Agnostitsizm – bu shunday ta’limotki, unga ko‘ra dunyo haqida haqiqiy, ishonchli bilimlarga erishib bo‘lmaydi. Agnostitsizm bilishni faqat biluvchi aqlning faoliyati deb biladi.
Agnostitsizm g‘oyasi XIX-XX asr falsafasida ham rivojlandi. Masalan, nemis fizigi va fiziologi G.Gelmgolsning (1821-1894) «simvollar nazariyasi» yoki «ierogliflar nazariyasi» o‘z mohiyatiga ko‘ra agnostik xarakterda edi. Gelmgols qarashlarining mazmuniga ko‘ra, sub’ektning sezgilari real predmetning obrazi emas, balki simvollar, shartli belgilar, ierogliflardir. U xissiy obrazning uni keltirib chiqargan timsol, «original», real narsa bilan aloqasini, o‘xshashligini inkor etgan.
XIX-XX asrlar chegarasida agnostitsizmning yana bir turi – konvensionalizm shakllandi. Konvensionalizm (lotincha konvensio – shartnoma, kelishuv, bitim) – bu falsafiy ta’limot bo‘lib, unga ko‘ra ilmiy nazariyalar va tushunchalar tashqi dunyoning, uning tomonlari va xossalarining real tafsifi emas, balki olimlar o‘rtasidagi kelishuv mahsulidir. Konvensionalizmning eng yirik vakili fransuz matematigi va filosofi Anri Puankaredir (1854-1912).
Gnoseologik relyativizm esa borliq hodisalari va voqealari to‘g‘risidagi bilimlarning o‘zgaruvchanligi, o‘tkinchiligi, haqiqatning nisbiyligini mutloqlashtiruvchi agnostik va skeptik qarashlarning yo‘nalishlaridan biridir.
Umuman, insonning borliqni bilishi masalasida izchil agnostitsizm skeptitsizm bilan birikib ketib, nigilizmga olib keladi.
Ilmiy-texnikaviy taraqqiyot va informatsion sivilizatsiya davrida hozirgi zamon gnoseologiyasida shuni hisobga olmoq muhimki, bilish sub’ekti bilan ob’ekt orasida ko‘pincha vositachi pribor, tadqiqot qurilmasi turadi. Bu o‘ziga xos gnoseologik vaziyatni vujudga keltiradi. Pribor ob’ektni adekvat, aynan aks ettirish jarayoniga muayyan uzluksiz va tasodifiy xatolar kiritishi sababli, tadqiqotchi ularga zarur korrelyatsiya qilmog‘i lozim. Biroq bu agnostitsizmning tantanasini bildirmaydi, balki bizning bilish usullarimiz, metodlarimiz, vosita va shakllarimiz doimiy takomillashtirilib turishga muhtoj ekanligini ko‘rsatadi. Bizni qurshab turgan dunyoni bilish mumkin, bilish esa – sub’ektning haqiqatni anglash va uni o‘z amaliy, yaratuvchilik, o‘zgartiruvchilik faoliyatida qo‘llash maqsadida tashqi dunyoni ongli ravishda aks ettirishidir.
Ilm va fan yutuqlariga asoslangan faylasuflar esa insonning dunyoni va o‘zini bilishini doimo e’tirof etib kelganlar. Faylasuflarning bunday qarashlari gnoseologik optimizmdir. Xo‘sh bilish nima?
Do'stlaringiz bilan baham: |