13 bob. BO’SH ZAMINLARINI SUN’IY
MUSTAHKAMLASH USULLARI
13.1 Umumiy ma’lumotlar
Mustahkamlik va yuk ko‘tarish qobiliyati nuqtai nazaridan inshoot barpo etish uchun yaroqsiz bo‘lgan tabiiy gruntlar bo‘sh gruntlar deb ataladi. Ulardan zamin sifatida foydalanish uchun sun’iy usullar yordamid mustahkamligini oshirish talab etiladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, bo’sh gruntlar deganda nafaqat tabiiy bo‘sh tuzilmali gruntlar, balki nisbatan mustahkam gruntlarni ham quyidagi hollarda mustahkamlashga to‘g‘ri keladi:
1. Inshootdan tushayotgan bosimning miqdori zaminning yuk ko‘tarish qobiliyatidan ortiq bo‘lib, poydevor tag yuzasini kengaytirish, yoki uning chuqurligini oshirishning imkoni bo’lmasa.
2.Gruntning fizik va mexanik ko‘rsagkichlari unga qo‘yilgan talablarga javob bermasa (yirik g‘ovaklik, bo‘sh tuzilma, zichlanuvchanlik, notekis cho‘kish va h.k.).
Serg‘ovak qumlarni hamma vaqt mustahkamlash zarur, ayniqsa, zilzila sodir bo‘luvchi tegralarda bu ishni bajarish birinchi navbatda talab etiladi. Suvga to‘yingan loylar, o‘ta cho‘kuvchan lyoss va lyossimon gruntlar hamma vaqt mustahkamlanishi zarur.
Hozirgi vaqtda qurilish amaliyotida qo’llanib kelinayotgan bo‘sh gruntlarni mustahkamlash usullarini 3 turga bo‘lish mumkin:
a) bo‘sh gruntlarni mustahkam gruntlar bilan almashtirish, yoki ularni sun’iy to‘siqlar yordamida o‘rash;
b) bo‘sh gruntlarni zichlash;
v) bo‘sh gruntlarni qotirish.
Sun’iy mustahkamlash usulini tanlash masalasi, avvalo qurilish maydonining geologik va gidrogeologik shart-sharoitlarini chuqur o‘rganishdan boshlanadi. Unda tanlanadigan usulning iqtisodiy tomonlari, qo‘llanish vaqti, bajarilish tezligi, foydalanish uchun ashyo va moslamalarning mavjudligiga ahamiyat beriladi.
Tanlangan usulning yana bir muhim tomoni zichlangan yoki qotirilgan grunt mustahkamligini saqlash davomiyligidir. Bu masalani hal etishda sizot suvlarining zararli ta’siri muhim ro’l o’ynaydi.
13.2 Bo‘sh gruntlarni almashtirish
Ba’zan qurilish maydonida 2 - 3 m qalinlikdagi o’ta bo’sh (balchiqsimon, serorganik moddalar aralashgan, to’kma va h.) grunt qatlamlari uchrab qoladi. Mazkur holatda ushbu qatlamni olib tashlab, o‘rniga yahshilab zichlangan tosh-shag‘al, yoki qumlardan yostiqlar o‘rnatish maqsadga muvofiq bo’lishi mumkin.
Poydevor ostida barpo etiluvchi yostiqlar mustahkam gruntga o‘rnatilishi va tag yuzasi biroz kengaygan trapetsiya shaklida bo‘lishi lozim (13.1-rasm).
13.1-rasm. Bo’sh guruntlarni qumli yustiqlar bilan almashtirish.
Yostiqlarning asosiy qismi bo’lib bikrlik burchagi (a) xizmat qiladi. Ushbu burchak grunt turiga bog‘liq. Masalan, qumli yostiqlarda =30-35°, tosh-shag‘allilarda esa – 40 - 45°. Kuzatishlarning natijasi bikrlik burchaginining miqdori poydevor tanasi bo‘ylab bosim tarqalish burchagiga yaqin bo‘lishini ko’rsatdi.
Yostiqlar poydevordan uzatiluvchi bosimni qabul qilib, taqsimlab zaminga uzatish bilan birga inshoot turg‘unligini ta’minlash vazifasini ham bajaradi.
Yostiqlarning qalinligi tashqi bosimni ko‘tarib turish qobiliyatidan kelib chiqib belgilanadi.
Masalan, tasmasimon poydevor ostida qo‘llaniladigan yostiqning balandli quyidagi taqribiy ifoda yordamida aniqlanishi mumkin:
, (13. 1)
bunda: N'- inshootdan (yostiq og‘irligi bilan birgalikda) zaminga uzatiluvchi yuk;
R - zaminning yuk ko‘tarish qobiliyati;
B - poydevor tag yuzasining eni;
a - yostiqning bikrlik burchagi.
Qum va tosh-shag‘alli yostiqlar qalinligi 20 sm dan oshmaydigan kichik qatlamchalarni zichlash orqali barpo etiladi. Har qaysi qatlamcha to‘kilgach, suv bilan namlanib, maxsus gurzilar, yoki titratkichlar yordamida zichlanadi. Yostiq barpo etish uchun qaziladigan xandaq gruntning hajmini tejash maqsadida imkoni boricha tik holatda bo‘lishi lozim.
Ayrim hollarda yostiq sifatida qumli loylar, yoki loyli qumlardan ham foydalanish maqsadga muvofiq. Ularni o‘rnatish jarayoni ham qumlarnikiga monand bo‘ladi. Loysimon gruntdan barpo etiluvchi yostiqlarni sizot suvlarining sathi chuqur joylashgan maydonlarda qo‘llash mumkin, aks holda suv oqib kelishi oqibatida, grunt qo’shimcha namlanib yostiq mustahkamlik xususiyatini yo’qotadi.
Ba’zan yostiq kengligini qisqartirish maqsadida uning atrofida sun’iy to‘siqlardan foydalaniladi. Ularning vazifasi yostiq tarkibidagi gruntning yon tomonga siljishiga yo‘l qo‘ymay, cho‘kish miqdorini kamaytirishdan iborat (13.2-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |