Antropogenezning hozirgi zamon ilmiy manzarasi. So‘nggi o‘n yilliklardagi kashfiyotlar antropogenez haqidagi oldingi tasavvurlarni tubdan o‘zgartirib yubordi. Ma’lum bo‘ldiki, odamning tik holatda yurishga o‘tishi ilgari taxmin qilganidan bir necha million yil oldin yuz bergan ekan. Toshdan yasalgan qurollarning paydo bo‘lgan davri ham million yil oldinga surildi. Hozirga qadar mavjud bo‘lib kelgan «avstralopitek – pitekantrop-neandertal - Nomo Sapiens» shaklidagi to‘g‘ri chiziqli sxemadan voz kechildi. Arxeologlar qayd etganlaridan, antropogenezning hozirgi manzarasi «odamlarning shakllanishining bir xil va to‘g‘ri chiziqli g‘oyasi emas, balki murakkab va ko‘ptomonlama shakllanish g‘oyasiga ko‘proq yaqinlashmoqda49.
Bugungi kunda u shoxlarga ega bo‘lgan to‘g‘ri daraxt (evolyusiyaning boshi berk chiziqlari bilan) sifatida emas, balki buta sifatida tasavvur qilinmoqdaki, unda evolyusion rivojlanishning har bir davrida gomonidning ko‘plab raqobatlashuvchi liniyalari yonma-yon mavjud bo‘lgan. Boshqacha qilib aytganda, uzoq o‘tmishda primatlarning ko‘plab turlari gominizatsiya yo‘lidan borgan. Bu insonning antropoid ajdodlariga ham va shuningdek, Homo turiga ham tegishlidir. Hozirgi biologik turdagi odam hatto o‘zining paydo bo‘lish vaqtida ham Homo turiga mansub nasllarning vakili bo‘lgan xolos.
Fanda to‘plangan ma’lumotlar odamning paydo bo‘lishiga olib keluvchi evolyusiyaning iqlimning o‘zgarishi, o‘rmonlarning siyraklashuvi va ochiq maydonlarning hosil bo‘lishi bilan bog‘liq ravishda boshlangan haqidagi gipotezani tasdiqlaydi. Oziq ovqat manbalarining bo‘linishi (o‘rmonda va ochiq maydonlarda) tufayli qadimgi primatlarning bir nechta guruhlari erda yashay boshlaganlar. Ular orasida olimlar 5,3 - 1,5 million yil ilgari yashagan avstralopiteklar guruhini (ichki to‘rini) ajratadilar. Ularni bizning ajdodlarimizning umumiy modeli sifatida qarash mumkin.
Agar Homo Australopithecus habilis va rudolfensis larning odam yoki hayvon sifatida tasnif etilishi borasida bahslar mavjud bo‘lsa, Homo crectus (tik yuruvchi odam)ning chindan ham Homo to‘rining vakili ekanligi hech shubhasizdir50.
Eng qadimgi odamlar (arxantroplar) bosqichi paleantroplar (qadimgi odamlar) bosqichi bilan almashadi. Paleantroplarga 20-28 ming yil ilgari yashagan neander-tallarni va arxaik sapienslar vakillarini kiritish mumkin. Neandertallarga oid eng muhim topilmalar Germaniya, Eron, Falastin va O‘zbekistonda qo‘lga kiritilgan.
Bugungi kunda neandertallar arxaik sapienslarga qaraganda yaxshiroq o‘rganilgan va ko‘proq topilgan. O‘zining morfologik xususiyatlariga ko‘ra neandertallar hozirgi biologik turdagi odamga yanada yaqinlashdi. Ularda miyaning hajm jihatdan o‘sishi uning tuzilmasida ham o‘zgarishlar yuz berishiga olib keldi. Hayotning ijtimoiy-ishlab chiqarish sohasi ham o‘zgarishlarga uchradi. Differensiallashgan ish qurollari paydo bo‘ldi, ularni tayyorlash 100 ortiq aktni o‘z ichiga olgan bir nechta operatsiyalardan iborat jarayon edi. Ayollar va erkaklar mehnati o‘rtasida differensiatsiya ko‘zga tashlandi. Neandertallar uchun sodda diniy tasavvurlar xos bo‘lgan deb hisoblanadi. Neandertallar dafn qilingan go‘rlar, shu jumladan, O‘zbekiston hududidagi topilmalar shundan dalolat beradi.
YAqin davrga qadar neandertallar hozirgi biologik turga mansub odamlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajdodlari deb hisoblanar edi. Biroq, yaqinda neandertallarning 28000 yil ilgari yashagan vakillarining suyaklari topildi. Bu vaqtda neoantrop (hozirgi turga mansub odam) allaqachon paydo bo‘lgan edi. Bu hol bir vaqt oralig‘ida Homo shajarasiga mansub ikki turning birga yashaganligidan dalolat beradi. Ular umumiy ajdoddan tarqagan, neandertal va neoantropga kelib ulanuvchi shajaralarning ayrilib ketish bundan 690 ming - 550 ming yil ilgari yuz bergan. Neandertallarning va hozirgi tipdagi odamlarning DNKlarini tadqiq etish shuni tasdiqladiki, neandertallarning genetik materiali bizning genetik fondimizga qo‘shilmagan. Boshqacha qilib aytganda, neandertallar bizlarning qarindoshlarimiz, ammo ajdodlarimiz emas.
Bundan 100-150 ming yil ilgari neoantroplar – hozirgi biologik tipdagi odamlar paydo bo‘ladi.