Jins hosil qiluvchi minerallar
Er qatlamini tashkil etuvchi barcha tabiiy toshlar minerallardan tashkil topgan. Tog‘jinsining xususiyatlari asosan shu jinsning tarkibiga kirgan minerallarning turiga, miqdoriga va zarrachalarning o‘zaro bog‘lanish kuchiga bog‘liq. Quyida tog‘ jinsi tarkibini tashkil etgan asosiy minerallar bilan tanishib chiqamiz.
Kvars (SiO2) – asosan qumtuproqdan tashkil topgan yashirin yoki ochiq kristall shaklida uchraydigan nihoyatda zich, mustahkam va chidamli mineral. Kvarsning zichligi 2,5–2,8 g/sm3. Siqilishdagi mustahkamligi 200 MPa, cho‘zilishdagisi esa 100 MPa dan ko‘p. Qattiqlik shkalasida kvars ettinchi o‘rinda turadi. Oddiy haroratda kvars barcha kislota va uning eritmalarida chidamlidir. YUqori haroratda kvars ftorli vodorod va fosfor kislotasi bilan reaksiyaga kirishib, silikatlar hosil qiladi. Agar nam sharoitda reaksiya davom ettirilsa, silikatlar hosil bo‘ladi.
Kvarsni 575°S dan 870°S gacha qizdirganda, u tridimit holatga aylanadi, ya’ni hajmi kattalashadi. Uning bu xususiyati kvars ishlatiladigan buyumlar tayyorlashda e’tiborga olinishi zarur. 1710°S da esa kvars suyuqlanadi va tez sovitilsa, kvars shishasi hosil bo‘ladi. Kvars sanoatda o‘tga chidamli buyumlar (dinas) tayyorlashda, sopol buyumlari ishlab chiqarishda, kvars qumi esa shisha sanoatida va silikat g‘ishti, kislotaga chidamli sementlar ishlab chiqarishda, shuningdek, qorishma va betonlar uchun mayda to‘ldirgich sifatida ishlatiladi.
Dala shpati – silikatlar guruhida keng tarqalgan oq va qizg‘ish rangli mineraldir. U silikatlar guruhidagi ortoklaz va plagaoklaz, albit, anortit jinslarida uchraydi. Kimyoviy tarkibi bo‘yicha ortoklaz (K2OAl2O36SiO2) alyumosilikat kaliydan farq qilmaydi. Ortoklaz to‘g‘ri burchak shaklidagi bo‘laklarga parchalanadi. Qurilish sanoatida ishlatiladigan tabiiy tosh ashyolariga tomonlari qirrali yoki kichik burchak shaklida bo‘linuvchan jinslar - plagioklaz, albit (alyumosilikat natriy - Na2OAl2O36SiO2) va anortit (alyumosilikat kalsiy - CaOAl2O32SiO2) lar kiradi. Dala shpatining siqilishdagi mustahkamligi kvarsnikidan kam (120– 170 MPa), erish harorati esa 1170–1550°S ga teng. Dala shpati atmosfera ta’sirida asta-sekin emirilib, kaolin (chinni buyumlari ishlanadigan xom ashyoning bir turi), qumtuproq qumlari va boshqa jinslarga aylanadi. Toza dala shpatidan quyma sopol ashyolari ishlanadi.
Dala shpati va kvarsdan tashkil topgan jinslar pegmatitlar deb ataladi va asosan chinni buyumlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.
Slyuda - kimyoviy tarkibi jihatidan murakkab suvli alyumosilikatdir. Tabiatda slyudaning bir necha xili uchraydi. SHulardan eng ko‘p tarqalganlari muskovit va biotitdir.
Muskovit – yaltiroq oq yoki kulrang holatda uchraydigan, qiyin eruvchan, kislotalar ta’siriga chidamli slyuda. Biotit – qora rangdagi, oson emiriluvchan magnezial-temir slyuda. U yassi va yupqa qatlamga ajralish xususiyatiga ega.
Olivin asosan temir va magniy silikatlaridan tashkil topgan mineraldir. U ko‘k rangli, atmosfera ta’siriga chidamsiz, suv ta’sirida esa hajmi kengayadi. U asbestsement sanoatida va issiqlik o‘tkazmaydigan ashyolar ishlab chiqarishda ko‘p ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |