Oilaning asosi bo‘lmish nikoh - ezgu maqsadga yo‘naltirilgan, zimmasiga zurriyot qoldirishdek yuksak mas’uliyat yuklangan sevgi, sevishning ijtimoiylashgan ko‘rinishi. Biroq sevgi-muhabbat faqat erkinlikda namoyon bo‘ladi. SHu jihatni nazarda tutadigan bo‘lsak, nikohni, ma’lum ma’noda, an’analar, urf-odatlar va e’tiqodlarga moslashtirilgan sevgining yashash sharti deyish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, nikoh zaruriyatga aylangan erkinlikdir. SHu bois nikohga kirayotgan har bir kimsa bundan buyon o‘z erkining boshqa bir erk bilan kelishib yashashini, ixtiyoriy tarzda cheklanib, nisbiylashgan holda mavjud bo‘lishini anglab etmog‘i lozim. Bundan tashqari nikoh o‘z mohiyatiga ko‘ra axloqiy hodisa. Unda ehtiroslar axloqqa bo‘ysundiriladi. Oddiy birga yashashda esa tabiiy ehtiyojni qondirish birinchi o‘rinda turadi, nikohda u ikkinchi darajali mavqe egallaydi.
Keyingi paytlarda nikoh bilan muhabbatning o‘zaro chiqishmasligi haqida G‘arb mutafakkirlari tez-tez yozadigan bo‘lib qolganlar. Chunonchi, Erix Fromm, industrial jamiyatda muhabbat kamdan-kam uchraydigan hodisa ekanini, nikohning asosida boshqa - moliyaviy, siyosiy, iqtisodiy sabablar yotishini ta’kidlaydi. Umuman, G‘arb olamida bunday hodisa anchadan buyon mavjud. Shu jihatdan Jorj Bayronning «Don Juan» she’riy romanidagi quyidagi satrlar diqqatga sazovor:
Bu juda qayg‘uli hodisa shaksiz,
Insonning kajligi, jinoyati bu;
Ildizi gar bitta bo‘lsa ham, hargiz
Chiqishmas nikoh va muhabbat mangu.
Sirkaga aylangan vinodek, esiz,
Nikoh mast qilmovchi taxir, nordon suv, -
Vaqt undan jannatiy bo‘yni oladir,
Ro‘zg‘oru oshxona hidi qoladir.21
Garchi bu satrlar yarim kinoya, yarim hazil tabiatga ega bo‘lsa-da, ularda ma’lum ma’noda hayotiy asos bor. Agar muhabbat har ikki tomondan e’zozlab, avaylab-asralmasa, undagi jannatiy bo‘yni yo‘qotib qo‘yish hech gap emas. Eng muhimi shuki, nikohdagi huquqiy holatning asosida muhabbat yotmog‘i lozim, o‘shanda bunday hollar ro‘y bermasligi shubhasiz. Ayni paytda dunyodagi hamma narsa-hodisalar kabi muhabbat ham parvarishga muhtoj ekanini unutmaslik kerak.
OILAVIY MUHIT. Oilaning mustahkam bo‘lishi, oila a’zolarining axloqiylik darajasi undagi muxitga bog‘lik. Qaysi oilada sog‘lom muhit, hukm sursa, uning ravnaki, baxtliligi ta’minlangan bo‘ladi. Sog‘lom muhit deganda biz faqat oiladagi insonpravarlik, vatanparvarlik, ziyolilik, halollik, rostgo‘ylik kabi tamoyillar va me’yorlarga amal qilinishinigina emas, balki uning eskicha an’anaviylik yoki yangicha zamonaviyligini ham tushunishimiz lozim. Zero aynan ana shu ikki xil turmush tarzi oila kelajagi bilan bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |