Markaziy Osiyodagi birinchi xristian missionerlari. Markaziy Osiyoda xristianlikning tarqalish jarayoni ko‘pgina mutaxassislarning tadqiqot mavzui bo‘lgan. Ulardan biri yirik rus sharqshunosi V.V.Bartold bo‘lib, uning tadqiqotlaridan biri Yettisoyda topilgan suryoniy qabrtosh yozuvlariga bag‘ishlangan. V.V.Bartold bu mavzuga bir necha marta Movarounnahrning mo‘g‘ullargacha bo‘lgan davr tarixiga oid tadqiqotlarida qaytgan. Mazkur mavzu G.I. Bogomolov, Yu.F. Buryakov, L.I.Jukova, A.A. Musakayeva, G.V. Shishkina, 3.I. Usmonova, L.I. Albaum, I.D. Ivanitskiy, T.V. Belyayeva, B.A. Abdulg‘oziyeva, V.D. Goryacheva, S.Ya. Peregudova, K.M. Baypakov, L.V. Underova kabi tadqiqotchilar tomonidan ham o‘rganilgan. Ularning ma’lumotlari ushbu Markaziy Osiyoda xristianlik bo‘yicha tuzilgan ma’ruzalarimizda ham keng foydalanildi.
Xristianlik ta’limotining tarqalishida xristian jamoalarining Sharq va Janubga harakatlari davrida amalga oshirgan keng missionerlik faoliyatlari katta rol o‘ynadi. Ekvatorial Gvineya, Burundi va Tonga kabi Afrika davlatlarining gerb va bayroqlarida «bibliya» yoki «vifleyem yulduzi»ning muntazam ravishda aks etishi mahalliy aholiga targ‘ibotchilar ko‘rsatgan davomli ta’sirlaridan dalolat beradi.
Boshqa tarafdan, xristianlikning Markaziy Osiyoga kirib kelishiga Rim imperiyasida xristianlarning beayov tazyiq ostiga olinishlari ham sabab bo‘ldi. III asrga tegishli bir Suriya manbai O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘ini o‘z ichiga olgan Kushon davlatidagi xristianlar haqida ma’lumot beradi. Ular Eron, O‘rta Osiyo aholisini xristianlik bilan tanishtirdilar, Mongoliya cho‘llari va hatto Xitoygacha yetib bordilar.
Xristianlikning oldin Eronda, keyin O‘rta Osiyoda tarqalishini an’anaga ko‘ra, xristianlarning avval Vizantiya, keyin esa Sosoniy hukmdorlari tomonidan tazyiq ostiga olinishlari bilan bog‘laydilar. Ammo aftidan bu tazyiqlar faqat avvalgi sepilgan urug‘larning unib chiqishiga sharoit yaratgan. Xristianlarning Sharqqa harakatlanishi Buyuk ipak yo‘li savdo yo‘llarining shakllanishi, unga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan muayyan hunarmand hamda savdogar qatlam va guruhlarning shakllanishi bilan ham bog‘liq. Birinchi bosqichda bu Sharqdagi yirik shaharlarda yahudiy jamoalarning joylashishi bilan bog‘liq bo‘lgan. U yerga yangi ta’limot targ‘ibotchilari ham intilganlar. Ilk xristian guruhlarini o‘rganish ular ichida hunarmand, savdo doirasiga xos bo‘lganlar aksariyatni tashkil qilganini ko‘rsatadi. Pavel hamda Koronfadagi Akina apostollar ishlariga ko‘ra, chodirlar tayyorlashgan. Mato bilan savdo qiluvchi ayol haqida ham gapiriladi. Iso Masihning onasi Bibi Maryamni xristianlikni tanqid qiluvchilar «ip yigiruvchi» deb atashar edi.
Eramizning II asri oxirida xristianlikning raqiblari uning missionerlarini ko‘nchi, to‘qimachi, jun savovchi, kigiz bosuvchilar, ya’ni antik shaharlardagi eng kambag‘al hunarmand-kosiblar orasida diniy targ‘ibot yuritishda ayblashgan.
Sharq davlatlarida birinchi yuz yillikdayoq tarqalib ulgurgan xristianlik birinchi navbatda siyosiy voqealar sababli bir necha bor gullab-yashnash va tanazzul davrlarini boshidan kechirdi. Erondagi birinchi xristian jamoalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, an’anaga ko‘ra, eramizning II asri bilan bog‘lashadi. Bunda ko‘pincha Sosoniylar davlatida g‘ayridinlarni, jumladan, xristianlarni quvg‘in qilishni tashkil etgan kohin Kartirning islohotlari dalil qilib ko‘rsatiladi. Ammo bu voqea III asrning ikkinchi yarmiga talluqlidir. Ma’lum bo‘lishicha, III asr o‘rtasida g‘arbiy harbiy koloniyalarda asir olingan rimlik askarlarning aksariyati xristianlar edi. Ularni Shopur I o‘zi asos solgan Yaqin Sharqdagi shaharlarda joylashtirdi. Eronning Shod-Shopur, Vex-Shopur, Antiox-Shopur shaharlaridagi ilk xristian jamolari haqida xabar bergan xristian an’anasi aynan shu voqealarni nazarda tutadi. Xark orolidagi xristian katakombalari ham shu asrga oiddir. Shuning uchun II asrdagi Eron xristian jamolari haqidagi ma’lumotlar gipotezaligicha qolyapti.
Tadqiqotchilarning fikricha, O‘rta Osiyoning janubiy chegaralariga yaqin yerlarda joylashgan jamoalar bu yerda xristianlikning paydo bo‘lishida asosiy rol o‘ynagan. Ular Vizantiya, Suriya, Falastin va Erondan O‘rta Osiyoga ko‘chib kelib, bu yerda o‘zlari bilan olib kelgan o‘z madaniyati, san’ati va diniy ta’limotini tarqatishgan. Marv xristianlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar eng qadimgi hisoblanadi. Ilmiy adabiyotda shunday fikr mavjudki, xristianlar, Beruniy guvohligi bo‘yicha, Marvda Iso Masih tug‘ilganidan 200 yil o‘tgach paydo bo‘lgan. Beruniy Marvga xristianlikning dindor Baraxiy tomonidan 200 yildan keyin olib kirilgani haqida ma’lumot beradi. Arxeologik ma’lumotlar esa, Marv shahri atrofida xristian ehromining III-IV asrlarda faoliyat ko‘rsatgani haqida dalolat beradi. III asrning ikkinchi yarmida kuchayib borayotgan zardushtiylik kohinlari, ayniqsa, Varaxron II (276-293) ustozi oliy kohin Kartir davrida sosoniylar Eroni chegarasida hamma o‘zga dinlarni yo‘q qilishga harakat qiladi. Ammo Marvdagi buddizm misoli ko‘rsatadiki, sosoniylarning Sharqdagi diniy siyosati xristianlarga nisbatan ushbu talablarga har doim ham javob beravermagan.
III asr oxiridan esa, Varaxron merosxo‘ri Nars (293-302) davrida zardushtiylik fanatizmi pasaydi va xristianlikka nisbatan o‘zgardi. Buni shundan ham bilsa bo‘ladiki, 334 yildagi manbalarda IV asr boshlarida Marvda yepiskoplik tashkil etilganligi haqida aytiladi, V asr boshida esa metropoliya tashkil qilinadi. Turli ibodatxona va monastirlar metropoliyaning yaqin va uzoq hududlarida moneliksiz o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |