Tiklanadigan marshrutlar. Bunday marshrutlar asosan qadimiy marshrutlar bo‘lib asrlar o‘tishi va ilmiy-texnika taraqqiyoti, marshrutda transport turlarining o‘zgarishi tufayli dastlabki ahamiyatini yo‘qotgan marshrutlar hisoblanadi.
Masalan: Eramizdan oldingi II-III asrlarda mashhur bo‘lgan, asosan tuya karvonari bilan harakatlanadigan «Buyuk ipak yo‘li» marshrutini tiklash uchun xalqaro harakatlar boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti I.A.Karimov 1995 yil 2 iyunda 1162 raqamli «Buyuk ipak yo‘li»ni qayta tiklashda O‘zbekiston Respublikasi ishtirokini avj oldirish va Respublikada xalqaro turizmni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmonini qabul qildi.
«Buyuk ipak yo‘li» marshrutini tiklash mumkin. Bu tiklash qadimiy yo‘l marshruti aniqlanib zamonaviy avtomagistral yoki zamonaviy temir yo‘l transporti tarmoqlariga aylanishi ham mumkin. Lekin tuya karvonlari marshrutini ekzotik turizmni rivojlantirish uchun qisqa-qisqa masofalarda tashkil qilsa yetarli bo‘ladi.
Tiklanmaydigan marshrutlar ham imperiya davlatning yoki alohida davlatning parchalanib ketishi, shaharlar, sanoat markazlarining salohiyati pasayishi yoki ilmiy-texnika taraqqiyoti rivoji bilan o‘z mavqeini yo‘qotadi. Masalan: Xristofor Kolumb, Tur Xeyerdal yoki Fernando Magellanning okeanlararo kemalarda o‘tkazgan, oylab muddatlar ketgan dengiz marshrutlarini tiklashga hech hojat ham, zarurat ham yo‘q. Bunday marshrutlarni tiklash va turizmda foydalanish iqtisodiy jihatdan haddan tashqari qimmat bo‘lishi tushunarli holatdir. Bu marshrutlarni zamonaviy samolyotlarda 10-12 soatda bosib o‘tishi mumkin bo‘lmoqda.
Turizmdagi marshrutlar deyarli mavzuli bo‘ladi va mavzu nomidagi turistik marshrut deyiladi. Qayd qilganimizdek, marshrut turistning yoki turistlarning talab va ehtiyojlarini to‘liq qondirish dasturiga ega bo‘lgandagina turistik marshrut deyiladi. Boshqa hollarda marshrut umumiy yo‘l bo‘lib qolaveradi. Turistik marshrutlar turizmdagi turlarning mavzulari bo‘yicha ham bo‘lishi mumkin. Ko‘p holatlarda aralash yoki majmuali mavzudagi turistik marshrutlar yoki bir mavzuda–diniy–ziyoratgoh joylarga ishlab chiqilgan turistik marshrutlar hisoblanadi.
Agarda turistlar talabi bilan ekoturizm marshruti ishlab chiqilganda ekologik turizm resurslari asosan uzoq masofalarda joylashganligidan turistlar zerikmasligi uchun yo‘l bo‘yi turistik ob’ektlarni ham turmarshrutga kiritiladi va yo‘l-yo‘lakay qiziqarli ekskursiyalar uyushtiriladi. Bunday marshrutlar majmuali mavzudagi turistik marshrutlar deyiladi. Demak turistik marshrutlarning mavzulari ko‘p hollarda turizmning turlari nomi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Turizmning ma’lum bir davlatda rivojlanishiga juda ko‘p omillar ta’sir qiladi. Turizm manzillariga yangi tur marshrutlarning ishlab chiqilishi bevosita turizmni rivojlantirish omillarining harakati bilan bog‘liqdir. Turizmni rivojlantirish omillarining biror bir omili yoki shakli alohida yuzaga chiqganda turistik marshrut yoki harakatdan to‘xtaydi yoki yangi turmarshrut ishlab chiqishga to‘g‘ri keladi.