Masalan, qarzdorning boshqaruv organlari ko‘chmas mol-mulkni ijaraga, garovga berish bilan yoki shu mol-mulkni boshqa usulda tasarruf etish va qarzdorning balans qiymati qarzdor aktivlari balans qiymatining o‘n foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadigan mol-mulkini tasarruf etish bilan bog‘liq bitimlarni; zayomlar (kreditlar) olish va berish, kafolat xatlari va kafolatlar berish, talab qilish huquqlaridan o‘zga shaxs foydasiga voz kechish, qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish, shuningdek qarzdorning mol-mulkini ishonchli boshqarish shartnomasini tuzish bilan bog‘liq bitimlarni faqat muvaqqat boshqaruvchining yozma roziligiga binoan tuzishlari mumkin. Shuningdek, ular qarzdorni qayta tashkil etish va tugatish; yuridik shaxsni tuzish yoki boshqa yuridik shaxsning ishtiroki; vakolatxonalar ochish va filiallar tashkil etish; dividendlar to‘lash yoki qarzdorning daromadini (foydasini) uning muassislari (ishtirokchilari) o‘rtasida taqsimlash; qarzdor tomonidan obligatsiyalar va boshqa emissiya qog‘ozlarini (aksiyalardan tashqari) joylashtirish; ilgari chiqarilgan aksiyalarni aksiyadorlardan sotib olish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilishga haqli emas.
Kuzatuv joriy etilishi munosabati bilan iqtisodiy sudning ajrimi bilan muvaqqat boshqaruvchi tayinlanadi. Uning huquq va majburiyatlari qonunda aniq belgilab qo‘yilgan. Jumladan, muvaqqat boshqaruvchi qarzdorning mol-mulki but saqlanishini ta’minlash choralarini ko‘rishi; uning moliyaviy ahvolini tahlil qilishi; kreditorlarni aniqlashi; kreditorlarning talablari reyestrini yuritishi; qarzdorga nisbatan kuzatuv joriy etilgani haqida kreditorlarni xabardor qilishi; kreditorlarni birinchi yig‘ilishini chaqirishi va o‘tkazishi shart.
Iqtisodiy sud tomonidan qarzdor bankrot deb topilganda va tugatishga doir ish yuritish boshlangan yoki sud sanatsiyasi yoxud tashqi boshqaruv joriy etilgan yoki kelishuv bitimi tasdiqlangan paytdan e’tiboran kuzatuv tugatiladi.
Kuzatuv jarayonida qarzdor, qarzdor muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulkining egasi, shuningdek uchinchi shaxs (shaxslar) sud sanatsiyasini joriy etish haqidagi iltimosnoma bilan kreditorlar yig‘ilishiga yoxud bevosita iqtisodiy sudga murojaat qilishga haqli.
Sud sanatsiyasi – iqtisodiy sud tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning to‘lov qobiliyatini tiklash hamda kreditorlar oldidagi qarzini uzish maqsadida qarzdorning ishlarini boshqarish vakolatlarini sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga o‘tkazmagan holda qo‘llaniladigan bankrotlik taomilidir.
| Qarzdorning sud sanatsiyasini joriy etish haqidagi iltimosnomasiga sud sanatsiyasining taklif qilinayotgan muddati va qarzni uzish jadvali ko‘rsatilgan holda qarzdorning sud sanatsiyasi rejasi ilova qilinmog‘i lozim.
Iqtisodiy sud tomonidan sud sanatsiyasi joriy etish to‘g‘risida ajrim chiqariladi. Unda sud sanatsiyasining muddati, sud tomonidan tasdiqlangan qarzni uzish jadvali, majburiyatlarni bajarish ta’minotini bergan shaxslar haqidagi, bunday ta’minotning miqdori va shakllari, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchini tayinlash va unga to‘lanadigan haq miqdori haqidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim.
Mazkur ajrim ustidan shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Sud sanatsiyasi ko‘pi bilan yigirma to‘rt oylik muddatga joriy etiladi, bu muddat majburiyatlarni bajarish ta’minotini bergan shaxslar kreditorlarning talablarini qondirish uchun iqtisodiy sud tomonidan ko‘pi bilan olti oyga uzaytirilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |