Otlarda esa boshqacha hisob-kitob qilinadi, ya'ni har otdan bir dinor yoki ot bahosining
9 foizi miqdorida zakot to`lanishi kerak. Ammo eshak, xachir va boshqa ishchi hayvonlar
(ho`kiz, tuya) dan to`lov olinmaydi. Agar ular oldi-sotdi muomalasida bo`lsa, ahvol o`zgaradi va
zakot beriladi. Bir yoshga to`lmagan echki, buzoq va bo`taloqlar ham umumiy hisobga
kiritilmaydi, ammo 25 ta tuyadan bittasi, 66 tadan boshlab ikkita, 145 tadan ortig`idan uchta tuya
zakot hisobiga berilishi kerak. Shu yerda muhim bir fikr borki, agar mol egasi shu molning
(natura) o`rniga uning bahosiga teng zakotni pul shaklida to`lashi ham mumkin, deyiladi.
Yana muhim bir ko`rsatma diqqatga sazovorki, zakot yig`uvchi eng yaxshi (sara) molni
emas, o`rtacha bahodagi molni olishi talab etiladi. Undan tashqari, zakotni oldindan ham to`lash
mumkinligi ko`rsatiladi.
Kumush narsalardan olinadigan zakotda o`rtacha nisob (soliq olinishi mumkin bo`lgan
miqdori) 200 dirham deb belgilangan, bundan 2,5 foiz (ya'ni 5 dirham) zakot olinadi. Agar
kumush miqdori 200 dirhamdan ortiq bo`lsa, har qo`shimcha 40 dirhamdan yana zakot beriladi
va hokazo.
Oltindan olinadigan zakot miqdori o`ziga xosdir. 20 misqolgacha zakot olinmaydi (bir
misqol o`rtacha 4,5 gramm ), 20 misqoldan yarim misqol(2,5 foiz) zakot to`lanadi. 20 misqoldan
ortiq har 4 misqoldan 2 karat, (ya'ni 12 dan 1 unsiya) zakot berish kerak.
Shaxsiy, xususiy mulk hisob-kitobi kumush yoki ekvivalentiga qarab belgilanadi. Hatto
kumush va oltin ham umumiy baho asosida yagona qiymatga keltirilishi mumkin.
Topilgan kon xazina uchun beshdan bir (20 foiz)zakot olinishi lozim. Masalan, biror
yerdan yoki ekilayotgan joydan xazina topilsa, shu usuldan foydalaniladi. Qimmatbaho
toshlardan zakot to`lanmaydi, chunki toshlar zakotdan mustasnodir.
Tabiiy (yomg`ir, qor suvi bilan) sug`oriladigan yerlardagi hosilning o`ndan biri (10
foizi) ushr shaklida olinadi. Ammo o`rmon, yaylov, chalakalakzor zakotdan ozod etilgan. Sun'iy
sug`oriladigan yerlar hisobidan ushrning yarmi (50 foizi) miqdorida soliq to`lanadi.
Burhoniddin al-Marg`inoniy o`z asarida zakotni taqsimlash qonun-qoidalarini ham
bayon etadi. Aholining ayrim toifa vakillari: faqir, miskin, zakot yig`uvchilar, qarzdorlar
yig`ilgan zakotdan foydalanish imkoniyatlari egaligi haqida ham qimmatli fikrlar bildirilgan.
O`ylaymizki, bobokolonimizning bu asari nihoyatda boy va qimmatli manba sifatida
oliy o`quv yurtlarida o`qitilishi zarur. Hozircha bu asarning ruscha tarjimasi mavjud. Asarning
birinchi va qolgan jildlarini o`zbek tiliga o`girish kerak.Shunday qilinsa, ayni muddao bo`lur edi.
Chunki u yoshlarimiz qalbida insof va diyonat, adolat va haqiqat tuyg`ularini uyg`otishda bebaho
xazina bo`lib xizmat qilishi shubhasizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: