XXI asr boshida Italiya.
2000 yilning aprel oyida 20 ta viloyatning 15 tasida mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlarida ma’muriy saylovlar bo‘lib o‘tdi. D.Alemaning “yarim kommunistik rejimidan” norozi bo‘lgan o‘ng oppozitsiya o‘zining siyosiy raqiblariga nisbatan qaqshatqich kurash boshladi. O‘ng markazchi “Ozodlik qutbi”ning yetakchisi Berluskoni yana bir bor “Shimoliy Liga”ning federalchilari bilan birlashdi va qizg‘in saylov oldi tashviqotni boshlab yubordi. Cherkov dindorlarni o‘ng kuchlarning nomzodlarini yoqlab ovoz berishga chaqirdi. Natijada, o‘nglar shimoldagi sanoati rivojlangan barcha hududlar bilan qo‘shib hisoblaganda, 8 ta viloyatda g‘alaba qozondi.
2000 yil bahorida mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlariga bo‘lib o‘tgan saylovlardagi muvaffaqiyatdan ruhlanib ketgan Berluskoni “Ozodliklar uyi” nomli yangi Alyansni tashkil qiladi. “Ozodliklar uyi” 2001 yil bahoridan saylovoldi kompaniyasiga kirishib ketdi. Yangi Alyansga markaziy kuch bo‘lishga intilayotgan - “Olg‘a, Italiya!” partiyasi, hamda o‘nglarga tegishli bo‘lgan Milliy alyans va “Shimoliy Liga”lar qo‘shildi. Saylovoldi kompaniyasida Berluskoni imperiyasining butun qudrati ishga solindi. Natijada 2001 yil 13 mayda saylovchilarning katta qismi Berluskoni yetakchiligidagi “Ozodliklar uyi”ni yoqlab ovoz berishdi.
Saylov natijalariga ko‘ra “Ozodliklar uyi” kaolitsiyasi mamlakat parlamentidagi ko‘pchilik o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Jumladan, deputatlar palatasidagi 630 o‘rindan 367 tasiga, senatdagi 315 o‘rindan 177 tasiga ega bo‘ldi. “Zaytun daraxti” nomli so‘l markazchi blok 248 ta, kommunistlar 11 ta va qolganlar esa 4 ta deputat mandatiga ega bo‘ldilar. “Olg‘a, Italiya!” partiyasi mamlakat parlamentidagi eng katta fraksiyaga aylandi.
Parlamentning har ikkala palatasida ham ko‘pchilikka ega bo‘lgan Berluskoni nazariy jihatdan hukumatni qonun bilan belgilab qo‘ygan5 yil muddat davomida to‘la boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bosh vazir lavozimi va bir vaqtlar olingan Yevroparlament deputatining statuti Berluskoniga katta immunitet huquqini berdi.
Italyaning bosh vaziri lavozimini qo‘lga kiritgan Berluskoni oldida, undan oldin faoliyat ko‘rsatgan o‘tmishdoshlari uddalay olmagan muammolarni hal qilish vazifasi turardi. Bunday muammolarga konstutitsion tizimni takomillashtirish, hukumatning asosiy illatlari sifatida saqlanib qolayotgan byurokratizm va korrupsiyani yo‘q qilish, yuqori darajadagi ishsizlik, maktab islohoti, soliq tizimini tartibga solish kabi o‘nlab masalalar turardi. S.Berluskoni muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha o‘z dasturini “kontrakt” deb nomlangan saylovoldi hujjatida e’lon qildi. Unga ko‘ra, Berluskoni ishsizlarni 1,5 mln. kishiga qisqartirish, nafaqalar bo‘yicha islohot o‘tkazish, kichik biznesga yordam berish, soliqlarni qisqartirish, merosga solinadigan soliqlarni bekor qilish, kriminal va byurokratiyaga qarshi kurashishga va’da berdi. Tashqi siyosatda esa chuqur o‘zgarishni amalga oshirish ko‘zda tutilmagan edi. Italiya Iroqqa qarshi koalatsiya qo‘shinlarida ishtirok etdi, Afg‘onistonga NATOning qo‘shinlari tarkibida o‘z harbiy qismlarini yubordi. Shunday qilib, Italiya XXI asrga bloklararo strategiya an’analarini saqlab qolgan holda kirib keldi.
2006 yil aprel oyida Italiyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Romano Prodining “Ittifoq” bloki amaldagi bosh vazir Silvio Berluskonining “Olg‘a, Italiya!” bloki ustidan g‘alaba qozondi. Prodiboshchiligidagi so‘l markazchi “Ittifoq” bloki parlamentning quyi palatasiga o‘tkazilgan saylovda Berluskoni boshchiligidagi “Olg‘a Italiya” blokini atiga 0,1 foiz farq bilan ortda qoldirdi. Parlamentning yuqori palatasi saylovlarda esa Prodi bloki kichik farq bilan g‘alaba qozondi.
2008 yil 13-14 aprelda Italiyada navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘ldi. Saylovlarda “Olg‘a Italiya” bloki boshlig‘i 71 yoshli S.Berluskoni g‘alaba qilib 3- marta bosh vazir lavozimini egalladi. Oppozitsiya kuchlari S.Berluskonini axloqsizlikda (balog‘atga etmagan Marokashlik qiz bilan aloqa qilganlikda) ayblab hukumatdan ketishini talab qildilar. Bu S.Berluskonining obro‘si tushib ketishiga olib keldi. Keyingi 60 yil davomida Italiyada 62 marta hukumat o‘zgarishlar bo‘ldi.
Hozir Italiya - Yevropa Ittifoqi (EI) va NATOning faol a’zosi. Dunyoda rivojlangan etti davlatning biri. EIga a’zo davlatlarning yagona iqtisodiy valyutasini tashkil etish g‘oyasini ham aynan ushbu mamlakat hukumati ilgari surgan.
Italiya 2011 yil 19-martdan NATO bloki davlatlarining Liviyada M.Kaddafi rejimini ag‘darib tashlash uchun boshlagan harbiy harkatlarida faol qatnashdi. Agar mamlakat tarixiga nazar tashlasak, Italiya ikkinchi jahon urushidan so‘nggina rivojlanish, erkin taraqqiyot sari qadam tashlaganligiga guvoh bo‘lamiz. Ana shu qisqa davr ichida “Fiat”, “Alfa-Romeo” va “Ferarri” avtomobillari dunyoda shuxrat qozondi.
Do'stlaringiz bilan baham: |