6-mavzu. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag’batlantirishning zamonaviy shakl va usullari
6.1. O’zbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun imtiyozlar
6.2. Qo’shma korxonalarni tashkil etishda xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag’batlantirish
6.3. To’g’ridan-to’g’ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag’batlantirish
6.1. O’zbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun imtiyozlar
Bugungi kunda xorijiy investitsiyalarni yanada kengroq miqyosda jalb qilish, xorijiy investorlarni o’z mablag’larini mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun sarflashga qiziqtirish maqsadida qonun asosida ular uchun imtiyozli moliyaviy sharoitlar yaratilgan. Ular quyidagi chizmada o’z ifodasini topgan.
O’zbekistonda mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay investitsiya muhitini yaratish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish tadbirlarini (jumladan, imtiyozlarni berish) amalga oshirishda quyidagi tamoyillarga asoslaniladi:
tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada erkinlashtirish sohasida aniq maqsadni ko’zlab siyosat yuritish;
respublika iqtisodiyotiga bevosita kapital mablag’ni keng jalb etishni ta’minlaydigan huquqiy ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa shart-sharoitlarni tobora takomillashtirish;
respublikaga jahon darajasidagi texnologiyani yetkazib berayotgan va iqtisodiyotni zamonaviy tarkibini vujudga keltirishga ko’maklashayotgan xorijiy investorlarga nisbatan ochiq eshiklar siyosatini yuritish;
mablag’larni respublika mustaqilligini ta’minlaydigan, import o’rnini qo’lovchi va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lgan eng muhim ustuvor yo’nalishda jamlash.
Xorijiy investitsiyalar bilan tashkil etilgan korxonalar (savdo, vositachilik, xom ashyo yetkazib beruvchilardan tashqari) ro’yxatdan o’tgan kundan boshlab:
- daromad (foyda) solig’idan birinchi yil 25 foiz qismidan, ikkinchi yil 50 foiz qismidan, uchinchi yil 100 foiz ozod qilinadi, qishloq hududida esa birinchi yildan 100 foiz ozod qilinadi;
-mulk solig’idan 2 yilga ozod qilinadi;
-ishlab chiqargan mahsulotining 30 foizdan ortig’i eksportga chiqarilsa, 50 foiz daromad solig’idan (foyda solig’i), 15-30 foiz eksportga chiqarilsa, 30 foiz daromad (foyda) solig’idan ozod qilinadi;
-ishlab chiqarish bilan band bo’lsa, yer solig’idan 2 yilga ozod qilinadi.
O’zbekiston Respublikasida alohida sohalarga imtiyozlar berish ko’zda tutilgan. Unga ko’ra neft va gaz konlarini ochish va qidirish ishlariga xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan korxonalar ushbu ishlarni amalga oshirish davrida barcha soliqlardan, shuningdek ushbu ishlarni amalga oshirish uchun zarur uskunalarni import qilishda bojlardan ozod qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |