Hudaybiya sulhi.
Tashqi dushman hujumlarini bartaraf qilib, ichki raqiblar
qarshiligini yenggach, taxminan 3000 sodiq askarga ega bo‘lgan Payg‘ambar
g‘arbiy Arabistonning yetakchi rahbariga aylandi. Bor harbiy va siyosiy
imkoniyatlarini ishga solgan Makka o‘zining eng asosiy quroli - savdodagi
ustunligidan ayrilgach, bir zumda zaiflashib qoldi. Ilgari u bilan ittifoqda bo‘lgan
ko‘pgina badaviy qabilalar Madina tomonga og‘ib ketdilar. Shunday vaziyatda
Payg‘ambar harbiy emas, balki tinchlik yo‘lini tutdiki, bu maqsadga tezroq va
osonroq yetishish imkoniyatini berdi. 6-hijriy (628 milodiy) yilning shavvol oyida
u sahobalarga Makkadagi Bayt al-Harom (Muqaddas uy)ni ziyorat qilmoq, Umra
marosimini ado etmoq niyatida ekanini e’lon qildi va ularni o‘ziga hamroh
bo‘lishga chaqirdi. Atrofdagi arab qabilalariga ham shunday murojaat qilindi. Hali
islomga kirmagan badaviylarni Makkaga chorlash qurayshiylarga Muhammad-
payg‘ambar g‘oziy sifatida emas, umrachi sifatida kelayotganini isbotlash uchun
kerak edi. Bundan tashqari Makkaning muqaddasligini hurmat qilib, unga urush
bilan emas, tinch maqsadda borayotgani Arabiston yarim orolida payg‘ambarning
obro‘sini oshirishi muqarrar edi. Zulqa’da oyining boshida Payg‘ambar deyarli
1400 kishi bilan Makkaga otlandi.
Quraysh zodagonlari bu xabarni eshitgach, qattiq tashvishga tushib qoldilar.
Agar musulmonlar Makkaga tinch maqsadda kirsalar ham bu yerda ta’qib ostida
qolgan musulmonlar bilan qo‘shilib ketishi, umuman xalq ular tomoniga o‘tib
ketishi, shaharda qonli to‘qnashuvlar sodir bo‘lishi mumkin edi. Demak, qanday
bo‘lganda ham madinaliklarni Makkaga kiritish mumkin emas. Shu maqsadda
Xolid bin Valid rahbarligida 200 kishilik otliq guruh tuzildi va u Makkadan 10
chaqirim masofada musulmonlar yo‘lini to‘sdi. Payg‘ambar hamrohlari bilan
Hudaybiya degan joyda qo‘noq qildi. Qurayshiylar unga Xuzoa, Saqif va Ahobiysh
vakillaridan iborat elchilarini yubordilar. Rasululloh ularni do‘stona kutib oldi va
o‘zining husniniyat bilan kelganini uqtirdi. So‘ngra qurayshiylar Suhayl bin Amr
degan shaxsni sulh tuzish uchun yubordilar. Suhaylning kibru-havosi,
sahobalarning noroziliklariga qaramay, Payg‘ambar sulhga erishdi. Hudaybiya
sulhi deb nom olgan bu bitimning asosiy shartlari quyidagicha edi:
- Musulmonlar bu yil Makkaga kirishlariga ijozat berilmaydi, kelasi yili
umrani ado etishlari uchun uch kun muddat ajratiladi;
- Ikki taraf o‘rtasida 10 yil muddatga tinchlik sulhi imzolanadi;
- Har ikki taraf qabilalar bilan ittifoq tuzishda erkindirlar;
- Makka ahlidan xo‘jayinining roziligisiz Madinaga o‘tganlar orqaga
qaytariladi, agar sahobalardan kimda-kim Makka tarafiga o‘tsa, qaytarilmaydi.
Oxirgi shart musulmonlarning e’tirozi va qattiq g‘azabiga sabab bo‘ldi.
Ammo Payg‘ambar bu hujjatga imzo chekdi va uni tinchlikka erishish uchun eng
muhim vosita deb hisobladi. Darhaqiqat, Hudaybiya sulhi o‘zining ahamiyati
jihatidan har qanday jangdagi g‘alabadan yuqori turadi. Agar, aytaylik, Badr jangi
g‘alabasidan so‘ng yosh islom davlatining birinchi poydevoriga asos solingan
bo‘lsa, Hudaybiya sulhidan so‘ng butun Arabiston yarim orolini islom bayrog‘i
ostida bir davlatga birlashtirish imkoniyati ochildi. Dastlab sulh shartlari ko‘proq
quraysh foydasiga deb ko‘rilgan bo‘lsada, tez orada Payg‘ambar undan katta
manfaat ko‘rdi. Kelasi yili musulmonlar bexovotir umrani ado etdilar. Makka ahli
musulmonlarning o‘zaro ahilligi, intizomliligi, Payg‘ambarga bo‘lgan cheksiz
mehr-muhabbatini ko‘rib lol qoldilar. O‘z navbatida bu hol quraysh zodagonlari
orasida parokandalikni yuzaga keltirdi va birinchi bo‘lib yirik sarkarda Xolid bin
Valid islomni qabul qilganida o‘z ifodasini topdi. U islomni qabul qilibgina
qolmay, o‘zining Makka «Malo»siga murojaatida: «Muhammad shoir ham, sehrgar
ham emas, uning so‘zlari haqiqatan Olamlar Parvardigorining qavli, har bir ongli
inson unga ergashmoqqa haqli ekani har bir zehni bor odamga ayon bo‘ldi»,- deb
bayonot berdi. Abu Sufyon uni qatl etishga buyurgan edi, norozilik bildirib yana
ikki mashhur arbob - Amr bin al-Os va Usmon bin Talhalar - islomga kirdilar.
Ularga ergashib ko‘plab oddiy makkaliklar islomni qabul qildilarki, shahar
musulmonlarga tinch yo‘l bilan o‘z darvozalarini ochib berishga tayyor bo‘lib
qolgandi.
Hudaybiya sulhi bir qancha yirik badaviy arab qabilalarining islomga
kirishiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘tgan ikki yil davomida badaviylar
orasidagi musulmonlar soni shu darajada ko‘paydiki, 630 yilda Makka fath
etilganda askarning ko‘pchiligini ular tashkil qilgandilar. Sulh bitimining dastlab
sahobalarga ma’qul bo‘lmagan oxirgi sharti ham tez orada quraysh manfaatiga zid
bo‘lib chiqdi: makkaliklar ba’zi musulmon hamshaharlarini Madinaga hijra
qilishiga ijozat bermay, hibsga olishlari oxir-oqibatda o‘zlariga ziyon bo‘lib
chiqdi, zero ular beixtiyor «beshinchi tobur», ya’ni o‘zlarining ichida boshqa
davlat topshirig‘i bilan ish olib boruvchi kishilar toifasini vujudga keltirgan edilar.
Xullas, Hudaybiya sulhi bir tomondan Payg‘ambarning uzoqni ko‘ra
bilishini isbotlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan eng yuksak diplomatiya va
siyosatning namunasi o‘laroq yaqin kelajakda Makkaning tinch yo‘l bilan taslim
bo‘lishiga , uning islom davlati tarkibiga kirishiga, pirovardida Arabiston yarim
orolining birlashtirilishiga olib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |