Farazlar chin bo’lishining mantiqiy-metodologik shartlari quyidagilardir:
1.Faraz darajasiga ko’tarilgan fikr real jarayonlar, ilmiy qonun va nazariyalarga mos bo’lishi lozim.
2. Faraz tekshiriluvchan, tadqiq etiluvchan bo’lishi lozim.
3. Faraz keng miqyosdagi hodisalarga tatbiq etilishi lozim.
4. Faraz imkoni boricha siqiq, ixcham, lo’nda tarzda ifodalangan bo’lishi lozim.
Farazlar tajribada tasdiqlangach, ilmiy nazariyaga aylanadi.
Nazariya deb tajribada, ijtimoiy-tarixiy praktikada, ishlab chiqarish va ilmiy tadqiqotda vujudga keladigan bilimlarni umumlashtirish, sistemaga solish jarayoni va natijasiga aytiladi.
Nazariya insonning ma’naviy faoliyati, ob’ektiv borliqning inson ongidagi ma’naviy-g’oyaviy aksi sifatida uning moddiy ishlab chiqarish faoliyatiga nisbatan ikkilamchidir. U olamni bilish va o’zgartirishning muhim vositasidir.
Nazariya ma’lum bir predmet sohasiga oid tushunchalar, qonunlar, gipotezalar, g’oyalarni sistemaga solib, u haqida yaxlit tasavvur hosil qiladigan, yangi fundamental umumlashmalar yaratishga olib keladigan, shu sohadagi hodisalarni tushuntirish, oldindan ko’rish imkonini beradigan ishonchli bilimdan iborat.
Ilmiy nazariya quyidagi tarkibiy qismlardan tashkil topadi: 1) empirik asos: nazariyaga aloqador faktlar, ularga mantiqiy ishlov berish natijalari; 2) boshlang’ich nazariy asos: nazariyaning asosiy tushunchalari, postulatlari (aksiomalari), fundamental qonunlar (printsiplar); 3) nazariyaning mantiqiy apparati: tushunchalarni hosil qilish va ta’riflash qoidalari, xulosa chiqarish (isbotlash) qoidalari; 4) olingan natijalar (xulosalar).
Nazariyaning turlari: Ilmiy nazariyaning juda ko’p turlari mavjud. Ularni turli xil asoslarga ko’ra tasniflash (turkumlash) mumkin. Xususan, qurilish metodiga ko’ra nazariyalarni to’rt turga ajratish mumkin: 1) tajriba bilan ish ko’radigan fanlarning mazmundor nazariyalari; 2) gipotetik-deduktiv (yoki yarim aksiomatik) nazariyalar; 3) aksiomatik nazariyalar; 4) formallashgan nazariyalar.
“Mazmundor” nazariyalarda ma’lum bir sohaga oid faktlar tizimga solinadi, umumlashtiriladi va tushuntiriladi. Ular asosan tajriba natijalari, empirik materiallarga tayanadi, ularni tahlil qiladi, tartibga soladi va umumlashtiradi. Ana shuning uchun ham ularni «tajribaga tayanuvchi nazariyalar», deb atashadi. “Mazmundor” deb atalishiga sabab, ularni matematika va mantiqdagi formallashgan nazariyalardan farq qilishdir. Mazmundor nazariyalarni sof empirik nazariyalar deb bo’lmaydi. Ular faqat empirik materiallargagina emas, balki nazariy qonunlarga ham tayanadi. Masalan, mazmundor, deb hisoblanadigan Ch. Darvinning evolyutsiya nazariyasi, I.P. Pavlovning oliy asab faoliyatining shartli reflektorlik nazariyasi va shu kabilar chuqur nazariy g’oyalarga suyanadi, ular yordamida to’plangan materiallarni ratsional usul bilan anglaydi, qayta ishlaydi va tushuntiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |