Eskicha an’anaviy oila kiyinishda, eb - ichishda kasbu korda zamonaviy oiladan farq qilmaydi. U ham halol, hamma qatori zamonaviy sharoitda yashaydi. Faqat u o‘zining «o‘zbekchiligi, ajdodlarining an’anaviy ma’naviy qadriyatlarini «unutmagani» bilan faxrlanadi. Hamma gap shundaki, bunday oila uchun asosiy kuchi va imkoniyatlarida ana shu faxrlanish hissiga erishish uchun foydalanadi: an’anaviy o‘zbekona to‘y kechasida nikoh bazmida artistlarga «gaplashilgan» va «qistirilgan» millionlar hisobiga bemalol bitta bolalar bog‘chasi qursa bo‘ladi. Ayniqsa og‘zini qimirlatib turish bilan (fonogramma orqali) harom pul topayotgan «artist»larning qudag‘aylarni (ayol qudalarni) raqsga tushishiga da’vat qilishini borib turgan odobsizlik: ortiqcha pul yig‘ib berish uchun bechora qaynonalar yangi kelin va kuyov oldida o‘yinga tushadilar. An’anaviy to‘ylar isrofgarchilik na’munasi, muayyan ma’noda axloqsizning bir ko‘riniga aylanib ketganini tan olish kerak. «Borda» - ku «bor» «yo‘qlar» ham shunday qilishga intiladilar. «Eshak eshakdan qolsa qulog‘ini kesadi» qabilidagi to‘y uchun ko‘p hollarda necha yilar davomida yaxshi emay, kiymay, quruq non - choy bilan kun o‘tkazib yashash kerak bo‘ldi. Bunday «orzu - havas»larning tagida yo odamlar nima der ekan degan qo‘rquv yoki maqtanish, kibr, birovlarga o‘zini ko‘z-ko‘z qilish kabi illatlar yotadi. Eng yomoni shundaki, bunday oilada sog‘lom muhit qaror topmaydi, dasturxon ustida, bo‘sh vaqtlarda bolalardan «qutilib olish» uchun ko‘proq pul topish haqida tinmay so‘zlanadigan, falonchining to‘yi mundog‘ o‘tibdi, u unday qilibdi, bu bunday qilibdi, degan mayda gaplardan nari o‘tilmaydigan bo‘lib qoladi, axloqiy ideallar xiralashadi, estetik did o‘tmaslashadi, ijtimoiy ma’naviy intilishlar nihoyat darajada sustlashadi. Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni ham bundan yaxshi emas: oilada totuvlik yo‘qoladi, er va xotin o‘rtasida moddiy etishmovchiliklar, «sandiq to‘lmayotgani» va x. Borasida tez-tez aytishishlar, ta’na - dashnomlar, janjallar bo‘lib turadi, ba’zan ular katta oilaviy mojarolarga ham aylanib ketadi. Bunday eskicha - «an’anaviy oiladagi muhit atrofdagi boshqa oilalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, jamiyatning zaif, ma’naviy saviyasi past xalqasi sifatida millat tarbiyasini ma’lum ma’noda buzadi. Ayni paytda o‘z a’zolarining ham «gap-so‘zdan» qo‘rqadigan, maqtanchoq ijtimoiy-siyosiy «savodsiz», umrini kundalik mayda tashvishlar bilan o‘tkazadigan odamlar bo‘lib qolishlariga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |