Tamoyillar deganda, asosiy nazariy bilim, ilmiy dalillarni tushuntirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiluvchi rahbar g‘oyalar tushuniladi. Tamoyillar sifatida, jumladan, isbotlab bo‘lmaydigan va isbot talab qilmaydigan aksiomalar, postulatlar amal qilishi mumkin.
Kategoriyalar – borliqning eng muhim tomonlari, xossalari va munosabatlarini aks ettiruvchi umumiy tushunchalardir. Fan kategoriyalariga ham shunday ta’rif berish mumkin. Biroq, umumiy xususiyatga ega bo‘lgan falsafiy kategoriyalardan farqli o‘laroq, fan kategoriyalari butun borliqning emas, balki borliqning muayyan parchasi xossalarini aks ettiradi.
Fan qonunlari hodisalar o‘rtasidagi zarur, muhim, barqaror, takrorlanuvchi munosabatlarni yoritadi. Bu hodisalarning amal qilishi va rivojlanishi qonunlari bo‘lishi mumkin. Tabiat, jamiyat va inson tafakkuri qonunlarini bilish – fanning muhim vazifasi. U o‘rganilayotgan hodisalarning tushunchalar va kategoriyalarda qayd etiladigan umumiy va muhim tomonlarini yoritishdan ularning barqaror, takrorlanuvchi, muhim va zarur aloqalarini aniqlashga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi. Fan qonunlari va kategoriyalari tizimi uning paradigmasini tashkil etadi.
Paradigma – fan tarixining muayyan davrida uning rivojlanishini belgilovchi barqaror tamoyillar, umumiy me’yorlar, qonunlar, nazariyalar va metodlar majmui. U butun ilmiy hamjamiyat tomonidan fanning mazkur darajasida yuzaga keluvchi vazifalarni qo‘yish va yechish usullarini belgilaydigan andoza sifatida tan olinadi. Paradigma tadqiqotchilik faoliyati, ilmiy eksperimentlarning natijalarini talqin qilishga yo‘l ko‘rsatadi, yangi dalillar va nazariyalarning bashorat qilinishini ta’minlaydi. U o‘ziga mos kelmaydigan konsepsiyalarni inkor etadi va tadqiqotchilik vazifalarini yechish uchun andoza bo‘lib xizmat qiladi. Paradigma tushunchasi bilish nazariyasiga amerikalik faylasuf T.Kun tomonidan kiritilgan.
Intuitsiya va ijod. Yangi bilimni egallashda mantiqiy tafakkur, uning tushunchasi, qonunlari, tushunchalarning shakllanish usullari va yo‘llari katta ahamiyatga ega. Lekin bilish faoliyati tajribasi shundan dalolat beradiki, ko‘p hollarda ilmiy muammolarni hal qilishda oddiy mantiqning imkoniyatlari kamlik qiladi. Yangi axborotning hosil bo‘lish jarayonini tafakkurni induktiv va deduktiv tushunishga tenglashtirib bo‘lmaydi. Bu jarayonda bilishga yangi kuch, imkon va harakat yo‘nalishi beruvchi intuitsiya muhim o‘rin egallaydi.
Insonning bunday qobiliyati borligini ko‘plab olimlar e’tirof etishadi. Masalan, Lui de Broyl ta’kidlaydiki, “intuitsiya bizga qandaydir ichki anglashni to‘satdan ochib, murakkab, hech qanday umumiylikka ega bulmagan reallikning serma’noligini aniqlashga yordam beradi. Ular organik ravishda inson aqliga xos bo‘lgan imkoniyatlar bo‘lib, fanning paydo bo‘lishida muhim rol o‘yiagan va bugungi kunda ham shunday rol o‘ynamokda». Ana shu tufayli ilmiy yutuqlarga erishilmoqda. Mana shuning uchun inson aqli, pirovard natijada, insonga nisbatan yaxshiroq hisoblayotgan va tasniflayotgan, biroq tasavvur ham, bashorat ham qilishga qodir bo‘lmagan barcha mashinalar ustidan hukmronlik o‘rnatishga qodir.
Intuitsiyani eksperimental o‘rganish mumkin va uni eksperiment yordamida o‘rganishga bag‘ishlangan ishlar orasida J. Olton, K. Fakuarui asarlarini alohida ta’kidlash mumkin.
Intuitsiyaning umumiyligi va keng tarqalganligini olib borilgan ko‘plab kuzatishlar tasdiqlashi mumkin. Kutilmagai vaziyatlarda, axborotlar cheklangan sharoitda tez qaror qabul qilish zarur bo‘lganda, o‘z qarorini «oldindan sezganday», aynan shunday qilish lozimdek, qabul qiladigan holatlar inson xayotida ko‘p uchraydi.
Insoniyat tarixida olimlar, konstruktor va rassomlar o‘z sohasida «ilhom kelib qolgani» tufayli yoki «to‘satdan esga tushib qolish» oqibatida yangi kashfiyotlarga erishilganligi bilan bog‘liq misollar ko‘plab uchraydi.
Amerikalik matematik Leonardo Yudjin Dikson ajoyib bir hodisani bevosita kuzatgan: maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan onasi va onasining singlisi geometriyadan bir vazifani yechish uchun bir kechani bedor o‘tkazishgan. Tunda onasining tushiga masala kirgan, u masalani baland va aniq ovoz bilan yecha boshlagan. Uning singlisi esa buni eshitib qolib, darrov yozib ola boshlagan. Ertasiga ertalab xolasining qo‘lida masalaning Diksonning onasiga noma’lum bo‘lgan yechimi turgan. Bu misol «matematik tush» deb ataluvchi anglanmagan hodisa bilan birga inson ruhiyatining ongsizlik darajasida sodir bo‘ladigan hodisani izohlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |