13.4 Gruntlarni qotirish usullari
Gruntni qotirish deganda uning g’ovaklariga turli kimyoviy qorishmalar yuborish, yoki issiqlik ta’sir ettirish orqali grunt mustahkamligini oshirishga qaratilgan texnik tadbirlar tushuniladi.
Qurilish amaliyotida ishlatiladigan qotirish usullari gruntning turi va unga mos keluvchi qorishmaning tarkibi bilan bir-biridan farqlanadi.
Mazkur usullar qo‘llanishidan oldin, oldingi usullardagidek, qurilish maydoni kvadratlarga bo‘lib chiqiladi va ularning qirralarida chuqur qazilali. Chuqurlar orasi qo‘llaniladigan qorishmaning turi, sifati va gruntning holatiga qarab belgilanadi. Tayyorlangan qorishmani gruntga yuborish uchun maxsus moslamalardan foidalaniladi.
Amalda gruntni qotirish uchun sementlash, suyuq sopol, elektr, mo‘m va issiqlik ta’sir ettirish usullari mavjud.
Sementlash oldindan tayyorlangan chuqurlikka tushirilgan maxsus moslama yordamida grunt g‘ovaklariga suyuq sementli qorishma yuborishga asoslangan. Qorishma g‘ovaklarni to’ldirish bilan birga, tez qotib, gruntni yahlitlash xususiyatiga ega. Grunt yahlitlangach uning mustahkamligi oshib suv sizdirish qobiliyati kamayadi.
Zarralarining o‘lchamlari sement zarralaridan kamida 4 marta yirik bo‘lgan gruntlarda ushbu usulni qo’llash samarali natija beradi Shundan kelib chiqib, sement yordamida o‘rta va yirik qumlar, tosh-shag‘allar va, ayniqsa, seryoriq qoya gruntlar qotirish maqsadga muvofiqdir.
Sement qorishmasini purkash maqsadida ishlatiladigan moslama 20-40 mm diametrli quvirdan yasalib, uning ostki qismiga 3-6 mm.li teshiklar bir-biridan 5-25 mm masofada joylashadi. Yig’ma qurilmali ushbu quvirlar bir joydan ikkinchi joyga oson ko’chirish maqsadida uzunligi 1,5 m li alohida bo‘laklardan tashkil topadi. Chuqurlashtirish jarayonida ular maxsus moslamalar yordamida ulanadi.
Turli organik moddalar va changsimon zarralarga serob gruntlar qorishma yuborishdan oldin bosim ostida oddiy suv yordamida yuviladi. Natijada g‘ovaklar tozalanib, zarralarni namlashga sarflanadigan suv miqdori kamayadi.
Qorishma tarkibidagi sement va suv miqdori gruntlarning suv shimish qobiliyatiga bog‘liq ravishda 1 : 0,4 dan 1 : 10 gacha, chuqurlararo masofa esa 1,0 dan 3,0 metrgacha o‘zgarishi mumkin.
Gruntni sifatli qotirish maqsadida yuqori navli (300 dan ortiq) sement ishlatiladi. Nav tanlash masalasi, asosan, zamin mustahkamligi, sizot suvlarining harakati va ularning sementga nisbatan zarari darajasiga bog‘lab hal etiladi.
Amaliy tajribalar natijasi sement yordamida quyidagi mustahkamlik ko‘lamiga erishish mumkin ekanligini ko‘rsatgan: seryoriq qoyalarda - 1,2-1,7 m; yirik zarrali gruntlarda - 0,7-1,1 m; yirik va o‘rtacha yirik qumlarda - 0,25 -0,8 m va mayda qumlarda 0,1 - 0,3 m. Shuningdek, qorishmani yuborish bosimi grunt g‘ovaklari va yoriqlarining o‘lchamlariga moslab tanlanadi. Masalan, 1 metr oraliqni qotirish uchun qoyali va yirik zarrali gruntlarda - 0,25 atm; qumlarda esa 0,5 -1,0 atm gacha bosim ta’sir ettirish lozim.
Sement yordamida qotirilgan gruntlarning mustahkamligi 3,0- 4,0 MPa va undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |