«Ekonomika prinsiplari» (1890) kitobida ancha tizimlashtirilgan ko’rinishda ifodalangan. Mazkur asar birinchi katta darslik vazifasini o’tagan. Unda talab va taklif to’g’risidagi konsepsiyalar birlashtirilgan va ayrim bozorlarni o’rganish uchun matematik dastaklar keng qo’llanilgan. A.Marshall va uning hamfikrlari xizmati tufayli yangi klassik nazariya XX asrning 30 - yillarigacha iqtisodiy fanda yetakchi o’rinni egallab keldi.
A.Marshall marjinalizm g’oyalarini mustaqil (Jevonsga bog’liq bo’lmagan holda) va o’ziga xos uslubda rivojlantirdi. Klassik maktab (Smit, Rikardo, Mill) va marjinalizm (Mengerdan Valrasgacha) yutuqlarini birlashtiruvchi nazariy tizim yaratdi.
Qiymat (qimmat) va narxning shakllanishi nazariyasi. Iqtisodiy fikrlar tarixida eng qiyin va murakkab muammolardan biri – qiymat muammosi hisoblanadi. A.Marshallning asari vujudga kelgunga qadar tovar qiymati muammosiga bo’lgan ikki xil yondashuv mavjud bo’lgan: qiymat yo ishlab chiqarish xarajatlari bilan, yoki tovarning foydaliligi va noyobligi bilan aniqlangan. Birinchi yondashuvga muvofiq, boylikning o’sishi yo resurslar (mehnat, kapital va yer)ning unumdorligi natijasi yoki ishlab chiqarish omillari egalarining kelgusida daromadlarni ko’paytirish maqsadida bugungi ne‘matlardan voz kechishi oqibatidir. Ikkinchi yondashuvga (me‘yorli foydalilik nazariyasi) ko’ra qiymatning asosida bozor qatnashchilari tomonidan buyumning foydaliligiga berilgan subyektiv baho yotadi. Bu borada turli yondashuv vakillari o’rtasidagi bahslar ko’pincha abstrakt, behuda, samarasiz bo’lgan.
Ko’pchilik mutaxassislarning fikriga ko’ra A.Marshall bu bahslarga nuqta qo’ydi va zamonaviy mikroiqtisodiy tahlil asosini yaratdi (iqtisodiy fikrlar tarixi bo’yicha ba’zi kitoblarda esa, hatto fandagi «marshall inqilobi» to’g’risida ham gap yuritiladi). Uning xizmati shundan iboratki, u qiymatning birinchi (asosiy) sababini qidirishni tahlil qilishdan talab va taklifning shakllanish va o’zaro ta’sir ko’rsatish qonuniyatlarini o’rganishni tahlil qilishga o’tishning zarurligini asoslab berdi. Boshqacha so’z bilan aytganda A.Marshall qiymat nazariyasini baho nazariyasi (yoki bozor muvozanati nazariyasi)ga turlantirdi.
A.Marshall marjinalistlar yutug’iga yuqori baho bergan holda ularning klassik maktab va D.Rikardoning xarajatlar nazariyasini bir tomonlama tanqid qilganini ko’rsatib o’tdi. Marjinalistlar qiymatni ishlab chiqarish xarajatlari bilan bog’lab tushuntirishni rad etgach, tovar qiymatining (qimmat) asosini uning foydaliligi tashkil etadi, deb mazkur muammoga bir tomonlama yondashdilar (ular qimmatni faqat me‘yorli foydalilik bilan tushuntirdilar). A.Marshall Me‘yorli foydalilik nazariyasini talab va taklif nazariyasi va ishlab chiqarish xarajatlari nazariyasi bilan birlashtirdi. A.Marshallning tasdiqlashicha, ishlab chiqarish xarajatlari tamoyillari va me‘yorli foydalilik – talab va taklif qonunining tarkibiy qismlaridir. Ularning har qaysisini «qaychining tig’laridan biriga qiyoslash mumkin. Agar bir tig’ qo’zg’almas bo’lib va qirqish ikkinchisining harakati tufayli amalga oshirilayotgan bo’lsa, biz beparvolik bilan lo’nda qilib ikkinchisi qirqayapti, deb aytishimiz mumkin…». Marjinalistlarning xatosi talab va taklif simmetriyasiga yetarlicha baho bermaganliklarida, yutug’i esa ulargacha chetda qolib ketgan talab muammosiga e‘tiborni qaratganliklaridadir.
O’z mohiyatiga ko’ra A.Marshall bo’yicha, real qiymat – bu talab va taklif ta’sirida shakllanadigan muvozanat baho. Bunda talab ham, taklif ham teng huquqli omil sifatida amal qiladi. A.Marshall yo taklifni (klassik nazariya) yoki talabni (me‘yorli foydalilik nazariyasi) hal qiluvchi omil sifatida ko’rsatishga bo’lgan urinishlarning har ikkalasi noto’g’ri ekanligi ko’rsatib berdi. Shu asosida A.Marshall oldingi qiymat nazariyalaridan eng muhim qoida va konsepsiyalarni olib bir butun tamoyilga birlashtirdi. Masalan, sarfli qiymat nazariyasi bozor taklifining shakllanish qonuniyatlarini tushuntirib berish uchun foydalanildi, me‘yorli foydalilik nazariyasi esa bozor talabining shakllanish qonuniyatlarini tushuntirib berish uchun ishlatildi. A.Marshall tovar qiymati (bahosi)ni aniqlashda me‘yorli foydalilik va ishlab chiqarish xarajatlarini sintezlashtirdi. A.Marshall bo’yicha tovar qiymati (bahosi) ikki omil: foydalilik va ishlab chiqarish xarajatlari bilan aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |