Dalvarzintepa (Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumani). Fan olami Dalvarzintepa haqida 1962 yili Hamza nomidagi san’atshunoslik instituti ekspeditsiyasi qazish ishlariga kirishgan paytda bildi. Shahardan tashqaridagi buddizm ibodatxonasi, vino tayyorlash qurilmalari, dafn qilish joyi – naus topilgan. Shahar hududida kulol, hunarmand va boy zadagon o‘ylarining qoldiqlari, shuningdek, mashhur oltin dafina va fil suyagidan yasalgan shaxmat donalari topilgan.
O‘rta Osiyo hududlarida birinchi marta loydan yasalgan yaxshi saqlangan Budda tasviri, ko‘plab haykalchalar, bezaklar, diniy marosim buyumlari va tangalar topilgan, ular II asr oxiri III asr boshidagi buddizm ibodatxonasining markaziy binolari ichida saqlangan.
Ibodatxonani tadqiq qilish 1983 yildan boshlangan. Buddaning tik turgan haykali juda yaxshi saqlangan: uning oyoqlari mustahkam g‘ishtin asosda turibdi, kiyimlarining burmalari aniq ko‘rinishda, bularning barchasi yorqin qizil rangga bo‘yalgan. Budda sochlarining tubi asosan qora, lekin tepasi qizil rangda. Xuddi shu rang bilan qosh va ko‘zining qorachiqlari chizilgan.
Qazish ishlari yanada kengaytirilganda chuqurroqda buddizm dinining personaji – bodxisatvaning o‘rab qo‘yilgan haykalchasi topilgan bo‘lib, u loydan yasalgan va pushti rangga bo‘yalgan. Uning qora sochlari medalon ko‘rinishidagi ikki qavat qora bog‘gich bilan o‘ralgan. Chap qo‘li buklab qorini ustiga quyilgan.
E’tiborga loyiq va hozirgacha jumboq bo‘lgani: bodxisatva peshonasiga alebastr surilgan chuqurcha xol qo‘yilgan. Xol ochilganda, uning ichidan halqaga yopishtirilgan kichkina oltin taqinchoq chiqqan. Boshqa binolarda katta miqdorda haykalchalar bo‘laklari, taqinchoqlar topilib, ularning ko‘pchiligiga oltin suvi yuritilgan. Budda tasvirlangan rasm parchalari, ko‘plab sopol idishlar, jumladan: devorlarida qadimgi yunon, hind yozuvidagi braxma bitiklari saqlangan ko‘za qoldiqlari,chiroqlari topilgan. Ibodatxona III asrda qurilgan.
Quva. 1957 yilda Farg‘ona vodiysidagi Quva shahri vayronalarida arxitektura va haykaltaroshlikning ajoyib namunasi bo‘lgan buddizm ibodatxonasi qoldiqlari topilgan. Ushbu materiallar Farg‘ona viloyatida VII asrda buddizm dini keng tarqalganini tasdiqlaydi. Holbuki, bu davrda O‘rta Osiyoning boshqa hududlarida zardushtiylik dini ( uning mahalliy diniy an’analarni o‘ziga singdirgan bir turi) hukmron bo‘lgan. Bu yerda topilgan xudolarning haykal sifatidagi tasvirlari, din himoyachilari – Budda antipodlari alohida e’tiborga loyiq. Ular o‘zining qo‘rqinchli ko‘rinishlari bilan odamlarni dunyoviy havas va gunohlardan qo‘rqitgan, xudojo‘yda ularga nisbatan g‘azab uyg‘otgan.
1974 yilda Zartepada O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya institutining qazish ishlari olib borilishi natijasida buddizm ibodatxonasi topilgan. Bu yerda Buddaning oltin suvi yuritilgan haykali va ikkita bronza shamdon topilgan.
Surxondaryodagi Qorovultepada topilgan VIII asrga taalluqli Budda tasvirini aks ettirgan terrakot6 haykalcha mayda plastik haykaltaroshlik namunasidir. Taqasimon taglikka Buddaning oyoqlarini chalishtirib o‘tirgan avliyo nirvana holatidagi bo‘rttirib ishlangan tasviri tushirilgan. Yodgorlik O‘zbekiston tarixi muzeyida saqlanmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |