4. XXI asr boshlarida Fransiya.
XX asr 90 yillari oxirida Fransiyaning siyosiy hayotida bir qancha shov-shuvli janjallar bo‘lib o‘tdi. F.Mitteranning qonunga xilof ravishda siyosiy raqiblarning telefondagi gaplarini yozib olish to‘g‘risida buyruq berganligi ma’lum bo‘ldi. Mitteranchi mudofaa vaziri Sharl Ernyu Bolgariya, Ruminiya va SSSRga xizmat qilayotgan josus sifatida fosh qilindi. 2000 yil dekabrida Mitteranning o‘g‘li Jan Kristof xalqaro savdodagi firibgarligi uchun kamokka tashlandi. 2001 yil yanvarida Mitteranning do‘sti, tashqi ishlar vaziri Rolan Dyuma poraxo‘rlikda ayblanib, sud qilindi. FKP lidyerlari J.Marshe va R.YUlar partiyani yashirin ravishda mablag‘ bilan ta’minlab turishda ayblanib, sud qilindi.
2002 yilnang 5 may kuni Fransiyada prezidentlik uchun uzoq davom etgan saylovoldi kurash o‘z nihoyasiga etdi. Saylov natijasi, xususan, amaldagi prezident J.Shirak 82% dan ortiq ovoz olib, mamlakatni yana besh yil boshqarish huquqini qo‘lga kiritdi. O‘nglar nomzodi Le Pen mag‘lubiyatga uchradi. To‘g‘ri birinchi bosqichda Le Pen ma’lum muvaffaqiyatga erishgandi. Telemuloqotlarda raqiblar bir-birlarini tanqid qilish, ta’bir joiz bo‘lsa, “tomorqasiga tosh otish” bilan ham mashg‘ur bo‘lishdi. Bu Fransiya saylov tizimi uchun tabiiy bir hol. Ikki nomzod o‘rtasidagi kurashda ularning saylovchilarga bergan saylovoldi va’dalari ham muhim ahamiyat kasb etdi. Fransiya xalqi tajribali siyosatchi bo‘lgan Jak Shirakni tanladi.
2007 yil 6 may kuni Fransiyada navbatdagi prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu safar so‘llar nomzodi sotsialist Segolen Ruayal xonim, o‘nglar nomzodi Nikola Sarkoziga qarshi turdi. Ikkinchi bosqichda saylovchilarning 53% ovozini olgan N.Sarkozi mamlakat prezidenti etib saylandi. Liberal yo‘nalishdagi o‘ng kuchlar nomzodining g‘alabasi uzoq yillardan beri iqtisodiyotda keng qamrovli islohotlar o‘tkazilishini kutayotgan qatlamning muvaffaqiyati bo‘ldi. Yangi davlat rahbari mamlakatda radikal va hatto jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga kirishdi. U bu bilan turg‘unlikni boshidan kechirayotgan Fransiyani yana jahondagi raqobatbardosh mamlakatlardan biriga aylantirish niyatida ekanligini ko‘rsatdi. Mutaxassislarning fikricha, Jak Shirak haqiqatdan ham o‘z vorisiga murakkab vaziyatdagi mamlakatni qoldirdi. Buning ustiga 2008 yil yozidan boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi murakkab vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. Bir tomondan Fransiya ijtimoiy tizimi o‘ta rivojlangan, iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda tursada, davlatchilikning ijtimoiy sohaga yo‘naltirilganligi jamiyat zimmasiga yil sayin og‘ir yuk bo‘lib tushayapti. Moliyaviy institutlar ma’lumotiga qaraganda, ijtimoiy ta’minotga berilayotgan bu qadar katta e’tibor iqtisodiyotning raqobatbardoshligini izdan chiqarayapti. Ikkinchidan, G‘arbiy Yevropaning yetakchi mamlakati saldo taqchilligidan aziyat chekmoqdaki, oqibatda milliy iqtisodiyotning o‘sishi Yevropa Ittifoqidagi ayrim mamlakatlar bilan solishtirganda uncha katta emasligi sezilib qolmoqda. Uchinchidan, Fransiyadagi ishsizlik darajasi rivojlangan mamlakatlar orasida eng yuqori bo‘lib, ishlash qobiliyatiga ega yoshdagilarning atigi 68% doimiy ish bilan ta’minlangan. Ishsizlik darajasi 2010 yilda 10% dan oshib ketdi. To‘rtinchidan, byudjetdagi taqchillik, frankning qadrsizlanib borishi va soliqlarning og‘ir yuki mamlakat iqtisodiyotini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Biroq, shunga qaramay Fransiya Yevropa qit’asidagi eng kuchli iqtisodiyotga ega ikkinchi mamlakat hisoblanib, jahonda YAIM salmog‘i jihatidan oltinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Fransiyaning iqtisodiy o‘sish sur’ati EIning o‘rtacha ko‘rsatgichidan yuqori. Yevropaning yuqori texnologik rivojlangan mamlakatlaridan biri hisoblangan Fransiya mudofaa, aerokosmik texnika va elektronika sohalarida G‘arbiy Yevropa sanoati yutuqlarini o‘zida mujassam etdi. Fransiya yadro-energetik texnologiyalar va atom elektrostansiya eksporti bo‘yicha ham dunyoda yetakchi mamlakatlardan biridir. Fransiya o‘zining ilmiy-texnika yutuqlari – zamonaviy aviatsiya, o‘ta tezyurar poezdlari, birinchi klassli “Reno”, “Sitroen”, “Pejo” avtomobillari, ilg‘or kemasozlik sanoati bilan ham ajralib turadi.
XXI asrning boshlarida dunyo miqyosida yaratilgan zamonaviy texnika va texnologiyalarning 5,1% i Fransiya hissasiga to‘g‘ri keladi.
Fransiya aholisining 6% i qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Ishlab chiqarish texnikalari bilan yaxshi qurollanganlik va agroximiya fani yutuqlarini joriy etish tufayli mamlakat aholisi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘la ta’minlangan, hatto chorvachilik mahsulotlari eksportga jo‘natiladi. Aholining 85% ini yollanma mehnat kishilari – ishchilar, xizmatchilar, ziyolilar tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |