Tarixning megatsiklik gipotezasi. XX asrning oxirlariga kelib, ayrim analitiklar tomonidan dunyoning ikkiyarim sharli tuzilishi va tarixning megatsiklik (megadavriy) xarakteri konsepsiyasi ilgari surila boshladi35. Bu ta`limotning zaminida insoniyat tarixini avval boshdanoq SHarq va G`arbga bo`lingan sotsiomadaniy tizimlar tarzida talqin etish g`oyasi yotadi. Mashhur nemis faylasufi K.YAspers (1883-1969) yozishicha: «Dastlabki qutblanish (SHarq va G`arb) turli ko`rinishlarda asrlar davomida hayotiyligini saqlab kelgan… YUnonlar va forslar, Rim imperiyasining G`arbiy va SHarqiyga bo`linishi, g`arbiy va sharqiy xristianlik, g`arb dunyosi va islom, Evropa va Osiyo – bular birining o`rnini boshqasi ketma-ket egallagan ushbu qarama-qarshilikning timsollaridir…»36.
Bu nuqtai nazarning tarafdorlari ta`kidlashicha, uzoq o`tmishdayoq SHarq va G`arb o`rtasida muayyan mehnat taqsimoti vujudga kelgan. Ulardan birinchisi – ma`naviy tashabbuslar bilan chiqqan bo`lsa (buyuk jahon dinlarining aynan SHarqda paydo bo`lganligi ham bejiz emas), ikkinchisi – innovatsion g`oyalarni ilgari surgan. Insoniyatni SHarq va G`arbga ajratishni ular inson miyasini chap va o`ng yarimsharlariga bo`linishi bilan qiyoslaydilar.
Jahon tarixi katta megadavrdan iborat bo`lib, uning doirasida u yoki bu bosqichda sharqiy-g`arb yoki g`arbiy-sharq fazalari alohida ajralib, bir-birlarini o`rnini egallab turganlar. Bunda goh SHarq, goh G`arb sayyoramizning dunyoviy tizimida etakchilik qilgan. Birinchi sharqiy yarimshar fazasi (dunyoga shumer, ossuriya-bobil, misr sivilizatsiyalarini bergan) jahon tarixi rivojidagi jamoatchilikka asoslangan bosqich bo`lib, bunda sivilizatsiyalashuv umumiylikning alohidaga, jamoatchilikning individuallikka nisbatan ustivorligini anglatgan. Bu fazaning eng yuqori nuqtasi – o`zining butun kuch-qudrati bilan individual-xususiy tashabbuslarni yo`qqa chiqargan sharqona davlatning shakllanish davriga to`g`ri keladi.
Megatsiklning ikkinchi fazasida tashabbus g`arbiy yarimsharga o`tdi. Uning eng rivojtopgan, gullab-yashnagan davri qadimgi YUnon, keyinchalik Rim sivilizatsiyalariga to`g`ri keladi. Ularning o`ziga xos tomonlari iqtisodiyotning davlatdan ajralishi, xususiy mulkning paydo bo`lishi, fuqarolik jamiyati va ijtimoiy tartibotning demokratik elementlarini shakllanishi, gedonizm g`alabasi, ya`ni jamoa oldidagi burchga nisbatan individual ehtiyojlarning ustivor kelishi bilan xarakterlanadi.
Uchinchi faza – Rimning inqirozidan G`arb renessansigacha bo`lgan davrni o`z ichiga olib, sharqiy-g`arb, ya`ni feodalizm fazasi hisoblanadi. Bunda jamoatchilik axloqiga qaytish, ijtimoiy burch va shaxsiy vazminlik tan olindi.
To`rtinchi faza – katta jahon tarixiy megatsiklining g`arbiy fazasi, XX asrda boshlangan modern davriga to`g`ri keladi.
SHu bilan birga, sharqiy faza g`arbiy faza bilan va aksincha almashaganda, jahon tarixining birligi saqlanib qoladi hamda bu har bir fazada muqobil fazaning dominantligi bilan belgilanadi. Insoniyatning har bir «yarimshari» o`zida ham g`arb, ham sharq impulslarini qabul qilgan bo`lib, ular tegishli dominantlari bilangina farq qiladilar.
Dominantlarning almashinuvi muayyan ma`naviy mexanizmning ta`siriga bog`liq bo`lib, u yoki bu sivilizatsiya (g`arbiy yoki sharqiy jamiyat) inqirozi harbiy, geosiyosiy muvaffaqiyatsizliklarda yaqqol namoyon bo`lgunga qadar, u ustuvor qadriyatlar, motivatsiyalar doirasida paydo bo`la boshlaydi. YUqorida keltirilgan konsepsiya asosida so`nggi yillarda nashr etilgan adabiyotlarda tarixning katta siklida hozirgi zamon g`arbiy fazaning sharqiy fazaga almashishi (g`arbiy-sharq fazasining sharqiy-g`arb fazasiga) haqidagi gipotezalar ilgari surilmoqda. Bugungi kunda ham tabiat, ham madaniyat modernizatsiyaning ekologik, iqtisodiy va kulturologik yukidan shunchalik horiganki, g`arbiy faza ilgari inkor etgan olamni jonli mushohada etish va ijtimoiy tartibot shakllarini tiklash zarurati vujudga keldi. Kelajakning bunday belgilari sifatida «YAqin SHarq» fenomeni – Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlarning tarixiy rivojlanish sur`atlari va mazmunidagi muvaffaqiyatlari keltiriladi.
Jahon tarixining megatsiklik konsepsiyasi o`zining gipotetik va sxematik xususiyatlariga qaramay, jahon tarixini birlikda, SHarq va G`arbning o`zaro dialektik aloqadorligida anglashga yo`naltirilgan zamonaviy nuqtai-nazarlardan biri sifatida muayyan e`tiborga loyiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |