Obyekt aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy chegaralar, ma’lum bir xalq, millat, mamlakat tarixi bilan bog’liq bo’lib, shular doirasidagi voqea va hodisalarning bir butun va yaxlitlikda o’z ichiga oladi.
Predmet esa mana shu bir butun obyekt ichidagi aniq tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan iboratdir. O`zbekiston tarixi fani fan sifatida ijtimoiy-siyosiy, umuminsoniy fan bo’lib, inson va millat, o’z o’tmishini bilishi, o’zligini o’zi anglashi hamda kelajagini belgilashida asosiy dasturulamal hisoblanadi. Shu bilan birga, u ijtimoiy-siyosiy hayot sohasidagi yagona fan ham emas, jamiyat, insoniyat va tabiatning o’tmishini o’rganuvchi boshqa soha fanlari ham bor. Masalan, madaniyat, maorif, iqtisodiyot va boshqa fanlar shular jumlasidandir. Ammo, boshqa fanlarning hammasi ham, tabiat, jamiyat ham avvalo, katta tarixda aks etadi. Soha tarix fanlari ham tarix fanining o’rganish obyekti va predmeti hisoblanadi.
O`zbekiston tarixi fani yakka holda rivojlanmaydi. U ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan doimo o’zaro aloqada turadi. Insoniyat hayotining ma’no-mazmuni va jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari haqida fikr yuritganda falsafa, davlat qurilishi va jamiyatni boshqarish masalalarida politologiya, iqtisodiy hayotni yoritishda iqtisodiyot nazariyasi, xalqning turmush tarzi, tili va milliy mentalitetini tasvirlashda etnografiya, o’zbek tili va adabiyoti, dinshunoslik fanlari yutuqlaridan foydalaniladi. Tarixshunoslik, manbashunoslik, arxeologiya, arxivshunoslik kabi maxsus fanlar tarix falsafasini chuqur anglab yetishga ko’maklashadi.
Bugungi kunda O`zbekiston tarixining ko’plab mavzulari bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Shunday bo’lsa-da, ushbu fanining dolzarb muammolari, qaytadan ko’rib chiqishi va o’rganilishi lozim bo’lgan masalalari ham mavjuddir. Jumladan, o’zbek xalqining kelib chiqishi va shakllanish bosqichlari; Vatanimiz hududida eng qadimgi davrlardan boshlab yashayotgan aholi, ularning joylashuvi va ijtimoiy aloqalari; bu aholining qo’shni qabilalar va elatlar bilan o’zaro turli munosabatlari kabi masalalarni bunga misol qilish mumkin.
Shu bilan birga dastlabki o’zbek davlatchiligining paydo bo’lishi va rivojlanishi ham muhim masaladir. Ayniqsa, mahalliy qadimgi aholi o’troq yashaganligi dehqonchilik xo’jaligini rivojlantirganligi, dastlabki aholi manzilgohlarining paydo bo’lganligi; dastlabki manzilgohlar rivojlanib ilk shaharlarga aylanganligi; dastlabki shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’muriy markazlar sifatida rivojlanganligi va nihoyat, mazkur jarayonlarga asos bo’lgan xizmat qilgan omillar o’ta muhimdir.
Arxeologik manbalar asosida o’lkamiz hududida qadimdan vujudga kelgan ilk davlat uyushmalari tarixi, ularning o’zaro va qo’shni davlatlar bilan olib borgan turli aloqalari, ularning tarixiy-geografik hududi va chegaralari o’rganish ham munozarali mavzu hisoblanadi. Shu o’rinda yurtimiz hududlari va xorijda bitilgan o’rta asrlarga oid yozma manbalar asosida O`zbekiston tarixi sahifalarini yanada kengaytirish va boyitish bo’yicha qilinadigan ishlar nihoyatda ko’p.
2. Mustaqillik sharofati bilan O`zbekiston tarixi fanini o’rganish davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. Shu o’rinda O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning «Tarixiy xotirasiz barkamol kishi bo’lmaganidek, o’z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo’lmaydi», «Tarix xalq ma’naviyatining asosidir», «Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q» , «O’zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi», «Inson uchun tarixdan judo bo’lish-hayotdan judo bo’lish demakdir» kabi so’zlari ham nazariy, ham metodologik ahamiyatga egadir.
Islom Karimov o’tmishni o’rganishda tarixiy taxlilni ilmiy jihatdan xolisona va xalol amalga oshirish asosiy vazifadir, deb uqdirmoqda. Bu vazifani amalga oshirish O`zbekiston tarixi fanini o’rganishning ilmiy va uslubiy asoslariga tayanishni talab etadi. Bunday yondashish zaminida dialektik metodni qo’llash yotadi. Dialektika (yunoncha-dialektike-rivojlanish to’g’risidagi falsafiy ta’limot) olam yagona va yaxlit, unda sodir bo’ladigan hodisalar, voqealar umumiy va o’zaro bog’lanishi, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyotda bo’ladi, deb ta’lim beradi. Bu degani olamda sodir bo’lgan hodisalar, voqealar ma’lum bir bog’lanishda, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyot jarayonida sodir bo’lishini inobatga olmoq lozim. Demak, O`zbekiston tarixini o’rganar ekanmiz, uning jahon tarixining bir bo’lagi ekanligini yodda tutmoq darkor. Negaki, har bir xalq tarixi milliylik, o’ziga xos betakror xususiyatlari bilan jahon tarixi, butun insoniyat taraqqiyoti bilan umumiy bog’lanishidadir.
Tarixiy voqea, hodisalarni o’rganish, tahlil etish va yoritishda holislik-haqqoniy, adolatli yondashuv muhim metodologik qoidadir. Prezidentimiz Islom Karimov o’zining «Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch» asarida aytib o’tganidek, «Tarixiy xotira tuyg’usi to’laqonli ravishda tiklangan, xalq bosib o’tgan yo’l o’zining barcha muvaffaqiyat va zafarlari, yo’qotish va qurbonlari, quvonch va iztiroblari bilan xolis va haqqoniy o’rganilgan taqdirdagina chinakam tarix bo’ladi».
Holislik qoidasini tarixiy voqea, hodisalarni o’rganayotganda ular bilan bog’liq bo’lgan barcha faktlarning hech bir istisnosiz butun majmui bilan birga olib tekshirishni, aniq, haqqoniy dalillarga asoslanishini talab qiladi. Tarixiy hodisalarni bir butun holda, o’zaro aloqada va munosabatda deb o’rganish darkor.
O`zbekiston tarixini o’rganishda tarixiylik metodologiyasi muhim ahamiyatga ega. Tarixiylik tamoyili o’sha davr shart-sharoitlarini, tarixiy muhitni inobatga olmoqni taqozo qiladi. Voqea-hodisalarni o’rganishda tarixiy bog’lanish, tarixiy rivojlanish jarayoniga e’tibor qilmoq zarur. Har bir hodisa qanday tarixiy sharoitda, muhitda bo’lganligini bu hodisa o’z taraqqiyotida qanday asosiy bosqichlarni o’tganligini, keyinchalik u qanday bo’lib qolganligini bilish tarixiylik qoidasining asosiy talabidir. Masalan, bironta davlat faoliyatiga tarixiylik nuqtai nazaridan turib baho bermoqchi bo’lsak, birinchidan, u qachon, qanday tarixiy sharoitda paydo bo’ldi, ikkinchidan, u o’z taraqqiyotida qanday bosqinchilarni bosib o’tdi?, uchinchidan, u hali ham mavjudmi?, Hozir qay ahvolda, qanday bo’lib qoldi?, degan savollarga aniq javob berishi zarur bo’ladi.
Tarixiylik metodologiyasi xalqning o’tmishini, hozirgi zamon va kelajagini yagona tabiiy jarayon deb, o’tmish hozirgi zamonni tayyorlaydi, hozirgi zamon kelajakni yaratadi degan taraqqiyot qonuni asosida qaraydi. Insoniyat ana Shunday umumiy yo’ldan borayotgan ekan, porloq hayot, turmush qurmoqchi bo’lgan avlod tarix fani orqali o’z o’tmishini yaxshi bilmog’i lozim. O’tmishni, ajdodlarimiz tarixini qanchalik yaxshi bilsak, anglab yetsak, hozirgi zamonni, mustaqilligimiz mazmunini, buyukligini shunchalik mukammal tushunamiz, kelajakni to’g’ri tasavvur etamiz. Shuningdek, hozirgi zamonni, bugungi avlodning bunyodkorlik faoliyatini to’g’ri idrok etishga, o’tmishni, tariximizni chuqur anglashga ko’maklashadi.
Tarixni o’rganish faktlarni taqqoslash, mantiqiy qiyosiy xulosalar chiqarish va umuman falsafiy tafakkur bilan yondashishni talab qiladi va o’tmishimizni teran anglashda asosiy mezon bo’lib qoladi. Tarix fanining rivoji, uning metodologiyasi rivojiga bog’liq bo’lganidek, tarix fani metodologiyasi yuksak darajada takomil topishi tarix fani qay darajada ekanligiga ham bog’liq. Bu holdagi uzviy ikki tomonlama bog’liqlik umumiy qonuniyatdir. Mana shu o’zaro aloqadorlik qonuniyati, qadim mumtoz tarixshunosligimiz va hozirgi zamon tamadduniga, tsivilizatsiyasiga asoslanib, O`zbekiston tarixi fani metodologiyasi ikki qismdan iborat:
Do'stlaringiz bilan baham: |