Beda barglarining sariq dog’lanish kasalligi
Pseudopeziza Jonesii - xaltali davri,
Sporonema phacidioldes - konidiyali davri.
Tarqalishi. Kasallik Markaziy Osiyoda, jumladan O’zbekistonda, Ukrainaning junubida, Moldaviya, Rossiyaning Rostov viloyatida uchraydi, asosan yillik yog’in miqdori 500 mm dan kam bo’lgan hududlarda keng tarqalgan.
Zarari. Kasallangan o’simlikning bargi vaqtidan ilgari to’kilib ketadi, natijada ko’k massa hosili kamayadi, pichan sifati buziladi. Kasallangan o’simlik yaxshi qishlay olmaydi.
Alomatlari. Bedani bargi va poyasi kasallanadi. Bargida katta och-sariq yoki malla rangli shaklsiz dog’ hosil bo’ladi, dog’lar barg tomirlari bo’ylab cho’zilib ketadi. Bargda hosil bo’lgan dog’larning ustki va ostki tomonidan ko’plab qora tusli bir joyga to’plangan psevdopiknidiyalar hosil qiladi.
Konidiyasporalari bir hujayrali rangsiz, yangi konidiyabandlarda hosil bo’ladi, ammo N.N.Salunskiyning aytishicha konidiyasporalari kasallikni tarqalishida va o’simlikni zararlashida ahamiyati yo’q. Bu kasallik bilan kasallangan beda bargi qo’ng’irlashadi, buralib qoladi. Qoraygan dog’larda yomg’irdan keyin qora tusli apotetsiylar hosil bo’ladi. Bularda ko’plab xaltalar, ularda esa xaltasporalar hosil bo’ladi, shu xaltasporalar yordamida vegetatsiya davrida tarqaladi. Inkubatsion davri 15-20 kunga teng.
Zamburug’ o’simlikning quruq, qoraygan qismida, bargida pishib yetilmagan apotetsiy holida qishlaydi. Qishlash vaqtida xaltalarda xaltasporalar pishib yetiladi, keyin o’simlikni zararlaydi, Kasallik asosan urug’ni to’lish paytida kuchli rivojlanadi.
Qarshi kurash: qarshi kurash tadbirlari beda barglarini qo’ng’ir dog’lanish kasalligiga qarshi kurashdek.
Askoxitoz
Ascochyta pisi, As. pinodes, As. pinodella, As. pseudopinodella, As. imperfesta
Kasallik dukkakli o’simliklar yetishtiriladigan hamma joyda keng ko’lamda tarqalgan va ushbu o’simliklarning eng xavfli kasalliklaridan biri bo’lib hisoblanadi.
Kasallangan o’simlik o’sishdan, rivojlanishdan orqada qoladi, maysalar nobud bo’ladi, dukkaklarini pishishi sekinlashadi bir me’yorda pishmaydi. Kasallangan barglar to’kilib ketadi, kasallangan dukkaklaridagi don pishib yetilmaydi, puch bo’lib, unib chiqish qobiliyati pasayib ketadi. Hosildorlik o’rtacha 3-3,5 ts/ga kamayadi. Zararlangan dondan kasal o’simlik paydo bo’ladi.
Ko’k no’xatda askoxitozning uch xili uchraydi: oqimtir, qoramtir va bir-biri bilan qo’shiluvchan. Oqimtir askoxitoz asosan dukkaklarni zararlaydi kamdan-kam hollarda o’simlik bargi va poyasida doimo och-jigar rangli, qoramtir jigarrang hoshiyali dog’ hosil qiladi. Bargi va dukkagidagi dog’ doimo yumaloq, poyasi va barg bandida esa cho’zinchoq bo’ladi, dog’ markazida esa qoramtir jigarrangli piknidiy hosil kiladi. Vegetatsiya davrini oxiriga borib zararlangan o’simliklarda ko’plab dog’ paydo bo’ladi. Dog’lar markazida esa piknidiylar hosil bo’ladi. Zamburug’ dukkak qobig’idan o’tib donni ham zararlaydi. Don tirishib qoladi bunday urug’lardan kasal o’simliklar paydo bo’ladi. Ascochyta pisi faqat jinssiz piknidiyli piknospora beradi, piknidiylari sharsimon kamgina puchuq. Piknosporalari cho’zinchoq 1-2-3 hujayrali faqat ko’k no’xatni zararlaydi.
Qoramtir askoxitoz - As. pinodes, As. pinodella, As. pseudopinodella larning kasallik alomatlari bargda, poyada, dukkagida qoramtir-jigar rangli noto’g’ri shakldagi har xil kattalikdagi dog’ hosil qilish bilan namoyon bo’ladi.
Doimo qoramtir rangli piknidiylari katta dog’larda paydo bo’ladi, dog’ bo’ylab notekis joylashadi. Poya kasallanganda yara hosil qiladi; maysada paydo bo’lsa ildiz bo’g’zi chiriydi, o’simlik nobud bo’ladi.
As. pinodes jinssiz va jinsiy spora beradi. Piknosporalari rangsiz, tsilindrsimon, piknidiylari noto’g’ri yalpoq-sharsimon shaklda, sporalari 1-3 hujayrali. Jinsiy sporalari odatda quriyotgan o’simlik qismlarida mayda qoramtir-jigar rangli, hatto qora tusli nuqta ko’rinishdagi peritetsiy hosil kiladi. Bulardagi maxsus xaltalarda xaltasporalar yetishadi. Har qaysi xaltada 8 tadan yumaloq ellips shaklidagi ikki hujayrali sporalar yetishadi.
As. pinodella ning piknidiylari tarqoq, noto’g’ri shaklda, piknosporalari tuxumsimon yoki uzunchoq, bir hujayrali, rangsiz bo’ladi.
As. pseudopinodella ning piknidiylari qora rangli, piknosporalari tsilindr shaklida rangsiz 1-2 hujayrali.
Ascochyta pisi sporalari faqat bir tomchi namlikda boshqalariniki esa 90 % namlikda o’sadi. As. pinodes uchun optimal harorat 16-20 daraja boshqalari uchun 18-20 daraja hisoblanadi, namlik yetarli bo’lsa, havo harorati 20-25 daraja bo’lganida askoxitoz kuchli rivojlanadi. Inkubatsion davri As. pinodes 2-4 kun, boshqalar uchun 6-8 kun davom etadi.
Zamburug’ o’simlik qoldiqlarida mitseliya va piknidiy holatida qishlaydi, ammo dala sharoitida bir yildan ortiq saqlanmaydi.
Qarshi kurash choralari: Almashlab ekish, faqat sog’lom o’simliklardan urug’lik tayyorlash, urug’larni tozalash, saralash, qulay muddatlarda ekish. Yozda 80 % tsineb bilan har gektarga 3-4 kg/ga hisobida purkash.
Birinchi marta purkash dukkaklar tugish paytida, takroran 10-15 kundan keyin o’tkaziladi. O’simlik qoldiqlarini yo’qotish.
Do'stlaringiz bilan baham: |