Labrodorit – gabbroga o‘xshash, asosan, dala shpati va boshqa och qora rangli minerallardan tashkil topgan jins. Labrodoritni pardozlaganda uning sirtida ko‘k-binafsha rangli minerallar ajralib turadi. SHuning uchun u ko‘proq hashamatli inshootlar qurishda bezakli qoplama plitalar sifatida ishlatiladi.
Vulqondan toshib chiqqan birlamchi tog‘ jinslari magma holatda er yuziga ko‘tarilishida kristallana boshlaydi va sovishi jarayonida to‘la kristallangan, bir tekis kristallanmagan va to‘la kristallanmagan tuzilishga ega jinsga aylanadi. Tog‘ jinslarning tuzilishi orqali ularning fizik-mexanik xossalari to‘g‘risida umumiy fikr yuritsa bo‘ladi. SHular ichida donalari bir tartibda joylashgan tog‘ jinslari yuqori mustahkam bo‘ladi. Ammo yirik donali kristallardan tashkil topgan jinslar haroratning o‘zgaruvchanligidan yoki mexanik kuchlar ta’sirida tez buziladi. Xuddi shunday holatni tarkibida har xil minerallar bo‘lgan jinslarda ko‘rish mumkin.
Bazalt – yashirin kristalli, ba’zan shishasimon tuzilishga ega bo‘lgan jins Er yuzasiga ko‘tarilgan jinslar ichida zichligi eng katta (3300 kg/m3). Bazaltni ishlash ko‘p mehnat talab etadi, ammo uni pardozlash oson. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 300–500 MPa ga etadi. Bazalt xarsangtosh, shag‘al va boshqa donali buyumlar tayyorlashda, shu bilan birga eritib olinadigan buyumlar va issiqlikni saqlovchi mineral paxta uchun xom ashyo sifatida ishlatiladi.
Diabaz – dala shpati va avgitdan tashkil topgan kristall jins. Uning tarkibiga olivin minerali ham kiradi. Diabaz porfir tuzilishida ham uchraydi, rangi to‘q sariq, kulrang, yashil, zichligi 3000–3100 kg/m3, siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 300–450 MPa ga teng. Diabaz yuqori qattiqlikka egaligi, nihoyatda zich hamda chidamliligi uchun yo‘llarni qoplashda va boshqa ishqalanishga ishlaydigan inshootlarda ko‘p qo‘llaniladi. Boshqa jinslardan farqi erish haroratining kichikligidir (1200–1300°S). SHu sababli maxsus qurilish buyumlari diabaz eritmasidan quyib olinadi. Diabaz har xil plitalar, to‘sinchalar va boshqa donali qismlar, shuningdek, mineral paxta tayyorlashda va asfaltbetonlar uchun to‘ldirgich sifatida ishlatiladi.
Andezitlar - plagioklaz, avgit va rogovaya obmankadan tashkil topgan jins. Zichligi 2200-2800 kg/m3, siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 60–240 MPa. Andezit kislota ta’siriga va issiqqa chidamli. Qurilishda asosan kislotalar ta’siriga chidamli betonlar uchun yirik to‘ldirgich sifatida hamda kislota saklaydigan hovuz devorlarini qoplashda ishlatiladi.
Traxitlar – zichligi kamroq bo‘lgan jins. Zichligi 2200 kg/m3, siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 50–100 MPa. Rangi och sariq yoki kulrang. Ular devor ashyolari hamda betonlar uchun to‘ldirgich sifatida ishlatiladi.
Vulqon tufi – pushti yoki binafsha rangda uchraydigan, zichlashib va yopishib qolgan vulqon kulidan iborat g‘ovakdor tog‘ jinsi. Zichligi 1100–1300 kg/m3, siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 8–12 MPa va issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffitsienti 0,3–0,4. Qurilishda, asosan, devor ashyolari (bloklar) sifatida ishlatiladi. Tuf chiqindilari esa engil betonlar uchun to‘ldirgich sifatida foydalaniladi.
Pemza – shishasimon serg‘ovak engil jins. U vulqondan otilgan mayda lava tomchilarining havoda sovishga ulgurmay o‘zaro yopishib qolishidan hosil bo‘lgan. Tarkibida kremniy (75 %gacha) va alyumin oksidi bor. Och sariq rangda bo‘ladi. Pemzaning zichligi 300–600 kg/m3, siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 0,4–4 MPa. Sovuqqa chidamli va issiqlikni kam o‘tkazadigan ashyo. Uning kukuni bog‘lovchi moddalar uchun faol qo‘shilma, qumi esa engil beton va qorishmalar uchun to‘ldirgich sifatida ishlatiladi. Kamchatka, Armaniston va Kavkaz hududlarida pemza zaxiralari ko‘p.
Do'stlaringiz bilan baham: |