Bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) – Iqtisodiy sud tomonidan e’tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘la hajmda qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini to‘la hajmda bajarishga qodir emasligidir (“Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi).
Yuridik shaxsning bankrot deb hisoblanishi uning tugatilishiga olib keladi. Tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxs, shuningdek matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish olib borayotgan yuridik shaxs bankrotlik alomatlari mavjud bo‘lgan taqdirda o‘zini bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishi mumkin.
Bankrotlikning asosiy belgilari o‘zgardi, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarning nochorligi tushunchalari bir-biridan farqlandi. Mazkur o‘zgartirishlarni hayotning o‘zi, iqtisodiyotda ro‘y berayotgan islohotlar taqozo etmoqda. Shuning uchun bankrotlik instituti bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan har qanday mamlakat davlat huquqiy tuzilishining uzviy bo‘g‘ini ekanligi tabiiydir.
Tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxs davlat korxonasidan tashqari, shuningdek matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish olib borayotgan yuridik shaxsning kreditorlar talablarini qondirishga qurbi yetmasa, sudning qaroriga muvofiq u nochor (bankrot) deb hisoblanishi mumkin. (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-moddasi)
|
Qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) to‘lov majburiyati yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, bankrotlik alomati deb e’tirof etiladi.
Qarzdor – pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir bo‘lmagan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor.
Kreditorlar – qarzdor pul majburiyatlari bo‘yicha va (yoki) majburiy to‘lovlar majburiyatini bajarish bo‘yicha qaysi yuridik yoki jismoniy shaxs oldida javobgar bo‘lsa, ayni shu yuridik yoki jismoniy shaxslar.
|
Bankrotlik to‘g‘risidagi ish bankrotlik alomatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, agar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan jami talablar eng kam ish haqining besh yuz karrasini tashkil etadigan bo‘lsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan esa eng kam ish haqining kamida o‘ttiz karrasini tashkil etadigan bo‘lsa, iqtisodiy sud tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi va bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi bankrotlik sohasining davlat tomonidan tartibga solib borilishini ta’minlaydi. Shu bilan bir qatorda bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari o‘z vakolatlari doirasida bu boradagi faoliyatni tartibga soladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |