Birqutbli dunyo konsepsiyasi. Bir qator g`arb, ayniqsa amerikalik olimlarining qarashlarida avj olgan globalizm g`oyalari, xususan, Ayru L.Strausning 1997 yilda nashr etilgan «Birqutblilik. YAngicha dunyoviy tartibotning markazlashgan strukturasi va Rossiya» maqolasida yangicha dunyoviy tartibotning «birqutblilik» konsepsiyasi o`z ifodasini topdi. U xalqaro munosabatlarning zamonaviy tizimini majoziy ma`noda oddiy yong`oqqa qiyoslaydi. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar uning umumiy qobig`ini tashkil etsa, ichidagi asosini – yadrosini qolgan dunyoni boshqarib turuvchi, buyruq beruvchi markaz – G`arb tashkil etadi. Butun tarixning ilgarilanma harakatini u ko`pqutblilikning ikkiqutblilik bilan, ikki qutblilikning esa birqutblilik bilan almashinishida ko`radi. SHundan kelib chiqib, u G`arbni butun dunyoni boshqaruv markazi sifatida tavsiflovchi kelajak dunyoning birqutbli konsepsiyasini yaratdi.
Birqutblilik, Straus fikricha, jahon tarixida yuksak salmoqqa ega bo`lgan industrial demokratiyalardan tashkil topadi va uning doirasida AQSH boshqa davlatlarga etakchilik qiladi41.
Jahon tizimida birqutblilikning salmog`i faqat uning yaqqol namoyon bo`lgan, iqtisodiy va texnologik salohiyati bilangina emas, balki qolgan jamiyatlarning modernizatsiyasi g`arblashtirish tomon borayotganligi bilan ham belgilanadi, deydi Straus. Boshqacha qilib aytganda, birqutblilikning, ya`ni g`arbning ustivorligi eng avvalo mafkuraviy omilga, aynan esa liberalizm mafkurasiga bog`liq.
AQSHning sobiq Davlat kotibi Zbignev Bjezinskiy ham «Sovet Ittifoqi mag`lubiyati va parchalanib ketishi, AQSHning yagona va haqiqatda birinchi asl umumbashariy davlat sifatida g`arbiy yarimshar shohsupasiga tez sur`atlar bilan ko`tarilishida yakunlovchi akkord bo`ldi»42, - deb ta`kidlaydi. Aksariyat ilmiy va siyosiy doiralarda mazkur konsepsiyaga, bir maydonli, bir qutbli dunyo haqidagi mulohazalarga ilmiy jihatdan ham, siyosiy jihatdan ham etarlicha asoslanmagan nuqtai nazarlar sifatida tanqidiy munosabat bildiriladi.
YUqorida ko`rib chiqilgan G`arbning, ayniqsa AQSHning hozirgi zamonda keskin-lashib borayotgan barcha umumbashariy muammolarini faqat o`z manfaatlaridan kelib chiqqan holda o`zi xohlagancha hal etish «huquqi»ni asoslovchi konsepsiyalardan tashqari, bunday kayfiyatlardan ogoh bo`lishlik g`oyasini ilgari suruvchi ta`limotlar ham mavjud. Xususan, amerikalik tadqiqotchi Pol Kennedi o`zining «Buyuk davlatlarning ravnaqi va inqirozi» kitobida «imperiyaning zo`riqishi» nazariyasini ishlab chiqdi. U o`z zimmasiga xalqaro hayotni tashkil etish va yakka holda etakchilik qilish ma`su-liyatini olgan hech bir davlat bunday maqomni uzoq vaqtgacha saqlab tura olmasligini ko`rsatib berdi. Bunday davlat o`zining ichki kuchlarini, eng avvalo, iqtisodiy hayotini barbod qiladi va oxir oqibat oddiy davlat holatiga beixtiyor o`tib qoladi.
Fransuz tarixchisi Emmanuel Todd «Imperiyadan so`ng Amerikacha tizimning inqirozi haqida esse» (2002) kitobida imperiyalarning tarixi odatda ta`lim sohasidagi, so`ngra esa iqtisoddagi yuksalishdan boshlanadi, deb yozadi. Ularning asosida harbiy kuch shakllanadi. Lekin, iqtisodiy baza torayib va qisqarib borgan sari, so`nggi saqlanib qoladigan narsa – harbiy mashina bo`ladi. SSSRda ana shunday bo`lgan. Hozir AQSHda shunga o`xshash holat yuz bermoqda.
O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimov o`zining «O`zbekiston XXI asr bo`sag`asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» kitobida «totalitar tuzum emirilganidan keyin dunyoning qutblarga bo`linishi barham topdi. Lekin shu tufayli u xavfsizroq, barqarorroq, sobitqadamroq bo`lib qoldimi?», - deb savol qo`yadi. Va – «Er yuzida vaziyat va kuchlar nisbati shiddatli o`zgarib bormoqda. YAngi mustaqil davlatlar maydonga chiqmoqda. Bu esa hozirgi kunda davlatlar va xalqlarning barqarorligini ta`minlash uchun yangicha yondashuvlarni izlab topishni, XXI asr arafasida xavfsizlikning yangicha modellarini ishlab chiqishni tobora qattiq talab qilmoqda»43, - deb ta`kidlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |