Asosiy o’g’itlash. Kuzgi bug’doyni yetishtirishda, asosiy o’g’itlashda mineral, organik o’g’itlar – go’ng, kompost keng qo’llaniladi, ularni solish me’yorlari tuproq sharoiti, navlarga bog’liq holda turlicha bo’ladi. Asosiy o’g’itlash ekishgacha o’tkaziladi. Chirigan yoki yarim chirigan go’ng yerni haydash oldidan 20-40 t/ga solinadi. Gektariga 20 tonna chirigan go’ng solinganda qo’shimcha 10-15 s don hosili olinadi. Go’ng yetarli bo’lsa gektariga 60 t solish ham yaxshi natija beradi. Go’ng solinganda keyin darhol haydalib boronalanadi.
Go’ng solingandan keyin yer haydab tashlanmasa, go’ng tarkibidagi azotning 30 % i, bir-ikki sutka davomida yo’qoladi.
Fosforli o’g’itlarni ham asosiy o’g’itlashda berish hosildorlikni va don sifatini oshiradi. Kuzgi bug’doyga asosiy o’g’it sifatida gektariga 30-60 kg fosforli o’g’it solish (fon azot 100, kaliy 60) tipik bo’z tuproqlarda 7-7,3 s qo’shimcha hosil beradi.
Asosiy o’g’it sifatida fosforli, kaliyli o’g’itlarni qo’shib yerni haydash oldidan solish yaxshi natijalarni beradi. O’simlikning o’sishi va rivojlanishi kuchayadi, qishga chidamliligi ortadi.
Organik, fosforli, kaliyli o’g’itlar yerni haydash oldidan berilganda eng yuqori natijalar olinadi.
Mineral o’g’itlarning yillik me’yori quyidagicha taqsimlanadi: fosforli o’g’itlar 80 %, kaliyli o’g’itlarning hammasi yerni haydash oldidan solinadi, ekish oldidan kultivasiya bilan 25-30 % azotli, ekish bilan qatorlarga 20 % fosforli o’g’itlar beriladi. Azotli o’g’itlarning 70-75 % i erta bahorda ikki marta oziqlantirishlar sifatida beriladi. Yillik azotli o’g’it me’yorining 20 % ini bahorda beriladigan oziqlantirishlar hisobidan olib boshoqlash fazasida oziqlantirish don va somon sifatini yaxshilaydi, o’simlikning qo’ng’ir zang kasalligiga chidamliligini oshiradi.
Qatorlarni o’g’itlash. Kuzgi bug’doy o’stirishda ekish bilan qatorlarga granulalangan superfosfat gektariga 50-70 kg, yoki 30-40 kg ammofos solish katta ahamiyatga ega. Juda ko’plab o’tkazilgan tajribalarda granulalangan superfosfat sug’orilmaydigan yerlarda gektariga 50 kg solinganda 2,7-3,4 s qo’shimcha don hosili olingan. Ekishda ammofosni gektariga 30 kg solish hosildorlikni 5,2 s/ga ga oshirgan.
Oziqlantirish. Sug’oriladigan yerlarda tumanlashtirilgan intensiv kuzgi bug’doy navlari ma’danli o’g’itlarga juda talabchan. Kuzgi bug’doy o’sish davrida oziqa moddalarini bir tekis o’zlashtirmasligidan kelib chiqib, o’simliklarni o’sish
davrida tinimsiz yetarli miqdorda oziqa elementlari bilan ta’minlash maqsadida ma’danli o’g’itlar ayniqsa, azotli o’g’itlar oziqlantirish sifatida bir necha marta solinadi.
Azotli o’g’itlarni o’simlikning o’sish davrida bir necha marta bo’lib solish, ular samaradorligini oshiradi. Bir necha miqdorlarga bo’lib solingan azotli o’g’itlar o’simlikning yaxshi qishlashini ta’minlaydi, yotib qolishiga chidamlilikni, hosildorlikni va don sifatini oshiradi.
Ishlab chiqarish sharoitida, kuzgi bug’doyni bahorda oziqlantirishda katta maydonlarda, eng qulay muddatlarda o’g’itlarni bir tekis taqsimlab berish imkoni hamma vaqt ham bo’lmaydi. Shuning uchun xo’jaliklar kuzgi g’alla ekinlarini oziqlantirishda tuproqqa o’g’itni ko’mishga moslashtirgan maxsus SZ -3,6 va SZP- 3,6 seyalkalardan foydalanilmoqda. Bunda o’g’itlar qator oralariga 4-6 sm chuqurlikda solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |