Jamiyatning ma`naviy sohasi
Ma`naviyatning mohiyati. Jamiyatning ma`naviy sohasi ko`pincha madaniyat bilan tenglashtiriladi. Bunday tenglashtirish unchalik to`g`ri emas, chunki madaniyat faqatgina ma`naviy bo`lmasdan moddiy xususiyatga ham egadir. Buning ustiga, madaniyat integral xususiyatga ega bo`lib, jamiyatning hamma tomonlari (iqtisodiyot sohasi iqtisodiy va moddiy madaniyatni, siyosat sohasi siyosiy madaniyatni o`zichiga oladi va boshqalar)ga kirib boradi. Moddiylik va ma`naviylik bir-biriga qarama-qarshi tomonlar (antitez) bo`lmasdan, ular bir-birga o`zaro ta`sir qiluvchi va o`zaro bir-birini to`ldiruvchi ijtimoiy rivojlanish omillaridir. U yoki bu xalq ma`naviyatining shakllanishi, shu xalqning yashaydigan tabiiy-iqlimiy sharoitlari, ularning u yoki bu darajada rivojlanishining o`ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi.
Ma`naviyat ijtimoiy hodisa va ilmiy tushuncha sifatida o`zga xos ko`plab xususiyatga ega bo`lib, mustaqil ob`ekt sifatida falsafiy tahlil qilishni talab etadi. Barcha davrlarda yashagan mutafakkirlar «ruh», «ma`naviyat», «ma`naviylik» kabi tushunchalar to`g`risida bosh qotirganlar. Qadimgi SHarq (Xitoy, Hindiston, Vavilon, Misr va boshqalar), so`ngra antikdavr va o`rta asrda yashagan mutafakkirlar ma`naviylik muammosiga katta e`tibor qaratganlar. Gilgamesh to`g`risidagi SHumer eposi, hind Vedalari va Upanishadlari, Konfutsiy, Avesto ta`limotlari, Aflotun, Arastu, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, A.Navoiy va boshqa mutafakkirlarning asarlari bu masalaga qiziqish kuchli bo`lganligi, ma`naviyat inson rivojlanishining eng cho`qqisi ekanligi va u doimo ilmiy-falsafiy qiziqish uyg`otganligini ko`rsatadi.
YAngi davrga kelib, bu muammoga qiziqish yanada kuchaydi, bu qiziqish o`sha davrlarda yuz bergan ilmiy-intellektual inqilob bilan, ko`p narsalarga nisbatan qarashlarning o`zgarishi bilan bog`liq edi. Fan va texnika qanchalik darajada rivojlansa, ma`naviyat to`g`risidagi masalaga shunchalik e`tibor kuchayib, ilmiy-texnik rivojlanishning ma`naviy mohiyati to`g`risidagi masala tez-tez yuzaga chiqib turdi. Ma`naviylik va onglilik, ma`naviylik va intellektuallik tushunchalarining ma`nolarini bir-biri bilan aralashtirib yuborish holatlari tez-tez yuz berib turdi. SHuni ta`kidlash kerakki, o`zining ma`nosiga va hajmiga ko`ra ma`naviy soha ratsional (aqllilik) sohasiga qaraganda kengroqdir. Ma`naviylikning shakllanishidagi asosiy narsa bilim olishgina emas, balki bilim olishning ma`nosi va maqsadidir. Ma`naviylik maqsadlar, mohiyatlar va qadriyatlar ierarxiyasining indikatori bo`lib xizmat qiladi. U individni o`rab turgan voqelikni ma`naviy jihatdan yuksak darajada o`rganishini aks ettiradi.
SHuni aytish kerakki, ma`naviyat dunyoviy va diniy bo`lishi mumkin. Lekin ma`naviyatni faqat dinga bog`lash ham mumkin emas. Hatto o`rta asrlarda, din hukmron bo`lgan davrlarda ham ilg`or fikrga ega bo`lgan mutafakkirlar ma`naviyatni diniylikdan farq qilishini va undan kengroq ma`noga ega ekanligini qo`rqmasdan ta`kidlaganlar. Masalan, Ibn Sino o`zining buyuk asari «Donishnoma»da ma`naviylikni substansiya (moddiy substansiya bilan birga)ning ko`rinishlaridan biri, deb ta`riflaydi. O`rta asr mutafakkirlarini ateistlar deb atash mumkin emas. Lekin ular ma`naviyatni diniylikdan keng mazmunga ega deb o`ylaganlari haqiqat. Ma`naviylik va diniylik tushunchalarini ajratish tendensiyasi markaziy osiyolik ma`rifatparvarlar ijodida keyinroq paydo bo`ldi. Markaziy Osiyo mutafakkirlari din va uning qadriyatlariga o`z e`tiborlarini qaratish bilan birga, ular davr uchun sof diniylikdan tashqari universallik (umumiylik) ham zarurligini tushunib etdilar.
Zamonaviy jamiyat nafaqat texnologiya va iqtisodiyot, balki yuksak darajaga ega bo`lgan ma`naviylikdan ham iboratdir. Ma`naviy soha – bu ma`naviy ishlab chiqarish (keng ma`noda tushunilganda), uning jarayoni va natijalarining birligidir. U san`at, fan, falsafa, axloq, huquqiy va siyosiy ong, dindan iboratdir. Mazkur barcha ijtimoiy hodisalar jamiyat ma`naviy sohasining elementlarini (aniqrog`i kichik tizimlarini) tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |