Sud sanatsiyasi joriy etish quyidagi oqibatlarga olib keladi:
kreditorlarning talablarini ta’minlash yuzasidan ilgari qabul qilingan choralar bekor qilinadi;
qarzdorning mol-mulkini xatlash va qarzdorga nisbatan uning o‘ziga tegishli mol-mulkni tasarruf etish borasidagi vakolatlarini boshqacha tarzda cheklovlar faqat bankrotlik taomili doirasida joriy etilishi mumkin;
sud sanatsiyasi paytida yuzaga kelgan pul majburiyatlarini va majburiy to‘lovlar bo‘yicha majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka va boshqa iqtisodiy sanksiyalar, to‘lanishi lozim bo‘ladigan foizlar qo‘llanilmaydi.
Sud sanatsiyasi joriy etilganda kuzatuvdagi singari qarzdor va uning boshqaruv organlari qonunda belgilangan ayrim bitimlarni tuzishga va boshqa harakatlarni qilishga haqli emas.
Sud sanatsiyasi joriy qilinganda iqtisodiy sud tomonidan sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi tayinlanadi.
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining huquqlari va majburiyatlari qonun hujjatlarida belgilangan.
Sud sanatsiyasi muddatidan ilgari tamomlanishi yoki tugatilishi mumkin. Ular bir-biridan farq qiladi. Kreditorlarning qarzni uzish jadvalida nazarda tutilgan barcha talablari sud sanatsiyasining belgilangan muddati o‘tishidan oldin qarzdor tomonidan qanoatlantirilganda qarzdorning rahbari sud sanatsiyasi muddatidan ilgari tamomlanganligi haqida iqtisodiy sudga hisobot taqdim etadi. Iqtisodiy sud mazkur hisobotni va kreditorlarning shikoyatlarini ko‘rib chiqib, agar uzilmagan qarz qolmaganligi aniqlangan, kreditorlarning shikoyatlari esa asossiz deb topilgan bo‘lsa, qarzdor rahbarining hisobotini tasdiqlaydi va bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni to‘xtatadi; agar uzilmagan qarz borligini aniqlagan va kreditorlarning shikoyatlari asosli deb topilgan bo‘lsa, qarzdor rahbarining hisobotini tasdiqlashni rad etadi hamda bular haqida shikoyat (protest) qilinishi mumkin bo‘lgan ajrim chiqaradi.
Sud sanatsiyasini muddatidan ilgari tugatish uchun esa quyidagilar asos bo‘ladi: kreditorlar talablarini qanoatlantirishning qarzni uzish jadvalida belgilangan muddatlari sud sanatsiyasi jarayonida qarzdor tomonidan bir necha marta yoki bir marta jiddiy ravishda (bir oydan ortiq muddatga) buzilganligi; qarzdor qarzni uzish jadvalini bajarishga qodir emasligidan dalolat beruvchi holatlarning mavjudligi. Iqtisodiy sudga sud sanatsiyasini muddatidan ilgari tugatib, tashqi boshqaruvni joriy etish yoki qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida iltimosnoma bilan kreditorlar yig‘ilishi murojaat qilishi mumkin.
Sud sanatsiyasi, shuningdek belgilangan muddat tugashi munosabati bilan ham tamomlanadi. Sud sanatsiyasining tamomlanishi to‘g‘risidagi masala sud majlisida ko‘rib chiqiladi va bu haqda iqtisodiy sudning tegishli sud hujjati qabul qilinadi.
Bankrotlik to‘g‘risidagi qonunda majburiyatlarning ta’minot bergan shaxslar tomonidan bajarilishi, ta’minotdan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish yakunlari to‘g‘risidagi hisobot hamda ta’minot bergan shaxslarning majburiyatlarni bajarmasligi oqibatlari ham batafsil yoritilgan.
Kreditorlar yig‘ilishining iltimosnomasi, mol-mulkida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar bo‘yicha esa bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organining arizasi asosida qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashning haqiqiy imkoniyatlari aniqlangan hollarda iqtisodiy sud tomonidan o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga joriy etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |