘ambar islomga kirgan har bir qabilaga
islom ta’limotini o‘rgatish uchun «muallimlar» yubordiki, amalda ular markaziy
hokimiyatning joylardagi vakillariga aylanib qoldilar. 632 yil Payg‘ambar o‘zining
birinchi bor islomiy hajjini ado etdi. Unda misli ko‘rilmagan miqdorda – 100 ming
hoji qatnashdi: ular orasida bironta ham mushrik yo‘q edi. Ana shu hajj
marosimida Payg‘ambar bajargan barcha amallarni hozirgi kunda ham butun
dunyo hojilari bekamu – ko‘st ado etadilar. Taqdir taqozosi bilan bu voqea
keyinchalik «vidolashuv hajji» deb nom oldi. Zero o‘sha kunlarda mazmuni
jihatdan Payg‘ambarga oxirgi vahiy kelgandi.
Oradan uch oy o‘tgach, Payg‘ambar (sav) hayotdan ko‘z yumdi. Islom
ta’limotining din va ijtimoiy tizim sifatida muvaffaqiyat qozonishida ham
ob’yektiv, ham sub’yektiv omillarning birdek ahamiyati katta. Ularning ichida eng
muhim o‘rinni, shak – shubhasiz, o‘zini otashin notiq va vo’iz, sadoqatli
targ‘ibotchi, orzuni hayot bilan, an’anani yangilik bilan, xalqchillikni yakka
hokimlik bilan, halimlikni qat’iylik bilan bog‘lay olgan buyuk siyosiy arbob
timsolida namoyon etgan Muhammad (sav) egallaydi. Zotan tarixda bir marta
tashkil etilgan islom davlati aynan uning nomi bilan bog‘liqki, bu o‘z navbatida
Muhammad (sav) shaxsining Sharq va G arb tarixidagi rolini aniqlab beradi
ʻ
Do'stlaringiz bilan baham: |