Yakka tartibdagi tadbirkor bankrot deb topilgan vaqtdan boshlab:
qarzdorning pul majburiyatlarini bajarish muddati boshlangan deb hisoblanadi;
qarzdorning barcha majburiyatlari bo‘yicha neustoyka (jarima, penya), foizlar hisoblash va boshqa iqtisodiy (moliyaviy) sanksiyalar bekor qilinadi;
qarzdordan barcha ijro hujjatlari buyicha undiruvlar ham bekor qilinadi, alimentlar undirish to‘g‘risidagi talablar bo‘yicha, shuningdek hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talablar bo‘yicha ijro hujjatlari bundan mustasno.
|
Yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarorni iqtisodiy sud aniqlangan barcha kreditorlarga ular o‘z talablarini taqdim etadigan muddatni ko‘rsatgan holda jo‘natadi, bu muddat ikki oydan oshmasligi kerak. Iqtisodiy sudning ana shunday qarorini yuborish yakka tartibdagi tadbirkor hisobidan amalga oshiriladi.
Iqtisodiy sud yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilgan paytdan boshlab uning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganligi o‘z kuchini yo‘qotadi, shuningdek faoliyatning ayrim turlari bilan shug‘ullanish uchun unga berilgan litsenziyalarning amal qilishi tugatiladi.
Iqtisodiy sud yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi qaror nusxasini ayni shu shaxsni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olgan organ va litsenziyalovchi organga yuboradi. Iqtisodiy sudning qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarori hamda undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi ijro varaqasi qarzdorning mol-mulki sotilishini amalga oshirish uchun sud ijrochisiga yuboriladi.
Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning ko‘chmas mol-mulkini yoki qimmatli ko‘char mol-mulkini doimiy boshqaruv zarur bo‘lganda iqtisodiy sud mazkur maqsadlar uchun tugatish boshqaruvchisini tayinlaydi va unga to‘lanadigan haq miqdorini belgilaydi. Bu hollarda qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning mol-mulki tugatish boshqaruvchisi tomonidan sotiladi. Qarzdorning mol-mulkini sotishdan tushgan, shuningdek mavjud naqd pul mablag‘lari yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan iqtisodiy sudning depozitiga kiritiladi.
Kreditorlarning bildirilgan talablari asosida iqtisodiy sud kreditorlarning talablarini qondirish tartibi va miqdori to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Avval bankrotlik ishini ko‘rish va iqtisodiy sudning yakka tartibdagi tadbirkorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi qarorini bajarish bilan bog‘liq xarajatlar qoplanadi, keyingi o‘rinda budjetga majburiy to‘lovlar, garov bilan ta’minlangan talablar va boshqalar qoplanadi.
Kreditorlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish tugaganidan keyin sud harakatlari amalga oshirilayotgan paytda kreditorlar tomonidan qo‘yilgan talablardan ozod etiladi. Hayot yoki sog‘liqqa zarar yetkazish, aliment undirish to‘g‘risidagi talablar bankrotlik ishi tugatilgandan keyin ham qo‘yilishi mumkin. Agar qarzdor mulkini yashirganligi yoki uni noqonuniy ravishda uchinchi shaxslarga berganligi fakti aniqlansa, sud harakatlari davomida talablari qondirilmagan kreditorlar undiruvni ushbu mol-mulkka qaratilishini so‘rab murojaat qilishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |